Aim.uz
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati faoliyatining tashkiliy huquqiy masalalari
Darhaqiqat, qonun chiqaruvchi organ davlat mexanizmida asosiy o`rin tutishi isbot talab qilmaydigan hol. Buning sababi shundaki, u ijro etuvchi hokimiyat amalga oshirishi lozim bo`lgan va sud hokimiyatining faoliyati uchun qonunchilik asosi bo`lib xizmat qiladigan umummajburiy talablarni o`rnatadi. Shuningdek, Oliy Majlis nazorat-tahlil, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, fuqarolar murojaatlarini ko`rib chiqish bo`yicha faoliyat olib boradi1[37].
Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish Qonunchilik palatasi ishini to`g`ri tashkil etish masalalari bilan bevosita bog`liqdir. Qonunchilik palatasi vakolatlarining samarali bajarilishi ularning faoliyatini to`g`ri tashkil etilishini taqozo etadi.
Qonunchilik palatasi ishini tashkil qilishning muhim jihatlaridan biri – bu deputatlar o`rtasida vazifalarning to`g`ri taqsimlanishidir. Bunday taqsimotning asosiy maqsadi har bir deputatlarning vazifalarini aniq-tiniq bo`lishiga erishishdir.
Odatga ko`ra, boshqa davlatlarda ham vazifalar quyi palata tarkibidagi rahbar shaxslar va devon xodimlari borligini nazarda tutgan holda taqsimlanadi. Palataning yuqoridagi tarkibi chet davlatlar tajribasiga xos bo`lib, uning ishini unumli tashkil etishda raisning roli ayniqsa muhim.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri:
Qonunchilik palatasi va uning Kengashi majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlarni ma'qullash uchun Senatga yuboradi;
Qonunchilik palatasi qo`mitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
O`zbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosarlari o`rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bog`liq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Qonunchilik palatasi matbuot organlarining ustavlarini va tahrir hay'atlari tarkibini hamda ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
Kengash bilan kelishilgan holda Qonunchilik palatasi matbuot organlarining bosh muharrirlarini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi;
Qonunchilik palatasi matbuot organlarining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
Senat, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan o`zaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish ko`radi;
Qonunchilik palatasi va uning Kengashi qarorlarini imzolaydi;
Qonunchilik palatasi devoni faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi, deputatlar va Qonunchilik palatasi devoni ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi va h.k.
Qonunchilik palatasi Spikeri o`zining vakolatiga taalluqli masalalarni Kengash muhokamasiga kiritishga haqli. Qonunchilik palatasi Spikeri vakolatlarining kengligi uning o`rinbosarlari o`rtasida vazifalarini to`g`ri taqsimlashni taqozo qiladi.
Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosarlari Qonunchilik palatasi Spikerining topshirig`iga binoan uning ayrim vazifalarini bajaradi va Qonunchilik palatasi Spikeri yo`qligida yoki o`z vazifalarini amalga oshirishi mumkin bo`lmagan hollarda uning vazifasini bajarib turadi degan qoida mustahkamlangan. Umuman, qonunchilik palatasi, uning organlari va deputatlarining vazifalarni bajarish Qonunchilik palatasi devoni xodimlari tomonidan qator tadbirlarni amalga oshirishini taqozo qiladi.
Qonunchilik palatasi faoliyatini tashkil etishda uning devonining o`rni kattadir. Chunki Qonunchilik palatasi, uning organlari va deputatlar faoliyatining tashkiliy, axborot, moddiy-texnika ta'minotini Qonunchilik palatasi devoni amalga oshiradi. Qonunchilik palatasining devoni palata rahbariyati huzuridagi kotibiyatni, qo`mitalar bilan ishlash, yuridik, nazorat-axborot xalqaro aloqalar, matbuot va tarjimalar, umumiy bo`lim va buxgalteriyani o`z ichiga oladi2[38]. Devoning bunday tuzilishi va ularning bajaradigan vazifalari palataning ishini samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Lekin rivojlangan davlatlar parlamentlari devonlari faoliyatining tahlili mazkur nizomga ayrim o`zgartishlar kiritish lozimligini anglatadi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy shakli – bu uning majlislaridir. Uni o`tkazishning o`zi Qonunchilik palatasining faoliyati masalalarni birgalikda muhokama qilish, to`g`ri o`tkazish esa erkin muhokama, oshkoralik, va jamoatchilik fikrini hisobga olish prinsiplarini amalda ro`yobga chiqarishga xizmat qiladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislari tegishincha Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay va Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida o`tkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar o`tkaziladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislari, agar ular ishida barcha deputat va Senatorlar umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan bo`lsa, vakolatli hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda barcha deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislarida, shuningdek ularning organlari majlislarida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining a'zolari, Respublika Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo`jalik sudi raislari, Bosh prokurori, Markaziy bank boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat Raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati alohida-alohida majlis o`tkazadilar. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo`shma majlislari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq so`zlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq so`zlaganda o`tkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qo`shma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham o`tkazilishi mumkin.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qarorlari Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senat a'zolari umumiy sonining ko`pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Shuning uchun deputatlarni majlislarda muntazam va samarali ishtirokini ta'milash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Zero, Qonunchilik palatasi kollegial organ bo`lib, uning vakolatlariga doir masalalar albatta deputatlarning birgalikdagi muhokamasi uning faoliyati asosiy prinsiplaridan biri hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi majlislaridagi masalalar bo`yicha ovoz berish shakl va uslublarini belgilash katta ahamiyatga ega. “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Reglamenti to`g`risida”gi qonunning 11-moddasiga ko`ra Qonunchilik palatasining qarorlari uning majlislarida ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ochiq ovoz berish nomma-nom, ovozlarni hisoblashning elektron tizimidan foydalangan holda yoki yashirin ovoz berish bulletenlaridan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.
Qoida tariqasida, Qonunchilik palatasi majlisida ovozlarni hisoblashning elektron tizimidan foydalanilishi ustidan nazoratni Qonunchilik palatasi deputatlari jumlasidan bo`lgan guruh amalga oshiradi. Bu guruh ovozlarni to`g`ri tashkil etish uchun javob beradi. Agarda deputatlarda elektron tizimni to`g`ri ishlashi haqida shubha paydo bo`lsa, ular bulletenlardan foydalangan holda ovoz berishni tanlashlari mumkin.
“O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to`g`risida”gi qonunning 17-moddasiga ko`ra Qonun loyihalarini tayyorlash ishini olib borish, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko`rib chiqish va tayyorlash, O`zbekiston Respublikasi qonunlari hamda palata tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun Qonunchilik palatasining vakolatlari muddatiga Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan rais, uning o`rinbosari va a'zolardan iborat tarkibda qo`mitalar saylanadi.
Milliy qonunchiligimizda bu vazifalarni amalga oshirish uchun qo`mitalar tashkil qilinsa, bir qancha xorijiy mamlakatlarda (Yaponiya, Fransiya, Italiya) bu vazifalar komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi3[39].
Qo`mita raisi, uning o`rinbosari va qo`mita a'zolari lavozimlari deputatlarning qaysi partiya yoki guruhga mansubligini hamda saylovda saylovchilarning qancha ovozini olganligini inobatga olgan holda yaxlit (umumiy) qaror bilan belgilanadi.
“O`zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi Reglamenti to`g`risida”gi qonuni 7-moddasining uchinchi qismiga ko`ra Qonunchilik palatasida reglament; Budjet, bank va moliya masalalari; Iqtisodiy masalalar va tadbirkorlik; Qonunchilik va sud-huquq masalalari; Mehnat va ijtimoiy masalalar; Mudofaa va xavfsizlik masalalari; Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo`mitalari tuzilishi shart. Qonunchilik palatasida boshqa qo`mitalar ham tuzilishi mumkinligi ko`rsatilib, ularning umumiy soni, qoida tariqasida, o`ntadan oshmasligi kerakligi mustahkamlangan.
Mazkur qoidaga asosan Qonunchilik palatasida Budjet va iqtisodiy islohotlar, Qonunchilik va sud-huquq masalalari, Mehnat va ijtimoiy masalalar, Mudofaa va xavfsizlik masalalari, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar, Sanoat, qurilish, va savdo masalalari, Agrar, suv xo`jaligi masalalari va ekologiya, Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitalari tuzilgan4[40].
Shuningdek, Qonunchilik palatasi Normativ-huquqiy atamalar komissiyasini tuzilgan. Qonunchilik palatasi muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzishi mumkinligi mustahkamlangan.
Qonunchilik palatasi deputatlari siyosiy, professional va boshqa asosda fraksiyalar va deputatlar guruhlari shaklida deputatlar birlashmalarini tuzishi mumkin.
Demak, mamlakatimiz parlamenti faoliyati bilan bog`liq qonun hujjatlariga muvofiq, deputatlar birlashmalarining ikki shakli-fraksiyalar va deputatlar guruhlari mavjud.
Fraksiya siyosiy partiyadan ko`rsatiladigan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda ro`yxatdan o`tkazilgan deputatlar birlashmasidir. Deputatlar guruhlarini Qonunchilik palatasi tarkibiga saylangan, siyosiy partiyadan ko`rsatilmagan deputatlar tuzishi mumkin.
“O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to`g`risida”gi qonunning 9-moddasiga muvofiq, Qonunchilik palatasining kamida 9 nafar deputati fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish huquqiga ega. Qonunchilik palatasining deputati faqat bir fraksiya yoki deputatlar guruhining a'zosi bo`lishi mumkin. Lekin, bundan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining har biri fraksiya yoki deputatlar guruhi a'zosi bo`lishi kerak, deb xulosa qilish kerak emas. Binobarin, saylangan deputat hech bir fraksiya yoxud deputatlar guruhiga kirmaslikka ham haqli.
“O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi to`g`risida”gi qonunning 24-moddasiga binoan Qonunchilik palatasida bugungi kunga qadar beshta siyosiy partiya fraksiyalari tuzildi. Bular O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasi – 40 kishidan iborat5[41], O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 27 kishidan iborat6[42], Fidokorlar milliy-demokratik partiyasi – 18 kishidan iborat7[43], Milliy tiklanish partiyasi – 11 kishidan iborat8[44], "Adolat" sotsial demokratik partiyasi – 10 kishidan iborat9[45] fraksiyalaridir.
Qonunchiligimizning e'tiborga loyiq jihatlaridan yana biri shuki, Qonunchilik palatasidagi deputatlar guruhlarining vakolatlari doirasi siyosiy partiyalar farksyailari vakolatlari doirasiga tenglashtirildi. Ayni chog`da, ularning fraksiyalar bilan bir qatorda va ular bilan teng ravishda ish yurita olishining huquqiy asoslari mustahkamlandi.
Senat faoliyatini tartibga soluvchi hujjat “O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati to`g`risida” Konstitutsiyaviy qonun va «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasining Qonunidir.
«O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to`g`risida»gi qonunda Senat tomonidan o`z faoliyatini tashkil etish hamda palataning ichki tartib qoidalari bilan bog`liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish uchun asos hisoblanadi. Senat faoliyatini tashkil etish prinsiplari va tashkiliy shakli, Raisni va uning o`rinbosarlarini saylash va muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish tartibi, Senat Kengashi, uning qo`mitalari va komissiyalarini tuzish to`g`risidagi qoidalar aks ettirilgan. Qonunda Senat majlisida masalalarni, qonunlarni va palata qarorlarini ko`rib chiqish tartibi belgilangan. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish, mansabdor shaxslarni o`z vakolatlariga muvofiq tayinlash (saylash); O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini tasdiqlash to`g`risidagi masalalarni ko`rib chiqish hamda Konstitutsiya bilan palataning birgaliqdagi va mutlaq vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni ko`rib chiqish tartibi belgilangan. Shuningdek, qonunda Senat tomonidan nazorat qilish sohasidagi vakolatlarni, xalqaro aloqalarni amalga oshirish tartibi va xarajatlar smetasining tasdiqlanishi tartibga solingan.
Senatga doir huquqiy manbalar tizimida O`zbekiston Respublikasining 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida»gi Qonuni10[46] alohida o`rin tutadi. Birinchi bo`limda Qonunchilik palatasiga o`tkaziladigan saylov tartibga solinadi. Tegishlicha ikkinchi bo`limda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatini shakllantirish tartibi belgilanadi .
Mazkur bo`limda Senatni shakllantirishning umumiy konstitutsiyaviy ta'rifi berilgan. Quyidagi, ya'ni: saylov o`tkazish muddatlari; Senat a'zoligiga saylanadigan nomzodlarga qo`yiladigan talablar ; saylovni tashkil etishning umumiy tartibi kabi normalar belgilangan. Saylov yakunlari xususida yakunlarni chiqarish, ular ustidan shikoyat berish va Senatni shakllantirish yakunlarini e'lon qilish tartibi belgilangan. Takroriy saylov o`tkazish zaruriyati yuzaga keladigan shart-sharoitlar va uni o`tkazish tartibi aniqlangan. Bo`shab qolgan o`rinlarga Senat a'zolarining saylovini o`tkazish tartibi belgilab qo`yilgan. Shuningdek belgilab qo`yilganki, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo`shma majlislarida Senat a'zolarini saylash tartibi to`g`risidagi nizom Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqiladi .
Bundan tashqari, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga muvofiq o`tkaziladi.
O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Referendum yakunlari va davlat jamiyati tashkil etishning asosiy prinsiplari», «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to`g`risida», «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisga saylovlar to`g`risida»gi Konstitutsiyaviy Qonunlar hamda «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to`g`risida»gi Qonunlar Senatni huquqiy jihatdan tartibga solib turuvchi manbalardir.
Senatning tuzilmaviy-funksional tizimi asoslari O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida aks ettirilgan. Jumladan. O`zbekiston Respublikasining 2003 yil 24 aprelda qabul qilingan «O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi Qonuniga asosan tuzatish va ko`shimchalar kiritilgan O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 86-moddasi Senat Raisi va uning o`rinbosarlari misolida palata rahbariyatini shakllantirish tartibini, Raisning vakolatlarini belgilab beradi. 87-modda esa Senatning muxokamaga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko`rib chikish va tayyorlash, shuningdek O`zbekiston Respublikasi Qonunlari hamda Senat tomonidan kabul kilinadigan karorlarning ijrosini nazorat kilish uchun o`z vakolatlari muddatiga senatorlar orasidan qo`mitalarni saylashini (shakllantirishni) tartibga soladi. Senat zarur hollarda muayyan vazifalarni bajarish uchun senatorlar orasidan komissiyalar xam tuzishi mumkin.
Senatning Konstitutsiya va «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan belgilangan bazaviy tuzilmasi o`z tarkibida Senat Raisi, uning o`rinbosarlari, Kengash. qo`mita va komissiyalarni kamrab oladi.
«O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasiga binoan Senatning O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi ochadigan va Senat Raisi saylangunga qadar unga raislik qiladigan birinchi majlisida muvaqqat kotibiyat va sanoq komissiyasi saylanadi. Keyin elektron tizimdan foydalanish ustidan muvaqqat nazorat qilish guruhi saylanadi va Senat Raisi hamda uning o`rinbosarlarini saylash marosimiga kirishiladi.
Senat Raisligiga va uning o`rinbosarligiga nomzodlar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan senatorlar orasidan ko`rsatiladi .
Nomzod, agar u yashirin ovoz berish natijasida senatorlar umumiy sonining yarmidan ko`p ovozini olgan bo`lsa Senat Raisi yoki uning o`rinbosari etib saylangan hisoblanadi. Senat Raisining o`rinbosarlaridan biri Qorakalpog`iston Respublikasi vakili bo`lishi lozim .
Senat Raisi o`z lavozimidan yashirin ovoz berish orkali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko`prog`ining ovozi bilan uning o`rinbosarlari esa yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining ko`pchilik ovozi bilan qabul qilingan qaroriga binoan muddatidan oldin ozod etilishi mumkin. Senat Raisi yoki uning o`rinbosarlarini lavozimidan muddatidan oldin ozod etish to`g`risidagi masala O`zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga yoki senatorlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan Senat tomonidan ko`rib chiqiladi Konstitutsiyaning 86-moddasi va «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonunining 14-moddasiga binoan Senat Raisiga Senat ishini tashkil etishda asosiy mas'uliyat yuklatilganligi uchun ham ushbu mexanizmda Senat Raisining roli muhim bo`lishi lozim. Rais sifatida u Senat va uning Kengashi majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi; Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi; Senat ma'qullagan qonunlarni imzolash uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboradi; Senat qo`mitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi; Senat Raisining o`rinbosarlari o`rtasida vazifalarni taqsimlaydi: parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bog`liq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi; Qonunchilik palatasi. boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan o`zaro munosabatlarda Senat nomidan ish ko`radi ; Senat va uning Kengashi qarorlarini imzolaydi.
Senat faoliyatini samarali tashkil etish, qo`mitalar ishini muvofiqlashtirib borish, kun tartibi yuzasidan takliflar tayyorlash, qonunlarni dastlabki tarzda ko`rib chiqishni tashkil etish maqsadida Senat Kengashi tuziladi.
Senat Kengashining tarkibiga Senat Raisi, uning o`rinbosarlari va Senat qo`mitalarining raislari kiradi.
Senat Kengashiga Senat Raisi rahbarlik qiladi, u Kengashning majlislarini olib boradi va uning qarorlarini imzolaydi.
Kengashning qator aniq funksiyalari «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunida ham nazarda tutilgan. Ulardan biri masalan. palata majlisining kun tartibi loyihasini tayyorlashdan iboratdir .
Senat majlisining kun tartibi loyihasi Senat majlisida ko`rib chiqilipsh lozim bo`lgan masalalar va ularning ko`rib chiqilishi navbati har bir masalani ko`rib chiqishga tayyorlash uchun mas'ul bo`lgan palata qo`mitalari, ma'ruzachi shuningdek boshqa ma'lumotlar ko`rsatilgan holda Senat Kengashi tomonidan shakllantiriladi. Senat Majlisining kun tartibi palataning qarori bilan tasdiqlanadi.
Konstitutsiya, qonunlar va karorlarning ko`rib chikilishi tartibiga binoan mas'ul qo`mitaning xulosasi Senat Kengashiga takdim etilib, Kengash Qonunni Senat majlisining kun tartibi loyihasiga kiritish-kiritmaslik to`g`risida qaror qabul kiladi.
Shuningdek, Senat majlislarining oralig`ida uning Kengashi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining senatorni jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki unga nisbatan sud tartibida qo`llaniladigan ma'muriy jazo choralarini qo`llashga rozilik olish to`g`risidagi taqdimnomalari ham ko`rib chiqiladi
Xulosa kilib ta'kidlash lozimki, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatini tuzish O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tizimidagi palataning maqsad va vazifalari bilan chambarchas bog`liq holda olib boriladi. O`z faoliyatini tashkil etish va ichki tartib qoidalariga bog`liq masalalar yuzasidan yuqori palata mutlaq vakolatlarga ega ekanligi, shuningdek, ularning reglament shaklida tasdiqlanipsh munosabati bilan ushbu tuzilma nihoyatda ixcham tarkib topadi. Shuning uchun uning Senat Raisi, Rais o`rinbosarlari. Kengash, qo`mitalar va komissiyalardan iborat bazaviy tuzilmasi Senat ishi davomida yuzaga kelgan ehtiyojlarga bog`liq holda qo`shimcha shtatlarga ega bo`lishi mumkin.
Senat qo`mitalari va komissiyalari konstitutsiyaviy maqomga ega. Bunda qo`mitalar amalda Senatning doimiy faoliyat yurituvchi tarkibiy birligi hisoblanadi.
Birinchisi - Senatga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko`rib chiqish va tayyorlash. Ikkinchisi - O`zbekiston Respublikasi qonunlari va Senat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilib borish.
Qo`mitalar rais, uning o`rinbosarlari va qo`mita a'zolaridan iborat tarkibda senatorlar orasidan palataning vakolatlari muddatiga saylanadi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatida reglament bo`yicha, budjet va ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo`yicha. tashkiliy-ma'muriy masallar bo`yicha, qonunchilik va sud-xukuk masalalari bo`yicha. mudofaa va xavfsizlik masalalari bo`yicha, tashki siyosiy masalalar bo`yicha qo`mitalar albatta tuziladi.
O`zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi to`g`risidagi qonun hujjatlari tuzilishi shartligi «O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan qo`mitalardan tashqari boshqa qo`mitalar xam tuzilishi mumkinligiga yo`l ko`yadi, ammo baribir ularning sonini, qoida tarikasida, sakkiztadan ko`paytirmasligi shart.
Senat qo`mitalarini shakllantirishning hukukiy tartibga solinishi shu bilan kifoyalanadi.
Aim.uz
Do'stlaringiz bilan baham: |