8.2. O‘zbekistonning aholi geografiyasi (XX asrning 20-80-yillari)
O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgandan so‘ng ham respublika ko‘p millatli edi: O‘rta Osiyoda jami 8131062 kishi istiqomat qilgan bo‘lsa, bu aholining 3963285 tasi O‘zbekiston SSRga o‘tdi. Ulardan o‘zbeklar 3381579 kishini, ya’ni respublika aholisining 3/4 qismini tashkil etgan. Haqiqatda, O‘rta Osiyo hududida yashovchi barcha o‘zbeklarning qariyb 90 foizi O‘zbekiston SSR hududida edi.
1926 yilda respublika aholisining umumiy soni 4 million 621 ming kishiga yetib, ularning 1 million 12 mingi shaharlarda, 3 million 657 mingi esa qishloq joylarida istiqomat qilgan. Umumiy aholiga nisbatan shahar aholisi 21,9 foizni, qishloq aholisi esa 78,1 foizni tashkil etgan. O‘zbekiston hududida ko‘pgina millatlarning vakillari yig‘noq guruhlar sifatida istiqomat qilishardi. 1926 yilgi aholi ro‘yxatiga binoan bu yerda 490 ming tojik, 130 ming qozoq, 81 ming qirg‘iz, 72 ming arab, 36 ming uyg‘ur mavjud edi va hokazo.
1930 yillarda O‘zbekiston aholisining umumiy soni 4 million 926 ming kishini tashkil etib, ularning 1 million 12 mingi shaharlarda, 3 million 847 mingi esa qishloq joylarida istiqomat qilgan.
O‘tgan asrning 40-yillariga kelib esa respublika aholisining umumiy soni 6 million 551 ming kishini tashkil etib, ularning 1 million 606 mingi shaharlarda, 4 million 945 mingi esa qishloq joylarida istiqomat qilgan. Shahar aholisi 25 foizni, qishloq aholisi esa 75 foizni tashkil etgan.
Stalin boshliq markaziy hokimiyat amalga oshirgan milliy siyosatning zarari, adolatsizligi odamlarning qattiq qatag‘on qilinishi bilan chegaralanib qolmadi. Uning mudhish ekanligi yana shundaki, ko‘plab xalqlarning milliy davlatchiligi buzildi, respublikalar va muxtor viloyatlarning haq-huquqlari poymol qilindi.
1937-1938 yillarda mustabid tuzum zo‘ravonlik bilan Rossiyaning Uzoq Sharq o‘lkasidan 74500 koreys aholisini majburiy ravishda ko‘chirilib, O‘zbekiston hududiga olib kelindi. Uzoq Sharq o‘lkasidan koreys aholisi majburiy ravishda ko‘chirilishiga asosiy sabab SSSR bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi edi. Chunki bu davrda Koreya yarim orolining bir qismi Yaponiya tomonidan bosib olingan bo‘lib, bu yerdagi koreys aholisi bilan Uzoq Sharq koreyslarining etnik kelib chiqishi bir edi. Shu sababdan mustabid Sovet davlati 1937 yil 21 avgustda qabul qilgan “Uzoq Sharq o‘lkasi chegara rayonlaridan koreys aholisining ko‘chirish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 170 ming koreyslar O‘rta Osiyo va Qozog‘iston hududiga majburan ko‘chirib olib kelingan edi. Bu davrda O‘zbekiston SSRning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari shunchalik ko‘p miqdordagi koreys aholisini qabul qilish va joylashtirishga qurbi yetmasdi. Lekin shunga qaramasdan o‘zbek xalqi koreys aholisiga nisbatan markaziy hukumatning “munosabatidan” qat’i nazar ularga o‘zining millliy mehmondo‘stligini, bag‘rikengligini ko‘rsatdi. Ularni uy-joy, ish bilan imkon darajasida ta’minladi, madaniy o‘choqlar yaratdi, bolalarining o‘qishi, ta’lim olishi uchun maktablar qurib berdi.
O‘tgan asrning 40-yillari o‘rtalarida Volganing quyi oqimi va Kaspiy dengizi qirg‘oqlarida yashovchi qalmoqlar, Shimoliy Kavkazda yashovchi qorachoylar, chechenlar, ingushlar va bolqarlar, 1944 yilda esa qrim tatarlari, greklar, keyinroq mesxeti turklari ham o‘z vatanlaridan Sibir va O‘rta Osiyoga surgun qilindilar.
Jumladan O‘zbekistonga 175 mingdan ortiqroq chechenlar, 157 ming ingushlar, 150 mingdan ortiqroq qrim tatarlari, 4500 bolqarlar, o‘n minglab mesxeti turklari, greklar ko‘chirib keltirildi. O‘zbek xalqi ularni beg‘araz kutib olib, yashash uchun uy-joy, oziq-ovqatlar bilan yordam berdi. Mahalliy hokimiyat ularga hosildor yerlardan tomorqa yer, uy qurish va xo‘jalik yuritish uchun kredit mablag‘lari ajratdi. Ko‘chirib keltirilganlar ancha mashaqqatlar bilan yangi joylarga asta-sekin moslashib bordilar.
O‘zbekistondan Ikkinchi jahon urushiga safarbar etilganlardan 263005 kishi halok bo‘ldi, 132670 kishi bedarak yo‘qoldi, 60452 kishi nogiron bo‘lib qaytdi. Shubhasiz, bu raqamlar urushdan keyingi bir necha yillar davomida ham respublikamizning demografiyasi va mehnat resurslariga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib turdi.
50-yillar o‘rtalariga kelib respublika aholisining umumiy soni 7 million 170 ming kishini tashkil etib, ularning 2 million 319 mingi shaharlarda, 4 million 851 mingi esa qishloq joylarida istiqomat qilgan. Umumiy aholiga nisbatan shahar aholisi 32,3 foizni, qishloq aholisi esa 67,7 foizni tashkil etgan.
O‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalariga kelib respublika aholisining umumiy soni 13 million 778 ming kishini tashkil etib, ularning 5 million 300 mingi shaharlarda, 8 million 430 mingi esa qishloq joylarida istiqomat qilgan. Respublika aholisining 38,5 foizi shaharlarda yashagan. Bu davrda O‘zbekistonning barcha yerida o‘zbeklar (63 foizga yaqin), ruslar (13,6 foiz - asosan shaharlarda), Qoraqalpog‘iston ASSRda qoraqalpoqlar (2 foizdan ortiq) yashagan. Tojiklar (3,8 foiz) va qozoqlar (3,8 foiz), shuningdek, anchagina tatarlar (5,5 foiz) ham va boshqa xalqlar ham yashagan.
O‘zbekiston vohalarida aholi zichligi sobiq SSSR da eng yuqori bo‘lib ba’zi yerlarda 1 kv. km. da 400 kishigacha va bundan ham ko‘proq to‘g‘ri kelgan; cho‘l hududlarida (Qoraqalpog‘iston ASSR, Buxoro viloyatida) 1 kv. km. ga 3-5 kishi to‘g‘ri kelgan.
O‘rta Osiyodagi yirik shaharlarning ko‘pchiligi O‘zbekistonda bo‘lib, 59 mingdan ortiq aholi bo‘lgan 14 shahardan 9 tasi O‘zbekistonda joylashgan. 1970 yil boshidagi ma’lumotlarga qaraganda, respublika poytaxti Toshkentda 1 million 385 ming kishi istiqomat qilgan. U Volga va Kaspiydan sharqdagi eng katta shahar, O‘rta Osiyoning eng yirik iqtisodiy va madaniy markazi hisoblangan. Bu davrda Samarqand, Buxoro, Andijon, Namangan, Chirchiq va Qo‘qonning har birida 100 mingdan ortiq aholi yashagan. O‘tgan asrda O‘zbekistonda eski shaharlar – o‘sishi bilan bir qatorda ko‘pgina yangi sanoat korxonalari qurilishi munosabati bilan ko‘pgina yangi shaharlar (Bekobod, Chirchiq, Ohangaron, Yangiyo‘l, Quvasoy, Kattaqo‘rg‘on, Navoiy va boshqalar); Mirzacho‘lning sug‘oriladigan qismida yangi shaharlar – Guliston va Yangiyer barpo etilgan.
O‘tgan asrning 90-yillariga kelib respublika aholisining umumiy soni 20 million 322 ming kishini tashkil etib, ularning 8 million 282 mingi shaharlarda, 12 million 40 mingi esa qishloq joylarida istiqomat qilgan. Umumiy aholiga nisbatan shahar aholisi 40,8 foizni, qishloq aholisi esa 59,2 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, sobiq sho‘rolar davrida O‘zbekistonda yosh bolalar o‘rtasida o‘lim darajasi yuqori bo‘lgan. Masalan, 1975 yilda har ming nafar tug‘ilgan boladan 53 tasi bir yoshga yetmay o‘lgan. Bu salbiy ko‘rsatkich 1985 yilda 45 tani tashkil etganligi ham ijtimoiy masalalar to‘liq hal etilmaganligini ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |