VATANPARVAR GURUHLAR
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Dunyo” axborot agentligi ham faol ish olib bormokda.
“UzReport” axborot agentligi tarqatayotgan xabarlar bilan “Facebook”, “Twitter”, “RSS” orqali bemalol tanishib borish mumkin.
O‘zbek, ingliz va rus tillarida faoliyat yurituvchi “Uzbekistan today” gazetasining “Facebook”, “Twitter”, “Google plus”, “V kontakte” kabi qator ommabop tarmoqlarga ulanganligi alohida e’tiborga molikdir. Davriy matbuot nashrlaridan biri “Darakchi” gazetasining “Facebook” ijtimoiy plaginiga ega ekanligini qayd etish zarur.
“Oltin qalam” XIV Milliy mukofoti g‘olib va sovrindorlari orasida mamlakatimiz media imijini bevosita oshirishga xizmat qilayotgan ijodkorlar mehnati rag‘batlantirildi. Xususan, O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi “Namanganskaya pravda” gazetasi bosh muharriri, Osiyo jurnalistlar assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi vakili Dilmurod Jumaboevni “Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizning ijobiy imijini oshirishga qaratilgan materiallari uchun” taqdirladi.
Yana bir muhim masala. Ijtimoiy tarmoqlar yordamida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ham o‘z faoliyatini keng yoritish imkoniyatiga ega.
Qayd etish kerak, tashkilotlarning tarmoqlardagi sahifalarini tashkil etish bo‘yicha O‘zbekistonda qonunchilik bazasi muttasil takomillashtirilmoqda. Mamlakatimizda, hatto yetakchi demokratik davlatlar qonunchiligida ham kamdan-kam kuzatiladigan o‘ta muhim hujjatlar ishlab chiqildi va tasdiqlandi.
Shuningdek, veb-saytlar — idoralarning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga olgan rasmiy veb-sayt sifatida identifikatsiya qilinadigan, eng muhimi, undan hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan resurs ekanligi belgilab qo‘yilgan. Demak, rasmiy tashkilotlarning veb-sahifasi ma’lum ma’noda internet nashr funktsiyasini bajarmoqda.
Biroq, viloyatlar hokimliklari kesimida o‘tkazilgan monitoring natijalari shuni ko‘rsatadiki, ayrim saytlarni kuniga bor-yo‘g‘i 70-80 odam kirib ko‘rar ekan, xolos. Ba’zilari esa ijtimoiy tarmoqlarda umuman ko‘rinmaydi yoki ko‘rinsa-da, yetarli darajada ommaviy emas.
Umuman, global media maydonda raqobatbardosh faoliyat yuritishga qodir ijtimoiy tarmoqlar yaratish alohida masala bo‘lsa, yurtimiz hududida faoliyat yuritayotgan OAVning mavjud tarmoqlardan unumli foydalanishi yana bir muammodir. Vaholanki, jahon media makoniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish, pirovardida o‘quvchilar soni va geografiyasini bir necha bor kengaytirish borasida ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyati juda katta. Xususan, ijtimoiy tarmoqlarning mamlakat imijini shakllantirishdagi, ya’ni, mustaqil davlatimiz qo‘lga kiritayotgan olamshumul yutuqlarni jahon media makonida keng targ‘ib qilishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Vaholanki, “Internet yaxshimi yoki yomonmi?”, “Ijtimoiy tarmoqlar oqmi yoki qorami?” singari savollarni muhokama qilish davridan o‘tib bo‘ldik. Endi vaqtni yo‘qotmasdan har bir jabha uchun ulardan oqilona, ratsional foydalanish yo‘llarini izlashimiz lozim.
Ha, yonimizda “oqib yotgan” irmoqlarni ezgulik daryolariga tutashtirishmiz darkor.
Do'stlaringiz bilan baham: |