34
Mil. avv. VI asrning o‘rtalarida Midiya podsholigi o‘rnida Ahmoniylar davlati paydo
bo‘ladi. Ko‘pchilik tarixiy adabiyotlarda Kir II ahmoniylar davlatining asoschisi sifatida
e’tirof etiladi. Kir II, Kambiz, Doro I, Kserks kabi fors podsholari qadimgi Sharqdagi juda
ko‘plab mamlakatlar ustidan o‘z hokimiyatini o‘rnatishni rejalashtirganlar va shunday
siyosat olib borganlar.
Mil. avv. VI asrning o‘rtalarida Kir II o‘zining sodiq lashkarboshlaridan biri bo‘lgan
Garpagga Kichik Osiyodagi shahar-davlatlarni bosib olishni buyuradi. O‘zi esa O‘rta Osiyo
hududidagi viloyatlarni (Baqtriya, Xorazm, So‘g‘diyona, Marg‘iyona va boshq.) bosib
olishiga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Gerodot Kir II ning massagetlarga qarshi yurishi
haqida so‘zlar ekan, bu yurishlarning ko‘pchiligi haqida to‘xtalmasdan, faqat forslarni
tashvishga solgan yurishlar haqida eslatib o‘tadi. Tarixchining ma’lumot berishicha, Garpag
Kichik Osiyo shaharlarini birin-ketin bosib olguncha Kir II butun Osiyo xalqlarini
bo‘ysundiradi va shundan keyingina Bobilga yurish boshlaydi.
Qadimgi dunyo mualliflari Gerodot, Ksenofont, Ktesiy, Yustin kabilarning
ma’lumotlaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Kir II mil. avv. 545-539 yillarda Sharqiy Eron
va O‘rta Osiyo viloyatlarini bosib oladi. Doro I davrida (mil. avv. 522-486-yy.) Ahmoniylar
sulolasi Hind vodiysidan O‘rta Yer dengiziga qadar bo‘lgan keng hududda o‘z
hukmronligini o‘rnatgan. Juda ko‘p sonli davlatlar, viloyatlar, shaharlar va xalqlarni
birlashtirgan ahmoniylar saltanati tarixda birinchi yirik dunyo davlati hisoblanadi.
Tarixiy manbalarning ma’lumot berishicha, O‘rta Osiyo xalqlari ahmoniylar
bosqiniga qarshi qattiq kurash olib borganlar. Xususan, massaget qabilalari malika To‘maris
(Tomiris) boshchiligida forslarning turli hiyla-nayranglar ishlatishiga qaramasdan ularning
katta qo‘shinini tor-mor etadilar. Malika To‘maris va massagetlarning harbiy mahorati
tufayli bu jangda ahmoniylar hukmdori Kir II ham halok bo‘ladi. Gerodot xabar berishicha,
“Bu jang varvarlar (massagetlar) ishtirok etgan janglar orasida eng dahshatlisi edi... Kamon
o‘qlari tugagach, qo‘l jangi boshlanib nayza va qilich bilan kurashdilar. Qo‘shinlar jangi
uzoq vaqt davom etdi. Nihoyat massagetlar g‘alaba qozondilar.” Kir II qo‘shinlarining
massagetlar tomonidan tor-mor etilishi mil. avv. 530 yilga to‘g‘ri keladi.
Tarixchi Poliyen forslarga qarshi kurashgan Shiroq qahramonligi haqidagi afsona
to‘g‘risida xabar beradi. Uning xabariga ko‘ra, sak qabilalarining vakili bo‘lgan Shiroq ismli
cho‘pon hiyla yo‘li bilan forslarning katta qo‘shinlarini suvsiz sahro ichkarisiga adashtirib
qo‘yadi. Shiroq ham, fors qo‘shinlari ham ochlik va tashnalikdan halok bo‘ladilar.
Mil. avv. 522-yilda ahmoniylar taxtiga Doro I o‘tiradi. U taxtga o‘tirishi bilanoq
Parfiya, Marg‘iyona va “saklar o‘lkasi”da forslarga qarshi qo‘zg‘olonlar ko‘tariladi.
Behistun yozuvlariga qaraganda, 522-yilning oxirida Marg‘iyonada ko‘tarilgan qo‘zg‘olonga
Frada ismli kishi boshchilik qiladi. Doro I Baqtriya satrapi Dadarshish boshchiligidagi
qo‘shinlarni qo‘zg‘olonchilarga qarshi jo‘natadi. Qo‘zg‘olon shavqatsizlarcha bostirilib 55
ming marg‘iyonalik halok bo‘ladi. Frada ham qo‘lga olinib qatl ettiriladi.
“Saklar o‘lkasi”dagi forslarga qarshi kurashga Skunha boshchilik qiladi. 519-518-
yillarda bo‘lib o‘tgan bu kurashda saklar forslar tomonidan mag‘lubiyatga uchraydi.
Saklarning ko‘pchiligi o‘ldirilib, ko‘pchiligi asir olinadi. Ularning yo‘lboshchisi Skunha asir
olinib, o‘rniga boshqa yo‘lboshchi tayinlanadi. Xullas, forslar O‘rta Osiyodagi mahalliy
aholining qahramonona qarshiligini qiyinchilik bilan sindirganidan keyingina bu hududlarni
batamom o‘zlariga bo‘ysundirdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: