3- Mavzu: Oila va maxallaning yoshlar tarbiyasidagi o’rni.
Tayanch so’z va iboralar: Makon, mahalla, oqsoqol, uy – joy, qo’ni – qo’shni, to’y – maraka, demokratiya, Qobusnoma, konstitutsiya, mahalla jamg’armasi.
Mahalla (arabcha - joy, o‘rin, makon) – kishilarning muayyan hududda birgalikda yashashlari tufayli yuzaga kelgan birligi. Mahalla – yirik jamoadir. O‘tmishda mahallalarda asosan ma’lum bir kasbkor odamlari istiqomat qilishgan. Mahallalar ham shunga qarab aytaylik «Zargarlik», «Misgarlik», «Temirchi», kabi nomlar bilan atalgan. Hozirgi kunda mahallalarda bunday «ixtisoslashuv» yo‘q. Shu bilan birga, hamkasblar ko‘pchilikni tashkil etadigan mahallalar ham yo‘q emas. Buni poytaxtdagi «Professorlar», «Shifokorlar», «Ishchilar» kabi mahalla nomlarida ham ko‘rishimiz mumkin.
Oilaning farovon va har tomonlama rivojlanishida ayniqsa, yosh avlod tarbiyasida mahallaning o‘rni katta. Zero, o‘smirlar odobni, muomala madaniyatini dastlab oilada, keyin mahallada o‘rganadilar. Buyuk yunon olimi Demokritdan bir kishi kelib so‘raydi:
- Hozirgi yoshlar to‘g‘risida nima deya olasiz?
- Hozirgi yoshlar o‘z bilganlaridan qolmaydigan, ularda kattalarga hurmat, kichiklarga izzat yo‘qolgan, mahmadona va o‘zboshimcha bo‘lib ketishgan. Buning oldini olish uchun oiladagi va mahalladagi tarbiyani ko‘chaytirish kerak, - deb javob beribdi buyuk mutafakkir.
«Bir bolaga yetti qo‘shni ota - onadir» degan naqil xalqimizda mahalla ahlining, mahallada yashovchi har bir bolaga tanbeh berishga, ularni to‘g‘ri yo‘lga solishga haqli va mas’ul ekanligini bildirgan. Mahalla kishilari orasidan noqobil, shijoatsiz, hayosiz, ibosiz, beburt kishlarning chiqishi mahalla ahli uchun katta sharmandalik va isnod hisoblangan. Mana shunday oqibatlarni o‘ylab, mahalla ahli hamjihat harakat qilishgan, ota-onalar bolalarini ishonib qo‘shnilarini nazoratida qoldirishgan. Mahallaning yoshi ulug‘ insonlari mahalla ahli orasida hurmat qilinib, ularning maslahat va nasihatlariga amal qilishgan. Mahallaning qanday mahalla bo‘lishligi birinchi navbatda qo‘ni-qo‘shnilar munosabatiga bog‘liqligi isbot talab qilmas haqiqatdir. Islom dinimizda qo‘shnichilik masalalariga katta hurmat bilan qarash farzligi ta’kidlanadi. Oxirat so‘rovlarida ham qo‘shnining rozi yoki noroziligi inobatga olinishi ko‘rsatilgan.
Qo‘ni-qo‘shnilar munosabati qanday bo‘lishi kerakligi bundan 1150 – 1200 yil avval Imom al-Buxoriy to‘plagan hadislarda bayon etilganligining bugun guvohi bo‘lib turibmiz. Hadislarda aytilgan fikrlar o‘zining dolzarbligini zarracha yo‘qotgan emas. Mana o‘sha hadislar:
«Qo‘shni haqqi - qo‘ldan kelganicha unga yaxshilik qilish: hadyalar berish, ko‘rganda ochiq yuzlik bilan muomala qilish, salomlashish, ahvolidan xabar olib turish, muhtoj bo‘lgan narsalarini qo‘ldan kelsa muhayyo qilish, unga moddiy va ma’naviy jihatdan zarar yetkazmaslikdan iboratdir»;
«Qo‘shnichilikda hech qanday din va millat e’tiborga olinmasligi lozim»;
«Qo‘shnilarning eng yaxshisi qo‘shnisiga munosabatda mumtozidir»;
«Foniy dunyodagi yomon qo‘shnidan ko‘chibgina quto‘lishing mumkin»;
«Qaysi bir qo‘shni o‘z qo‘shnisiga zulm qilib, uni o‘z hovlisidan chiqib ketadigan holatga keltirsa, albatta halokatga uchraydi».
Shariat bo‘yicha har bir oila uchun o‘ng, so‘l, orqa va old tomondagi qirqtadan xonadon, jami bir yuz oltmish xonadon qo‘shni maqomidadir. Qo‘shnining qo‘shniga shar’iy haqqi bor. Qo‘shni musulmon bo‘ladimi yoki g‘ayridin bo‘ladimi, qo‘shnichilikda buning ahamiyati yo‘q1.
Xalqimizda qo‘shnilar bilan tinch-totuv yashash azaldan qadrlanib keladi. «Qo‘shning tinch – sen tinch», «uzoqdagi qarindoshdan, yaqindagi qo‘shni afzal», «Hovli olma - qo‘shni ol», «Agar gilam sotmoqchi bo‘lsang, qo‘shningga sot, bir chetida o‘zing o‘tirasan» kabi maqollar ana shundan dalolat beradi. Sharqning buyuk donishmanlaridan biri Muhammad Javhar Zamindor qo‘shnichilik munosabatlariga doir ko‘plab pand-nasihatlarni aytib o‘tgan. Uning hikoyatlar zamirida aytgan quyidagi fikrlarni keltirib o‘tamiz.
Hikmat. Qo‘shni kim va qaysi millatga taalluqli bo‘lishidan qat’i nazar, uni hurmat qilmoq va qo‘shni haq-huquqini ado etmoq odamlik hislatlaridan biridir. Qo‘shni itiga sababsiz tosh otish, mushugini xaydash esa, uni haqoratlash bilan barobardir.
Bir kishi o‘z do‘stining oldiga kelib, uyida sichqon ko‘pligidan shikoyat qildi. Do‘sti unga mushuk boqishni maslahat berdi. U esa rozi bo‘lmay: «Mushuk boqsam, uyimdagi sichqonlar qo‘shnimnikiga qochib chiqarmikan, deb qurqaman» dedi. O‘zing uchun nimani noloyiq deb hisoblasang, uni o‘zga uchun ham ravo ko‘rma!
Tanangda bir a’zo gar bo‘lsa bemor
Hammasida qolmas sabr ila qaror.
O‘zgalar g‘amini chekmasa odam,
Anga noloyiqdir inson degan nom.
SA’DIY
Qo‘shning haq-huquqlaridan birini aytsam, bu qo‘shniga hech vaqt ozor bermakslik va xafa qilmaslikdir. Qo‘shni kasal bo‘lsa, undan hol so‘rash, boshiga mo‘sibat tushsa, yordam qilish, g‘amli va shodlik kunlarida g‘am-shodligiga sherik bo‘lish, undan xato o‘tsa kechirish, ahlu-ayoliga yomon ko‘z bilan qaramaslik, biron yoqqa ketsa uyidan xabardor bo‘lib turish, bularning hammasi ham qo‘shning haq-huquqlaridan hisoblanadi. Bundan tashqari, qo‘shni qarz so‘rasa, qarz beriladi, meva-cheva terilsa, meva bilan yo‘qlanadi.
Bir kishi bir dono oldiga kelib, undan:
- “Ayting-chi men yaxshi odammanmi yoki yomonmi, buni qanday bilsa bo‘ladi?” - deb so‘rabdi.
“Qo‘shnilaringdan so‘ra agar ular seni yaxshi desalar, demak yaxshisan!” - deb javob beribdi dono2.
«Qobusnoma»da ham mahallada har kimning izzat ikromi bo‘lishi uchun avvalo mahalladoshlarga nisbatan mehr ko‘rsatish kerakligi aytiladi. «Qobusnoma»da shunday deyiladi:
«O‘z ko‘changdagi va mahallangdagi odamlar bilan yaxshi yasha, kasallarini borib hol-ahvolini so‘ra, kimga ta’ziya bildirish zarur bo‘lsa, ta’ziya bildir, o‘limga ishtirok et. Qo‘shnining har bir ishiga yordam ber. Agar qo‘shni shod-xurram bo‘lsa, shodligiga sherik bo‘l, mumkin qadar taom yoki keyim boshdan sovg‘alar yubor. Hamsoyangning yosh bolasini kursang, upib bag‘ringga bosgil, mahallangdagi chollar bilan salomlash va ularning hurmatiga sazovor bo‘l» 3
Ozorboyjonda nashr etilgan «Otalar so‘zi» asarida ham qo‘shnichilik munosabatlariga ta’luqli quyidagi serma’no fikrlar bayon etilgan:
O‘z qarindoshlaridan aloqa o‘zish dunyo lazzatlaridan ko‘z yumishdir;
Yaxshi qo‘shni yaxshi yo‘lga boshlaydi;
“Yaxshi kunda yot yaxshi, yomon kunda «voy qardosh»;
Do'stlaringiz bilan baham: |