Tushunarli bo’lish tamoyili o’rganilayotgan materialning mazmuni, hajmi va o’qitish metodlari o’quvchilarning yoshiga, tayyorgarlik darajasiga mos bo’lishini talab etadi. O’qitishni tushunarli qilish degani uni oson qilish lozimligini bildirmaydi. O’qitishning tushunarliligi o’quvchi imkoniyatlarining eng yuqori chegarasi va uni asta-sekin oshirib borish bilan belgilanadi. Ta‘lim jarayonining borishida o’quvchilar oldiga qo’yiladigan o’quv va mehnat topshiriqlarini izchillik bilan murakkablashtirib borish o’quvchilarning aqliy imkoniyatlari va jismoniy kuchlarini rivojlantiradi. O’quv materialining mazmuni shunday tanlanishi va tuzilishi kerakki, o’quvchilar uni o’zlarining oldingi bilimlari bilan bog’lay oladigan va uni tushunishda qiynalishmasin.
Uzoq vaqtlar boshlang’ich sinflarda tabiatshunoslikni mustaqil o’quv predmeti sifatida o’qitilishi yetarli darajada qadrlanmadi. U goho tabiiyot nomi bilan saqlanib keldi, goho predmetli darslar va izohli o’qish bilan almashtirildi. 60-yillardan boshlab tabiatshunoslik mustaqil predmet sifatida o’qitilmoqda. Hozirgi vaqtda maktab tabiatshunoslik kursining mazmuni zamonaviy fan taraqqiyoti darajasiga muvofiq keladi. Tabiatshunoslik dasturi o’lkashunoslik xususiyatlarini hisobga olgan holda tuzilgan, boshlang’ich maktabdagi tabiatshunoslik ta‘limining mazmuni esa botanika, zoologiya, ekologiya, odam anatomiyasi va fiziologiyasi, jug’rofiya fanlarining hozirgi taraqqiyotiga muvofiq keltirilgan.
Tabiatshunoslikni o’qitishda ilmiylik qoidasi: hozirgi zamon fanida qat‘iy qaror topgan qoidalarni o’quvchilarga o’zlashtirish uchun taklif qilinishini nazarda tutadi. Tabiatshunoslik bo’yicha ilmiy bilimlarning egallab olinishini ta‘minlash uchun kichik yoshdagi maktab o’quvchilarining idrok qila olish imkoniyatlarini hisobga olgan holda eng muhim ilmiy ma‘lumotlarni tanlab olish kerak. O’quvchilarning idrok qila olish imkoniyatlari jismoniy kuch va aqliy kuchlanish talab qiluvchi o’quv mavzulari va amaliy masalalarni izchillik bilan murakkablashib borishi jarayonida kengayib boradi. Qiyinchilik xarakterini to’g’ri aniqlash o’quvchilarning idrok qilish imkoniyatlarini kengayib borishiga, o’quv materialini izchillik bilan murakkablashib borishiga yordam beruvchi metodik variantni tanlab olishga imkon beradi. Bu o’quvchilarning aqliy taraqqiyotini asta-sekin ko’tarilishiga va ilmiy bilimlarni chuqurroq o’zlashtirib olinishiga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |