«Prinsipal-agent» muammosi hal etilishi muqobil modellardagi tashkilotning ichki tuzilishi asosida yotadi. Firma ichki tuzilishining quyidagi to`rtta varianti keng tarqalgan:
unitar (U-tuzilma),
xolding (X-tuzilma),
multidivizional (M-tuzilma)
aralash (A-tuzilma).
Unitar tuzilma - hukmronlik munosabatlarining maksimal darajada markazlashuvini nazarda tutadi. Barcha asosiy qarorlar «prinsipal» tomonidan qabul qilinadi, uning o`zi nazoratni ham amalga oshiradi. Agar «agentlar» faoliyatini nazorat qilish huquqi boshqalarga o`tkazilsa, u holda funksional belgi bo`yicha – funksional bo`linmalar boshliqlariga: sotish bo`limi boshlig`i, bosh muhandis, bosh buxgalter va h.k.ga beriladi. Shunday qilib, funksional bo`linmalar rahbarlari bir vaqtning o`zida firma rahbariyatiga nisbatan «agentlar», bo`lib topshiriqlarning bevosita ijrochilariga nisbatan esa - «prinsipal» hisoblanadi.
Unitar tashkilotda «prinsipal-agent» muammosini hal etishning yagona varianti nazorat qilishning yangi, past xarajatlari bilan bog`liq usullarini ishlab chiqish asosida nazoratni kuchaytirishdan iborat.
Xolding tuzilmasi qarorlar qabul qilish va «agentlar» harakatlari ustidan nazorat qilish jarayonini imkon qadar markazlashgan tizimdan chiqarishni o`zida namoyon etadi. Amalda «prinsipal» faqat moliyaviy oqimlarni va «agentlar» faoliyatining moliyaviy natijalarini nazorat qilish vakolatini o`zida saqlab qoladi.
«Agentlar» barcha qarorlarni qabul qilishda chetda qoladi, foydani taqsimlash to`g`risidagi qaror bundan mustasno. Boshqacha aytganda, «prinsipal» «agentlar» faoliyatini bevosita emas, balki «agentlar» musobaqasini tashkil etish orqali nazorat qiladi.
Xolding tuzilmasi hatto bir firmaning bo`linmalari o`rtasida to`g`ridan to`g`ri raqobatni ham istisno etmaydi. Ta’kidlash lozimki, xolding bo`linmalari darajasida «prinsipal» (bir vaqtning o`zida firma rahbariyati uchun «agent» hisoblangan bo`linma boshlig`i) va «agent» o`rtasidagi munosabatlarning unitar xilini ham uchratish mumkin.
Multidivizional tuzilma. XX asrning eng ahamiyatli tashkiliy-boshqaruv innovatsiyasi bo`lib 20-yillarda Per Dyupon («Du Pont» rahbari) va Alfred Sloun («General Motors» rahbari) tomonidan multidivizional tuzilmaning tashkil etilishi hisoblanadi.
Multidivizional tuzilma – «mahsulotning xili, savdo markasiga qarab yoki jug`rofiy belgi bo`yicha o`z xarajatini qoplash va o`zini o`zi moliyalash tamoyili asosida faoliyat ko`rsatuvchi yarim muxtor ishlab chiqarish bo`linmalarini tashkil etishni nazarda tutadi».
Do'stlaringiz bilan baham: |