«Energetika» fakulteti 1967 yilda institutda uch mutaxassislik uchun umumiy bir fakultet tashkil qilingan edi. 1969 yil sentabr oyida mustaqil «Energetika» fakulteti ajralib chiqdi. Yangi fakultet tarkibiga "Chizma geometriya va chizmachilik", "Energetika fanlari", "Fizika" va "Jismoniy tarbiya" kafedralari kiritilgan edi.
Fakultetning birinchi dekani lavozimiga institut tashkil topgan kundan buyon ishlab kelayotgan texnika fanlari nomzodi, dotsent Ergash G‘ofurovich Raximov saylangan.
1974-1977 yillarda fakultet dekani lavozimiga texnika fanlari doktori, professor, Muhsin Mo‘minovich Muxitdinov tayinlangan.
Fakultetda ishlab chiqarish korxonalari bilan shartnomalar asosida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishni birinchi bo‘lib professor M.M.Muxitdinov boshlab bergan.
1977 yildan 1979 yilgacha dekan lavozimida texnika fanlari nomzodi, dotsent Maxmud Mirzayevich Matbabayev ishlagan. M.M.Matbabayev fakultetdagi o‘quv jarayonini yaxshilashga katta e’tibor berib, uning tarkibini o‘zgartirishga katta hissa qo‘shdi.
Energetika fakultetida texnika fanlari nomzodi, dotsent J.M.Nigmatov 1979 yildan 1982 yilgacha va 1989 yildan 1992 yillargacha dekanlik lavozimida ishladi. Fakultet rahbari sifatida J.M.Nigmatov o‘quv- uslubiy ishlar rivojlanishiga katta e’tibor berdi.
Fizika-matematika fanlar doktori, professor Tojiboy Mirzamaxmudovich Mirzamaxmudov fakultetni 1982-1985 yillarda boshqardi. Bu davrda fakultetda ilmiy-tadqiqot ishlariga e’tibor kuchaytirildi. Fakultet tarkibiga kiruvchi "Fizika" kafedrasida yarim o‘tkazgichli plyonkalarning yangi turlarini yaratishga katta ahamiyat berildi va yuqori imkoniyatlarga ega bo‘lgan elektron mikroskop o‘rnatilib, ilmiy-tadqoqot ishlarini bajarishda keng qo‘llanildi.
1985-1986 yillarda fakultetga texnika fanlari nomzodi, dotsent Nosir Kamolovich Kamolov rahbarlik qildi. Bu davrda fakultet talabalarini o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlashga va ishlab chiqarish korxonalarida xo‘jalik shartnomasi asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga katta e’tibor berildi.
Fakultetga texnika fanlari nomzodi, dotsent Nazirjon Mukarramovich Aripov dekanlik qilgan 1987-1989 yillarda "Elektr ta’minoti" mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv-uslubiy komplekslar ishlab chiqildi va o‘quv jarayoniga tatbiq etildi.
1992 yildan 1999 yilgacha fakultet dekani lavozimida texnika fanlari nomzodi, dotsent Turg‘un Xamidovich Xomidov ishladi. Bu yillar davomida fakultetning ilmiy pedagogik va moddiy-texnikaviy bazasidan unumli foydalanish maqsadida yangi mutaxassisliklarni ochishga tayyorgarlik ishlari olib borildi. Natijada 1993 yildan boshlab "Iqtisodiy informatika va boshqaruvning avtomatlashtirilgan sistemalari" mutaxassisligi ochildi.
2000 yildan boshlab fakultetning dekani lavozimiga texnika fanlari nomzodi, dotsent Fazliddin Yuldashevich Polvonov tayinlandi. Fakultetda 2000-2001 o‘quv yili davomida fakultetning ilmiy-pedagogik va moddiy-texnikaviy bazasidan unumli foydalanish maqsadida hamda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan xolda yangi mutaxassisliklarni ochishga tayyorgarlik ishlari olib bordi.
2011 yildan hozirgi vaqtgacha texnika fanlari nomzodi dotsent Yunusaliyev Elmurad Maxammatyakubovich dekanlik vazifasida ishlab kelmoqda.