To’laqonli ilmiy eksperiment quyadagilarning bo’lishini nazarda tutadi:
eksperimentchi yoki tadqiqotchilar guruhi;
laboratoriya (bu eksperimentchining zamon va makon chegaralari bilan belgilanuvchi predmetlar olamidir);
laboratoriya sharoitlariga joylashtirilgan o’rganiluvchi ob’ektlar (ba’zan butun Olam bunday laboratoriyaga aylanishi mumkin);
o’rganilayotgan ob’ektning eksperimental o’lchanuvchi kattaliklari va o’lchamlari natijalarini qayd etuvchi asbob-uskunalar, o’lchash uskunalari;
tadqiqotchining hissiy va rastional imkoniyatlarini oshiruvchi yordamchi texnikaviy moslamalar (masalan, kompyuter tajriba va eksperimentlarning natijalarini qayta ishlashga yordam beradi, elektron va tunnel mikroskoplari mikroolam ob’ektlarini, infraqizil, radioteleskoplar esa makrokosmosni o’rganish imkonini beradi).
Tadqiqotchi olim eksperimental vaziyatning markazidir. U eksperiment maqsadini qo’yadi, eksperimentni o’tkazadi, uning natijalarini analizdan o’tkazadi va baholaydi. Hozirgi zamon eksperimentlarini o’tkazish uchun tayyor standart asbob-uskunalarning o’zi kifoya qilmaydi. Tadqiqotchi-mutaxassislarning ijodiy faolligi murakkab, o’ziga xos eksperimental moslamalarni, yaratuvchilaridan fan va texnikaning turli sohalarini chuqur bilishni talab etadigan komplekslarni (masalan, elementar zarralarning har xil tezlatgichlarini) yaratishga yo’naltirilgan. Ilmiy eksperimentda ishtirok etishdan boshqa hech narsa ijodiy yondashishga yaxshiroq o’rgata olmaydi.
Xozirgi zamon ilmiy eksperimenti ijodiy barkamollikni, natijalarni baholashda xolislik va ob’ektivlikni, ko’pincha betakror va qimmatbaho eksperimental apparaturada ishlash madaniyatiga ega bo’lishni talab etadi. Eksperimentchining ijodiy, zaxmatli mehnatigina tadqiqotchining zarur sifatlarini shakllantiradi, chunki buzilgan, ishdan chiqqan eksperimental moslama bu erda harakatsizlikka mahkumdir, noto’g’ri natija esa ilmiy xodimning obro’siga ta’sir eta olmaydi, zotan, xatolardan hech kim himoyalanmagan.
Eksperimental tadqiqotchilik ishida ijodiy faollik olimda muhim sifat – rastionalizmni shakllantiradi. Hozirgi zamon ilmiy eksperimentlari katta vaqt sarfi va moddiy xarajatlarni talab etadi. Shuning uchun ham tadqiqotlarga kirishayotib mutaxasjis rejalashtirilgan eksperiment qo’yilgan savolga javob berish-bermasligi, amalga oshiriluvchi o’lchashlarning aniqligini ta’minlash-ta’minlamasligi, ishonchli xulosa va echimlarga ega bo’lish imkonini berish-bermasligini oldindan aniq nazarda tutishi kerak.
Eksperimentchining bosh ijodiy vazifasi quyidagilardan iborat:
eksperimentni kuzatishlar va o’lchashlarning aniqligi qo’yilgan maqsadga muvofiq keladigan qilib rejalashtirish;
surunkali xatolar va nuqsonlar bo’lishi mumkinligini e’tiborga olshi, ularni bartaraf etish choralarini ko’rish;
eksperiment natijalarini tanqidiy analizdan o’tkazish va to’g’ri xulosalar chiqarish;
sinov tajribalarining aniqligini baholash;
qayta ishlangan natijalarni qisqa va ko’rgazmali (jadval, grafik, sxema va hokazo) shaklda taqdim etish.
Eksperimental ijod bilan shug’ullanar ekanmiz, biz o’rganilayotgan hodisaning muhim jihatlarini ajratamiz. So’ng ularni umumlashtirib, ishchi gipoteza tuzamiz va undan u yoki bu xulosalar chiqaramiz. Xulosalarni ham eksperiment yo’li bilan tekshirib ko’ramiz. Ularni tekshirish uchun murakkab, tartibsizlikka to’la atrof-olamda «sof», sodda modelni yaratish zarur. Tadqiqotchining ijodiy qobiliyati o’z eksperimentlarini o’tkazish uchun mana shunday aniq, ilmiy jihatdan benuqson vaziyatni yaratishda to’laqonli ro’yobga chiqadi, Bu erda tadqiqotchi-olimning iste’dodi, sezgisi, xotirasi, butun bilimi va hayotiy tajribasi namoyon bo’ladi. Ko’pincha eksperimentlar olimning sog’lig’i va hayotiga xavf soluvchi sharoitlarda o’tkaziladiki, bu undan mardlik, jasorat va tavakkal qilishni talab etadi.
Franstuz olimlari Mariya va Per Kyuri radioaktivlikni o’rganish bo’yicha xavfli eksperimentlar o’tkazishda ongli ravishda o’z hayotlarini xavf ostiga qo’yganlar. Ko’pgina mikrobiolog va tibbiyotchi olimlar yangi tibbiy dori-darmonlarning ta’sirini o’zida sinab ko’radi. Yangi ilmiy bilimga erishish yo’lida beg’araz va sadoqat bilan xizmat qilishga bunday misollarni fan tarixidan ko’plab keltirish mumkin.
Puxta o’tkazilgan eksperiment ob’ektning yashirin, ichki xossa va aloqalarini aniqlash, hodisaning analizidan o’rganilayotgan jarayonning mohiyatini ko’rib chiqishga o’tish imkonini beradi. Odatda, ilmiy eksperiment ko’p karra takrorlanadi. Bu eksperimental ma’lumotlarni to’g’ri talqin qilish uchun zarur statistikani to’plash imkonini beradi. Agar turli eksperimentlar majmuining natijalari bir-biriga mos kelmasa yoki bir-biriga yaqin bo’lmasa, bunday tafovutning sabablarini topish talab etiladi. Agar buning sababi eksperimental moslamada bo’lsa, uni bartaraf etish, o’rganilayotgan ob’ektning xossalari haqida bilimlarimiz va tasavvurlarimiz etarli emasligida bo’lsa, boshlang’ich asoslar, gipotezalar va nazariyalarni qayta ko’rib chiqish kerak. Ikkala holda ham ijod uchun keng maydon ochiladi.
Eksperimentni o’tkazish jarayonida eksperimentchi o’zining asosiy kuchi va e’tiborini haqiqatning tagiga etish, haqqoniy ilmiy faktlar olishga ko’maklashadigan metod, usul, yondashuv, asos konstepstiyani tanlashga yo’naltiradi. Ko’pgina hollarda bu tom ma’noda ijodiy vazifadir.
Fizika, kimyo, biologiya va boshqa fanlardagi buyuk kashfiyotlarning ko’pchiligi o’ziga xos tarzda tuzilgan va o’tkazilgan eksperiment bilan bog’liq. Masalan, 1894 yilgacha atmosfera havosi kislorod va azotdan tashkil topgan (suv bug’i, uglerod ikki oksidi va vodorodning oz miqdorda aralashmasi mavjud) deb hisoblanib kelingan. Ammo, Reley atmosfera gazining zichligini o’lchash bo’yicha o’tkazgan puxta eksperimentlar uni va Ramseyni 1895 yilda er atmosferasining 1% ni tashkil etuvchi argon inert gazining kashf etilishiga olib keldi.
Ba’zan turli eksperimental metodlarning natijalarini taqqoslash foydali bo’ladi. 1927 yili Aston fizika metodi yordamida massa-spektrometr bilan eksperiment o’tkazish jarayonida vodorod massasi 1,00778 ga teng ekanligini aniqladi. 1929 yili kimyoviy metodlar boshqa natija berdi – 1,00799. Bu eksperimental tafovutlarni taqqoslab, Byorg va Menzel 1931 yili vodorod-deyteriyning og’ir izotopi mavjudligini asoslab berdi.
Maykelson va Morli tomonidan 1881-1887 yillarda o’tkazilgan turli yo’nalishlarda tarqaluvchi yorug’lik tezligini aniq aniqlash bo’yicha eksperimentlar XX asr boshida A.Eynshteyn tomonidan maxsus nisbiylik nazariyasining yaratilishiga ko’maklashdi.
1860 yillarda G.Mendel no’xat donalari bilan eksperiment o’tkazib, irsiy genetikaning asosiy qonunlarini kashf etdi. Dunyoning hozirgi zamon ilmiy manzarasi mohiyat e’tibori bilan mustahkam eksperimental zaminga egadir. Eksperimentchining ijodiy qobiliyati qarashda emas, balki ko’rishda namoyon bo’ladi. Tabiat o’z sirlarini insonga o’zi ochib bermaydi. Inson tabiatda tirishqoqlik va chidam bilan izchil eksperimentlar o’tkazish orqaligina haqqoniy bilimlarni tomchilab yig’adi hamda borliqning yanada teran sirlarini bilishga yaqinlashadi. Bunda xato va kamchiliklarga yo’l qo’yilishi muqarrar, ammo eksperiment o’tkazish yo’li bilangina biz xaqiqatning tagiga etishimiz mumkin. Fanda bundan boshqa yo’l yo’k.
O’tkazilgan ko’pgina eksperimentlarning aniqligi aklni lol qoldiradi. Masalan, ko’pgina fizik kattaliklar milliondan bir ulushigacha va hatto undan ham aniq hisoblangan. Eksperimentlar o’tkazishda aniq o’lchashlar muhim maqsadni ko’zlaydi. Ular bizning nazariy tasavvurlarimizni tekshirish imkonini beradi. Tafovutlar vujudga kelgan taqdirda ular yangi nazariyalar va kashfiyotlarga olib keladi. K.Popper o’zining ilmiy bilimning o’sishi haqidagi epistemologik konstepstiyasida aynan eksperimental metodni birinchi o’ringa qo’yadi: sinov va xatolarning eksperimental metodigina insonga ilmiy bilish, haqiqat sari yo’l ochish imkonini beradi. Ilmiy eksperiment natijasida yangi, ilgari ma’lum bo’lmagan xossalar yoki hodisalar aniqlanadi. Bu tom ma’nodagi ijod, ya’ni yangilik yaratishdir, binobarin, ilmiy bilishda eksperiment olim aql-idroki ijodiy faoliyatining, uning qobiliyatlari va bilimining moddiy ifodasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |