31.5. Jinoyat ishlari yuritish sohasidagi xalqaro hamkorlikka oid normativ hujjatlar
Jinoyat sud ishlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlikning huquqiy asosi boʻlib Oʻzbekiston Respbulikasining ikki tomonlama va koʻp tomonlama shartnomalari, konvensiya va kelishuvlari xizmat qiladi.
Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdoʻstliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi – respublikaning bir yoki bir necha davlat, xalqaro tashkilot yoxud xalqaro huquqning boshqa subyektlari bilan xalqaro munosabatlar sohasidagi huquq va majburiyatlariga doir teng huquqli va ixtiyoriy kelishuvidir.
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro
shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasi
Oʻzbekiston xalqaro huquqning toʻla huquqli subyekti sifatida jinoyat sud ishlarini yuritish sohasidagi bir qator xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilgan. Jumladan, xalqaro jinoyatchilikning keng tarqalgan turlariga qarshi kurashish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi” Konvensiyasi va “Korruptsiyaga qarshi” Konvensiyasiga, Shanxay hamkorlik tashkilotining “Terrorizmga qarshi” Konvensiyasi (2009-yil 16-iyun, Yekaterinburg). “Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanilishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Konvensiya (1950-yil 21-mart, Leyk Sakses, Nyu-York); “Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi xalqaro Konvensiya (1999-yil 9-dekabr, Nyu-York) kabilar Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinib, ular boʻyicha majburiyatlar bajarilmoqda va jinoyat ishlarini yuritishda xalqaro hamkorlik sohasida qoʻllanilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqil davlat sifatida mazkur sohada bir qator davlatlar bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzib, jinoyat ishlarini yuritish sohasida oʻzaro hamkorlik oʻrnatgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida”gi Shartnoma (Toshkent, 1997-yil 18-iyun); Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida”gi (Olma-ota, 1997-yil 2-iyun); Oʻzbekiston Respublikasi bilan Bolgariya Respublikasi oʻrtasida “Jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam toʻgʻrisida”gi Shartnoma (Sofiya, 2003-yil 24-noyabr); Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi oʻrtasida “Jinoiy ishlar yuzasidan oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisida”gi Shartnoma (Dehli, 2000-yil 2-may); Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida “Fuqarolik va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam toʻgʻrisida”gi Shartnoma (Pekin, 1997-yil 11-dekabr); Oʻzbekiston Respublikasi va Litva Respublikasi oʻrtasida “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida”gi Shartnoma (Toshkent, 1997-yil 20-fevral); Oʻzbekiston Respublikasi bilan Chexiya Respublikasi oʻrtasida “Fuqarolik va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida”gi Shartnoma (Toshkent, 2002-yil 18-yanvar); Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi “Jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisida”gi, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi hukumati oʻrtasida “Jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisida”gi shartnoma (2007-yil 14-mart, Toshkent)larni keltirish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |