O`zbekiston Respublikasi fuqaroligi
Reja:
1. Fuqarolik huquqi manbalari tushunchasi va turlari
2. Fuqarolik qonunlarining vaqt, hudud va shaxslar bo`yicha amalda bo`lishi
3. Fuqarolik huquqida qonun analogiyasi va huquq analogiyasi
4. Fuqarolik-huquqiy normalarni sharhlash va ularning turlari
Fuqarolik huquqining manbalari deganda, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan normativ hujjatlar tushuniladi.
Huquq manbaini tashkil etgan xalqning erki davlat erki bo`lib, ma`lum shaklda qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda ifodalanadi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida: “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir”, deb normalangan.
Huquq manbalari to`g`risida so`z yuritilganda, birinchi navbatda qonun ustida to`xtalish lozim. O`zbekiston Respublikasida qonunlar Oliy Majlis – hokimiyatning qonun chiqaruvchi oliy organi tomonidan amalga oshiriladi. Qabul qilinadigan bu qonunlar barcha uchun majburiy bo`lgan normativ hujjatlardir.
O`zbekiston Respublikasining asosiy qonuni – Konstitutsiya barcha qonunchilik uchun, jumladan, fuqarolik qonunchiligi uchun ham rahbariy manba hisoblanadi. Konstitutsiya normalari u yoki bu munosabatni umumiy holda, konstitutsiyaviy darajada normalaydi, fuqarolik huquqiga doir qonunlar esa, uni to`ldiradi, aniqlashtiradi. Mamlakatimizning Asosiy qonunida huquqning, shu jumladan, fuqarolik huquqining asosiy tamoyillari mustahkamlangan. Konstitutsiyaning 18,27,36,42,53,54,56-moddalari bevosita fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan. Masalan, Konstitutsiyaning 18-moddasida teng huquqlilik to`g`risida, 27-moddasida inson sha`ni, qadr-qimmatining qadrlanishi to`g`risida so`z boradi. 36-moddada esa, har bir shaxsning mulkdor bo`lishi mustahkamlab qo`yilgan. Vorislik huquqi qonun bilan kafolatlanishi ta`kidlangan.
42-moddada bo`lsa ijod erkinligi o`z ifodasini topgan. Konstitutsiyaning 53-moddasi alohida diqqatga sazovordir. Eng avvalo, Konstitutsiyada bir marta va ana shu moddada “bozor munosabatlari” o`z aksini topgan. Undan kelib chiqib, moddadagi quyidagi holatlarni alohida ko`rsatish mumkin:
O`zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakldagi mulk tashkil etishi;
iste`molchilar huquqlarining ustuvorligi;
iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish va mehnat qilish erkinligi;
barcha mulk shakllarining tengligi va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishi;
xususiy mulkning boshqa mulk shakllari kabi daxlsizligi va davlat muhofazasida ekanligi;
– mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkinligi kabi qoidalar. Bu holatlar keyinchalik mos ravishda O`zbekiston Respublikasining joriy qonun va qonunosti hujjatlarida o`z aksini topdi1. Konstitutsiyaning 54-moddasida esa mulk huquqining mazmuni bevosita o`z ifodasini topgan. Bunga asosan mulkdor o`ziga tegishli mol-mulkni o`z xohishiga ko`ra egallash, foydalanish, tasarruf qilishga haqli. Ayni paytda mulkdor huquqining chegaralari ham Konstitutsiyada belgilab berilgan. Ya`ni, mol-mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning qonun bilan qo`riqlanadigan huquq va manfaatlariga putur yetkazmasligi lozim.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning qabul qilinishi davlatimizda yangi ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarning paydo bo`lishiga poydevor bo`ldi.
Eng muhimi, Konstitutsiya fuqarolik huquqining asosiy ishtirokchisi hisoblangan inson va uning manfaatlarini oliy qadriyat deb hisoblaydi.
