21-Mavzu: Bolangiz kitob o’qiyaptimi.
Bugun “Bolam telefon koʻp koʻradi, kitob oʻqimaydi. Hozirgi kitoblar boʻlmabdi, shu ham kitobmi?” deya taʼna qiladigan odamlar koʻpayib ketgan. “Oʻgʻlim, kitob oʻqi”, deydigan ota-onalar serob. Telefon “moda”ga kirgan mahal oyoq ostidan chiqib, kitob haqida yozishim koʻpchilikka yoqmaydi. Chunki ularning oʻzlari ham kitob oʻqimaydi.
Mazkur maqolani yozishimga qoʻshni qiz sabab boʻldi. Bir safar undan qanday kitob oʻqiyotganini soʻrasam, gʻalati qilib ustimdan kuldi, bu kulguni hecham unutmayman. Darslikdan boshqa kitob ochib koʻrmagan shu avlod vakili meni tinchsizlantirib qoʻydi. Hozir xalovatim oʻzimda emas. Kitobda...
Kitobning qadri, uning naqadar inson maʼnaviyati uchun ozuqa ekanligi toʻgʻrisida yozib oʻtirmayman. Negaki, bu haqda koʻp bitilgan. Jorj Luis Borxesning fikriga qoʻshilgan holda jannat kitobga oʻxshagan joy boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Sababi koʻpchilik odamlar jonsiz deb bilgan kitoblar ularga qanchalik savodsiz ekanliklarini isbotlab bera oladi. Bugun bunday misollar juda koʻp...
Yaqinda 35 ming auditoriyasi bor kontentda “Karantin vaqtida bolangiz, nima bilan mashgʻul?” soʻrovnomasi oʻtkazildi. Unda 44 foiz respondent oʻgʻlining telefon ushlayotgani, atigi 10 foizi kitob oʻqish bilan band ekanligini maʼlum qilgan. Kitobni telefon deb bilib, uni oʻqiyotgan shu avlodga kelajak taqdirimiz bogʻlanganini unutib qoʻymaylik. Zero, biz faqat bugun emas, kelajakda ham yashaymiz.
“Bolaning qoʻliga kitobni maktabda berish kerak. Agar u kitob bilan birga ulgʻaysa, katta boʻlsa ham u doʻsti boʻlib qoladi. Men “Kitosevarlar” toʻgaragiga rahbarlik qilaman. Toʻgaragimga qatnayotgan aksar yoshlar kitobni maʼnaviy zavqqa emas, maqsad uchun oʻqiydi. Kimdir “Spark” yutmoqchi, boshqasi oʻqishga kirish niyati bor. Bu moddiyat uchun kitobga ehtiyojdan qoʻrqaman... Ayrim davlatlarning hali ham kitobdan voz kechmayotgani meni hayron qoldiradi. Italiyaliklar 5 yoshdan soʻng bolalariga televizor koʻrishni cheklar ekan. Yaponiyada 7 yashar bola kamida 10 ta ertak bilishi shart hisoblanadi. Kitob oʻqishga imkon qoldirayotgan, yaratayotgan davlatlarning bu usullarni qoʻllashi bizga ham joriy etilsa, oʻz samarasini berar, balki ”, deydi kutubxonachi Raoʻshan Qutlimuratova.
Fahmlashimcha, Raoʻshan opa kitob oʻqishni anʼana, qadriyatga aylantirish kerak demoqchi. Bolani sunnat qilish, oʻz vaqtida maktabga berish, 40 kun goʻdakni choʻmiltirish dasturiga oʻxshab 5 yoshdan ertak oʻqishini ham dasturga qoʻshib, ommalashtirsak, kun kelib bu ishimiz samara berar. Vaqt koʻrsatar...
“Kitobsiz bilim yoʻq, bilimsiz kitob yoʻq”. Biz aksar hollarda farzandimizni kitobga qaytarish uchun nasihat usulidan keng foydalandik. “Kitob oʻqi, oʻqisang odam boʻlasan” deya qulogʻiga quydik. Oqibatda, taftologik soʻzimizda qadr qolmadi. Janubiy korealik bolalarning yangi texnologiyalar davrida ham kitob mutolaa qilishi sirini izlab topdim. Internetda oʻqigan koreyalik ota gaplaridan buni anglagandayman. Ushbu kichik hikoyaning soʻzma-soʻz tarjimasini keltiraman: “Bolam kitob oʻqimay qoʻydi. Darsdan kelsa, kompyuteri oldidan siljimaydi. Uning kelajagi meni tashvishga soladi. Oʻgʻlimga kitoblar sovgʻa qilaman, qiziq voqealar aytib beraman. U maʼnosiz eshitardi meni. Bir kuni men ota sifatida bolam tarbiyasida qattiq yanglishayotganimni sezdim. Ishdan kelsam, kitob oʻqishni odat qildim oʻzimga. Toʻgʻri, yumushdan charchab kelib, dam olgim, choʻzilib yotgim keladi. Ammo bu xalovatdan ham muhimroq narsa bor edi. Har kuni kitob oʻqidim. Bolam betashvish, beparvo edi. Oradan 2 oy oʻtib, u mendan “nima qilyapsiz”, deb soʻray boshladi. 4 oy oʻtgach “qanday kitob bu”, dedi. 6 oy oʻtib, “ichida nima bor”, 2 yil oʻtganda oʻzi ham kitob oʻqiy boshladi. Bu kichik eksperimentni barcha otalarga tavsiya qilaman
Do'stlaringiz bilan baham: |