Bosh sahifa
/
https://sovminrk.gov.uz/uz/news/category
/ “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”
“O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”
Sahifani PDF tarzda yuklab olish (56 Kb)
Versiyasi
Sahifani doc tarzda yuklab olish (56 KB)
“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan Prezident Islom Karimovning
“O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” deb nomlangan yangi kitobi nashr etildi. Kitobdan Yurtboshimizning mamlakatimiz mustaqilligi
arafasida va mustaqillikning dastlabki davrida (1989-1991 yillarda) olib borgan jo‘shqin va serqirra siyosiy-ijtimoiy faoliyatini aks ettiradigan
ma’ruza va nutqlar, suhbat, maqola va intervyular o‘rin olgan. Kitob shaklida ilk bor chop etilayotgan bu chiqishlarning “O‘zbekiston mustaqillikka
erishish ostonasida” deb nomlanishi albatta bejiz emas. Bu kitob yaqin o‘tmishimizning murakkab tarixiy-siyosiy bosqichlarini, jumladan, tasavvur
qilish ham qiyin bo‘lgan g‘oyat og‘ir va tahlikali bir vaziyatda O‘zbekiston rahbari sifatida ish boshlagan Islom Karimovning o‘lkamizni chuqur
inqirozdan olib chiqish, uni qat’iyat va matonat bilan istiqlol sari boshlash, Vatanimiz mustaqilligini e’lon qilish, umumxalq saylovida g‘olib chiqib,
Prezidentlik qasamyodini qabul qilishigacha bo‘lgan, tinimsiz kurashlar, keskin sinov va mashaqqatlar bilan o‘tgan faoliyat davrini o‘z ichiga oladi.
Kitobga kiritilgan nutq va ma’ruzalarda o‘sha davrdagi o‘ta dramatik voqealar, tarixiy o‘zgarishlar qanday murakkab vaziyatlarda yuz bergani,
ularning tafsiloti, sabab va oqibatlari atroflicha yoritib beriladi. Ma’lumki, 1989 yilning o‘rtalarida KPSS Markaziy Komiteti, sovet hukumati
tomonidan O‘zbekistonga nisbatan qatag‘on siyosati yangi bosqichda davom ettirilib, “paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” deb nom olgan siyosiy
kampaniyalar avj olgan edi. Kommunistik partiyaning bosh nashri bo‘lgan “Pravda” gazetasining “Oltin xazinasi ustidagi ilon” deb nom olgan
maqolasida, boshqa yetakchi markaziy nashrlarda xalqimiz boshiga tinimsiz tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirilmoqda edi. Sobiq Markazdan yuborilgan,
el-yurtimiz o‘rtasida “desantchilar” deb nom olgan guruhlar tomonidan qancha-qancha begunoh insonlar, butun-butun oilalar tazyiq va ta’qiblarga
uchraganini jamoatchiligimiz yaxshi eslaydi. Ana shunday og‘ir bir sharoitda Yurtboshimiz tomonidan xalqimiz qalbidagi asriy orzu – istiqlol
g‘oyasi ulkan jasorat bilan ilgari surilib, uni amalga oshirish uchun tarixiy qadamlar qo‘yilgani kitobning asosiy mavzusini tashkil etadi. Agarki bu
kitobning ma’no-mazmunini bir so‘z bilan ifoda etadigan bo‘lsak, Vatanimiz mustaqilligi, ta’bir joiz bo‘lsa, yangi hayot, yangi jamiyat binosi uchun
zamin bo‘lgan hal qiluvchi dasturiy maqsad va g‘oyalarni Islom Karimov o‘sha dolg‘ali yillardayoq, uzoqni ko‘rgan holda, o‘ziga nechog‘lik
aniq-ravshan tasavvur etgani mazkur to‘plamning har bir sahifasidan bamisoli “qizil ip” bo‘lib o‘tishini ta’kidlash o‘rinlidir. Shu davr mobaynida
o‘lkamizda ro‘y bergan Farg‘ona, Guliston, Bo‘ka, O‘sh, Namangan voqealari paytida, tarixda “GKCHP” deb nom olgan, SSSR davlatining so‘nggi
kunlarida bir guruh imperiyaparast kuchlar tomonidan amalga oshirilgan siyosiy to‘ntarish chog‘ida va boshqa shu kabi o‘ta keskin vaziyatlarda
Islom Karimovning yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lni topa olgani, xalqimizning tinchligi va xavfsizligini ta’minlash uchun kechayu kunduz tinimsiz
mashaqqatli faoliyat olib borganini tasdiqlaydigan tarixiy manbalar ham ushbu kitobda o‘z aksini topgan. Mamlakatimizni jar yoqasiga olib kelib
qo‘ygan og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni o‘nglash, xalq dardiga darmon bo‘lish, yillar davomida yechilmasdan kelgan muammolarni hal etish
maqsadida aholiga uy-joy qurish uchun uchastka maydonlari va tomorqa yerlari ajratish, paxta yakkahokimligiga barham berish borasida
davlatimiz rahbari tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli respublika bo‘yicha 700 mingta oilaga yer
berilgani, muallif ta’biri bilan aytganda, kichikroq bir davlatning aholisiga teng bo‘lgan 1,5 million yangi oila paydo bo‘lgani, qurilish materiallari
ishlab chiqarish, odamlarga kredit berish, o‘z xo‘jaligini yuritish uchun urug‘lik, chorva mollari va parranda ajratishga qaratilgan ulkan ishlar
haqida ma’lumot beradigan chiqishlar ham shu to‘plamdan o‘rin olgan. Bugungi kunda dunyoda “o‘zbek modeli” deb nom olgan taraqqiyot
yo‘limizning asosiy prinsiplarining dastlabki kurtaklari sokin kabinetlarda emas, aksincha, o‘sha yillarda keskin siyosiy kurashlar, bahs va
tortishuvlar jarayonida tug‘ilib, 90-yillarga kelib yaxlit ta’limotga aylangani haqida ushbu kitobdagi chiqishlar orqali har tomonlama tasavvurga
ega bo‘lish mumkin. Mustaqillik g‘oyalari keng qanot yoza boshlagan, xalqimiz ozodlik va erkinlikka intilgan bir paytda yurtimizning dadil
qadamlarini ko‘rolmaydigan g‘arazli kuchlar sobiq Markazda ham, o‘zimizda ham topiladi. Bunday siyosiy o‘yin va fitnalarga bir misol sifatida
1991 yil 17-19 avgust kunlari – Islom Karimov Hindiston Respublikasida rasmiy safarda bo‘lgan paytda yuz bergan voqealarni keltirish mumkin.
Mamlakat rahbarining O‘zbekistonda emasligidan foydalanib, yurtimizdagi ayrim rahbarlar GKCHPning noqonuniy qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydi,
shu tariqa o‘zining siyosiy va ma’naviy qiyofasini ko‘rsatadi. Faqatgina Yurtboshimizning mustahkam irodasi, oqilona va vazmin siyosati tufayli
GKCHP tarafdori bo‘lgan siyosiy avantyuristlar o‘z qabih niyatiga yetolmagani ham kitobdagi chiqishlarda ifodasini topgan. Afsuski, bugun vaqt
o‘tishi bilan ana shu voqealarni ko‘rgan-bilgan, ularga bevosita guvoh bo‘lgan odamlarning soni tobora kamayib bormoqda. Yaqin tariximizning
mash’um bir davrida sodir bo‘lgan bu voqealarni bilmasdan, ularning mohiyatini chuqur anglamasdan turib el-yurtimizning istiqlolga erishish
yo‘lidagi kurashlar tarixini barcha murakkabliklari bilan to‘liq tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, mazkur kitobdan o‘rin
olgan tarixiy hujjatlar, nutq va ma’ruzalarning bugungi va ertangi kunimiz uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega ekani yanada yaqqol ayon bo‘ladi.
Muxtasar aytganda, to‘plamga kiritilgan har bir chiqishni mutolaa qilish jarayonida biz yangi tariximizning o‘zimiz bilmagan, anglamagan yana
ko‘plab qirralarini yangitdan kashf etamiz, istiqlol mohiyatini, “tarixiy burilish pallasida xalq dardi, millat qayg‘usi buyuk shaxslarni yaratishi”ni
yanada chuqurroq anglaymiz. Shu ma’noda, Prezident Islom Karimovning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobi xalqimizning
siyosiy tafakkur xazinasiga qo‘shilgan bebaho hissa bo‘lib, mamlakatimizning istiqlol tarixini o‘rganish va anglashda beqiyos tarixiy ahamiyat kasb
etadi. O‘zA
10.08.2011 09:42 da elon qilingan, marta korib chiqildi