O'zbekiston hududida qadimgi davr davlati va huquqi.
Reja:
Eramizga qadar O‘zbekiston hududida davlat va huquq Eramizning boshlaridan VII asrga qadar bo‘lgan davrda O‘zbekiston hududida davlat va huquq
3. O‘zbekiston hududida huquq tarixini o‘rganishda muhim manbalar
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Eramizga qadar O‘zbekiston hududida davlat va huquq
Davlat va huquq tarixi fanining asosiy vazifalaridan biri – bu mustaqil davlatchilik sharoitida O‘zbekiston hududida davlat va huquqning paydo bo‘lishi va rivojlanishi tarixini chuqur ilmiy va xolisona o‘rganish, tarixiy taraqqiyotning siyosiy-huquqiy yutuqlaridan mustaqil o‘zbek davlatchiligi va uning huquqiy tizimini takomillashtirishda foydalanish, qolaversa, boy va betakror tariximizni jahon jamoatchiligiga namoyish etishdir.
Ushbu mavzu O‘zbekiston hududida davlatchilik va huquq tarixining ilk, o‘z navbatida, murakkab davriga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ushbu zaminda siyosiy-huquqiy institutlarning paydo bo‘lish shart-sharoitlari va sabablari, ilk davlat tuzilmalari, ularning siyosiy tuzumi, huquq manbalari, tarmoqlari va institutlari, O‘rta Osiyoning arablar tomonidan bosib olinishiga qadar bo‘lgan taraqqiyot bosqichlari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari kabi masalalarga asosiy e’tibor qaratiladi.
O‘zbek davlatchiligining tarixi xususida so‘z borganda, fanda u joylashgan muayyan hudud, ya’ni «O‘rta Osiyo» va «Movarounnahr» tushunchalariga murojaat etish lozim bo‘ladi. O‘rta Osiyo – g‘arbdan Kaspiy dengizi, janub va sharqdan Eron, Afg‘oniston va Xitoy Xalq Respublikasi, shimoldan (45°/32' kenglik) shimoliy chegara bilan chegaralanuvchi ulkan hududda joylashgan bo‘lib, jami 1 mln. 984 ming kv.km.ni tashkil etadi. O‘rta Osiyo Qadimgi g‘arb va Qadimgi sharqni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tagan.
O‘zbekistonda davlat va huquqning rivojlanishi o‘zining bir necha ming yillik tarixiga ega. Tarixiy taraqqiyotning turli bosqichlarida mamlakatimiz hududida ko‘plab davlatlarni qamrab olgan imperiyalar, tarqoqlik tufayli vujudga kelgan kichik-kichik davlatlar mavjud bo‘lgan.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra miloddan avvalgi birinchi ming yillik boshlarida hozirgi Markaziy Osiyo hududida 20 ga yaqin qabilalar bo‘lib, ular bir necha qabilalar ittifoqiga birlashgan. Ular orasida bir necha sak qabilalarini birlashtiruvchi massagetlar ittifoqi boshqa qabilalar ittifoqidan alohida ajralib turgan. Binobarin, turkiy xalqlar, jumladan, o‘zbek xalqining ildizlari ana shu massagetlarga borib taqaladi. Massaget qabilalari ittifoqiga quyidagi elatlar kirgan: qadimgi Sirdaryo havzasida, Amudaryoning sharqiy o‘zanlari bo‘yida va Qoraqumda yashovchi apasiaklar, Sirdaryoning o‘rta oqimida joylashgan daxato‘ralar, taxminan Zarafshonning quyi qismi va Amudaryoning o‘rta oqimida yashagan derbiklar, Nurota tog‘larida o‘rnashgan sakavaraklar, Sirdaryoning o‘rta oqimidan Tyanshangacha cho‘zilgan usunlar ham antik davrlarda xorazmiylar tarkibiga kirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |