Buxoro xoni Abulfayzxon Pyotr I ni shvedlar ustidan g`alabasi bilan qutlab 1717 yil elchi Qulibekni Pyotr I huzuriga yuborgan va Buxoroga elchi yuborishni so`ragan. Pyotr I bunga javobon 1721 yil F.Beneveni elchi qilib jo`natadi va unga Sharqqa boradigan suv va quruqlik yo`llarini o`rganish; rus savdosini kengaytirish; Buxoroni Rossiya bilan ittifoq tuzishga va rus gvardiyachilarini taklif qilishga ko`ndirish; qaerda oltin borligini aniqlab xaritaga tushirish; qal`a va qo`shini, ichki va tashqi ahvolni, Buxoroning Eron va Xiva bilan munosabatini aniqlash vazifasi yuklatilgan. F.Beneveni Buxoroda to`plagan ma`lumotlarni Sankt-Peterburgga ochiq va shifrlangan xat orqali jo`natib turdi, u Buxoroda 3,5 yil turdi va 1725 yil Peterburgga qaytib keldi.
Qozoqlarning Kichik, O`rta, Katta juz sultonlari o`rtasida XVIII asr 1-choragida o`zaro kurash kuchaydi, natijada nochor ahvolga tushib, tashqaridan yordam so`radi. Kichik juz sultoni Abulxayr Rossiya tobeligiga o`tish istagini bildirib 1730 yil elchi jo`natadi. 1732 yil Kichik juz, 1739-1740 yillarda Semekexon boshchiligidagi O`rta juz, 1747 yil Katta juz Rossiya tobeligiga o`tadi. Qozoq juzlarining Rossiya tobeligiga o`tishi natijasida Rossiya uchun Markaziy Osiyoni o`z ta`siriga bo`ysundirish yo`lida qulay imkoniyat yuzaga keladi.
Senat kotibi I.Kirillov boshchiligida 1734 yil harbiy guruh tayinlanadi, u "Orol dengizida Rossiya bayrog`ini ko`tarish", "Buxoro va Hindistonga" boradigan yo`lni ochishi, oltin konlarini izlashni davom ettirishi lozim edi. Kirillov guruhi 1735 yil Or daryosi bo`yida Or qal`asini (keyinchalik Or qal`asi atrofida Orenburg shahri vujudga keladi), Yoyiq va Irtish sohili (Sibir)da istehkomlar qurdi.
Rossiya savdo-iqtisodiy aloqalarida Markaziy Osiyo xonliklarining ahamiyati XVIII asr 2-yarmidan yanada ortishiga: 1) Rossiyada rivojlanayotgan sanoat uchun xomashyo manbalari topishga intilish. 2) Osiyoda, xususan Hindistonda Angliya ta`sirining kuchayishi sabab bo`lgan. XVIII asr oxiri XIX asr boshida rus sarmoyasi Markaziy Osiyo bozorida etakchi o`rinni egalladi. Ingliz mollari Rossiya orqali olib kelinar edi. Nijegorod yarmarkasida Rus savdogarlaridan tashqari o`zbek xonliklari, Eron va Hindistondan kelgan savdogarlar ham qatnashgan. XIX asr boshlarida Rossiya o`zbek savdogarlari uchun katta imkoniyat yaratdi: ba`zi cheklashlar bekor qilindi, Rossiyaning ichki shaharlarida ham savdo qiladigan bo`lishdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |