1. Iqtisod sotsiologiyasining predmeti va ob’ekti. Iqtisodiy jarayonlardagi sotsial munosabatlar.
XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib, iqtisodiy hayot Sotsiologiya ning tadqiqot ob’ektiga aylandi. Xuddi shu davrda ishlab chiqarishda inson omilining yetakchilik roli anglab yetildi va bu boradagi tafakkur shakllanib bordi.
Hozirgi davrda iqtisodiy hayotni ma’lum bir konsepsiyalarsiz, mafkuraviy maqsadlarga asoslanmasdan tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, Prezident Islom Karimovning bozor iqtisodiyotiga o‘tish davri tamoyillaridan biri bo‘lgan «iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi» tamoyili iqtisodiy hayotning ma’muriy- buyruqbozlik mafkurasidan xoli bo‘lishini, iqtisodiyotni erkinlashtirishni ko‘zda tutadi.
Iqtisodiy hayot inson ma’naviy hayoti bilan uzviy bog‘liqdir.
Prezident I.Karimov ta’kidlaganlaridek, «Bizning bozor munosabatlariga o‘tish modelimiz respublikaning o‘ziga xos sharoitlari va xususiyatlarini, an’analar, urf-odatlar, turmush tarzini har tomonlama hisobga olishga, o‘tmishdagi iqtisodiyotni bir yoqlama, beso‘naqay rivojlantirishning mudhish merosiga barham berishga asoslanadi».
Iqtisodiy hayot sotuvchi va xaridor o‘rtasida madaniy, ma’naviy munosabatlarsiz mavjud bo‘lmaydi. Agar ishchining mafaatlari, ehtiyojlari inobatga olinmasa, ularning maqsadi va intilishlariga sharoit yaratilmasa, hech qanday texnik va texnologiya muammolarini hal qilishga imkoniyat bermaydi.
G‘arb davlatlarida XX asr 60-yillarida «Iqtisodiy sotsiologiya» fanining ijtimoiylashuvi tendensiyasi kuchaydi. «Iqtisodiy sotsiologiya» ni bugungi kunda global va xususiy masalalarni hal qiluvchi fan sifatida tasavvur qilish mumkin.
Iqtisodiy hayotni ijtimoiy talqin etishga birinchi bor G‘arbda F.Teylor e’tibor berdi. U ishchilarning mehnatga bo‘lgan qiziqishini o‘rgandi va 1894 yili mehnatga haq to‘lash tizimiga asoslangan nazariyani ishlab chiqdi. Bu g‘oyada «iqtisodiy odam» konsepsiyasi asosida shu narsalarga e’tibor berildi:
Eng qisqa vaqtda ishchi qancha ko‘p hajmda ish bajarsa, unga shuncha haq to‘lash.
Ishning hajmini emas, balki samaradorligi va yaxshiligini rag‘batlantirish.
Ishchilarga kam ish haqi berish va ko‘p berish baravar zararlidir.
Ishlovchida yuksak haq oluvchi bo‘lishga intilish hissini uyg‘otish, yuksaklikka intilib yashash.
Teylor konsepsiyasi Amerika sanoatida Ford tomonidan ishlab chiqarishga tatbiq etildi, konveyer ishlab chiqarishi sharoitida mehnatning samaradorligi rag‘batlantirildi.
Jamiyatni taraqqiy ettirish va iqtisodiyotni isloh qilish yo‘llarining xilma-xilligi bir qancha omillarga bog‘liq. Avvalambor, bunga ularning aniq maqsadni ko‘zlab yo‘naltirishi va iqtisodiyotning amal qilish prinsiplari sabab bo‘ladi. Bir necha o‘n yillar mobaynida jahonda ijtimoiy taraqqiyotning bir-biriga mutlaqo zid bo‘lgan “kapitalistik va “sotsialistik” nazariyalari o‘zaro kurashib, jaxonda o‘z ta’sirini o‘tkazishga intilib keldi. Sobiq SSSR iqtisodiyotida moddiy rag‘batlantirish o‘rniga tenglik tushunchasi maydonga tashlandi. Natijada mulkning davlat va kooperativ shakli mutlaqlashtirildi. Bu esa ishchining mehnatdan, mulkdan begonalashuviga olib keldi. Kam ish haqi oluvchilarning ish haqi yuqori malakali mutaxassislarni rag‘batlantirmasdi.
Iqtisodiy konsepsiyalardan yana bir necha xilini ko‘rib chiqishimish mumkin, ya’ni:
“Asosiy ehtiyojlar konsepsiyasi”. Axolining eng kam tirikchilik ehtiyojini kafolatli tarzda ta’minlash va ish bilan band qilish muammolarini hal etish ushbu konsepsiyaning asosiy maqsadidir.
“Maqbul yoki tegishli texnologiya” konsepsiyasi. Bu konsepsiya aholi bandligini ta’minlaydigan va mahalliy xom-ashyoni, avvalo qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashga qaratilgan sermehnat texnologiyani rivojlantirish zarurligiga asoslanadi.
“O‘z kuchiga jamoa bo‘lib tayanish konsepsiyasi”. Bu konsepsiya mavjud zaxiralardan to‘liqroq foydalanishga va rivojlanayotgan mamlakatlarning taraqqiy etgan mamlakatlarga qaramligini kamaytirish maqsadida ular o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Rivojlanayotgan mamlakatlarning ko‘pgina andozalari, iqtisodiy taraqqiyot yo‘llari yuqorida ko‘rsatilgan konsepsiyalar va nazariyalarning o‘ziga xos qo‘shilmasidan iborat edi.
Hozirgi sotsiologlar va iqtisodchilar jamiyatning quyidagi ko‘rinishlarini tatqiq etmoqdalar:
1. An’anaviy jamiyat.
2. Industrial jamiyat.
3. Postindustrial jamiyat.
Do'stlaringiz bilan baham: |