O`zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi ham konstitutsiyaviy tamoyillarga asoslangan holda bozor iqtisodiyoti sharoitiga mos keladigan mexanizmni yaratishga qaratilgan. U fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solishda alohida o`rinni egallaydi.
“Qabul qilinadigan qonunlar va qonunchilikka oid hujjatlar o`zaro bog`langan bo`lishi va ijtimoiy yo`naltirilgan yaxlit bozor mexanizmining huquqiy tizimini jadallik bilan yaratishga ko`maklashish kerak”2, – degan edi I.A.Karimov. Bozor munosabatlarining butun tizimini birlashtirishga va uning ichki uyg`unligini ta`minlashga xizmat3 qiladigan, fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan, bozor iqtisodiyoti munosabatlari talablariga qaratilgan kodifikatsiyalashirilgan qonun bu – Fuqarolik kodeksidir.
Amaldagi Fuqarolik kodeksi shaxslarning mulkiy huquqlari bilan bog`liq bo`lgan masalalarni yangicha hal qildi. Unda:
xilma-xil fuqarolik-huquqiy bitimlar tuzishda keng erkinlik va imkoniyatlar berilganligi;
fuqarolarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishini keng tartibga solish;
fuqarolarning huquq layoqati kengaytirilganligi, ular yollanma mehnatdan foydalanish, xususiy mulkka, jumladan, xususiy korxonalarga ega bo`lishi, mulk shakllarining tengligi va uning himoyasi kafolatlanganligi;
fuqarolik-huquqiy munosabat subyekti bo`lgan yuridik shaxslarga o`z faoliyatlarini amalga oshirishda, xo`jalik ishlarini yuritishda keng imkoniyatlar berilganligini ta`kidlab o`tish joiz.
Fuqarolik kodeksining tuzilishi bozor iqtisodiyoti talablariga mos keladigan fuqarolik huquqi tizimiga monanddir.
O`zbekiston Respublikasining joriy qonunlari ham fuqarolik huquqining manbai hisoblanadi. Ularga Mulkchilik to`g`risidagi, Ijara to`g`risidagi, Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risidagi, Qimmatli qrog`ozlar va fond birjalari to`g`risidagi, Garov to`g`risidagi, Lizing to`g`risidagi va boshqa qator qonunlar kiradi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasida “O`zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo`lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi” deb ko`rsatilgan. Shunga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan va fuqarolik-huquqiy xarakteriga ega bo`lgan qonun hujjatlari fuqarolik huquqining manbaini tashkil etadi. Yuqoridagi qonunlar bunga misol bo`la oladi. Bugungi kunda yuzlab qonunlar fuqarolik-huquqiy xarakterdagi qonunlardir.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 94-moddasida “O`zbekiston Respublikasining Prezidenti Konstitutsiyaga va qonun-larga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega bo`lgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi”, deb belgilangan. Prezident tomonidan chiqariladigan mazkur farmonlar qonun osti hujjatlari deb yuritiladi. Prezident farmonlari turmushda, hayotda, xalq xo`jaligida, iqtisodiyotda, ishlab chiqarishda kechiktirib bo`lmaydigan munosabatlarni tartibga solish va mustahkamlash ehtiyojidan kelib chiqadi. Ularning aksariyati fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solayotganligi uchun fuqarolik huquqining manbai bo`lib hisoblanadi.
Bunga yaqqol misol qilib, “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 1994 yil 21 yanvardagi Farmonini ko`rsatish mumkin. Amalda ushbu farmon O`zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ikkinchi bosqichini boshlab berdi.
O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasida “Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonunlarga muvofiq O`zbekiston Respublikasi hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo`lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi”, deb ko`rsatilgan. Shunga binoan Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma`naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, qonunlar, Oliy Majlisning boshqa qarorlari va Prezidentning farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta`minlash yuzasidan qaror va farmoyishlar chiqaradi4. Bunga misol qilib, Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 sentabrdagi “Qishloq xo`jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan tayyorlov, xizmat ko`rsatish tashkilotlari o`rtasida shartnomalar tuzish, ularni ro`yxatdan o`tkazish, bajarish shuningdek, ularning bajarilishi monitoringini olib borish tartibi to`g`risida”gi Nizomni tasdiqlash haqida qabul qilingan 383-sonli qarorini keltirish mumkin._
Respublika vazirliklari, Davlat qo`mitalari, idoralari o`z Nizomlari asosida chiqargan tegishli normativ hujjatlari ham fuqarolik huquqi manbalari hisoblanadi. Ayniqsa, fuqarolik huquqi sohasida Moliya, Tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xo`jaligi vazirliklari, Davlat mulk qo`mitasi, “O`zbekengilsanoat” uyushmalari birmuncha ko`proq me`yoriy hujjatlar chiqaradilar. Ular tomonidan chiqarilgan me`yoriy hujjatlar mazkur soha uchun umummajburiy tusda bo`ladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimliklari o`ziga berilgan vakolatlar doirasida tegishli hududdagi barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi zarur bo`lgan fuqarolik-huquqiy xarakterga ega bo`lgan qarorlar qabul qiladilar. Bunday qarorlar ham fuqarolik huquqining manbalari hisoblanadi.
Fuqarolik qonun hujjatlarida tegishli normalar bo`lmagan taqdirda, bu munosabatlarni tartibga solishda mahalliy odat va an`analar qo`llaniladi (FKning 6-moddasi).
Tadbirkorlik faoliyatining biron-bir sohasida vujudga kelgan va keng qo`llaniladigan xulq-atvor qoidasi biron-bir hujjatda yozilgan – yozilmaganidan qat`i nazar, ish muomalasi odati hisoblanadi.
Fuqarolik qonun hujjatlarida tegishli normalar bo`lmagan taqdirda bu qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlarga nisbatan mahalliy odat va an`analar qo`llaniladi. Biroq, qo`llaniladigan ish odatlari, mahalliy odatlar va an`analar qonun hujjatlari normalariga, shartnoma shartlari mazmuniga zid bo`lmasligi kerak (FKning 6-moddasi).
Fuqarolik qonun hujjatlarini to`g`ri sharhlash va tadbiq etish uchun sud tajribasi muhim ahamiyatga ega bo`lsa ham, ammo u huquq manbai bo`lib hisoblanmaydi. Fuqarolik ishi bo`yicha sud tomonidan chiqarilgan qaror faqat mazkur ish uchungina majburiydir. O`zbekiston Respublikasining amaldagi “Sudlar to`g`risida”gi qonuni 17-moddasida “Oliy sud Plenumi sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini ko`rib chiqadi va qonun hujjatlarini qo`llash masalalari bo`yicha tushuntirishlar beradi”, deb belgilangan. Bunga binoan Oliy sud Plenumi sud ishlarini ko`rishda qonunlarni qo`llash masalalari yuzasidan sudlarga rahbariy tushuntirishlari fuqarolik huquqining manbalari bo`lmasa ham, barcha sudlar uchun majburiy hisoblanadi va sudlar tomonidan og`ishmay ijro etilishi shart. Bunga misol sifatida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1997 yil 2 maydagi “Xususiylashtirilgan turar-joylarga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf qilish bilan bog`liq ishlar bo`yicha sud amaliyoti haqida”gi qarorini ko`rsatish mumkin (mazkur qarorga 11.09.98 yilda o`zgartirishlar kiritilgan).
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi “Sudlar to`g`risida”gi qonunining 42-moddasi mazmuniga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Oliy xo`jalik sudi xo`jalik sudlov sohasida sud hokimiyatining eng yuqori organi bo`lib, u tomondan qabul qilingan hujjatlar qat`iy va O`zbekiston Respublikasining barcha hududida bajarilishi majburiydir.
Oliy xo`jalik sudi Plenum majlisida dasturiy ko`rsatmalar qabul qiladi. Shuni aytish kerakki, O`zbekiston Respublikasining “Sudlar to`g`risida”gi qonunining 11-moddasida “O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo`jalik sudi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega” deb ko`rsatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |