Namangan shahri xonlikning yirik shaharlaridan biri bo`lib, uning nomi manbalarda XVII asrdan boshlab uchraydi. 1620 yil Farg`onaning qadimgi poytaxti Axsikant zilzila tufayli vayron bo`lgach aholi Namangan atrofiga ko`chib o`tgan. Namangan tuz koni ("namak kon") yaqinida qurilgan bo`lib, XVIII asrda Qo`qon xonligi hududiga kirgan. Namangan beklik markazi bo`lib, aholisi hunarmandchilik bilan shug`ullangan. Namanganda 1819-1822 yyil Yangi ariq kanali qazilgan. Namangan shahri 1842-1845 yyil baland devor bilan o`ralgan.
Toshket Markaziy Osiyoning qadimiy shaharlaridan biri bo`lib, 2009 yil 2200 yilligi nishonlangan. U turli davrda Choch, Shosh, Binkat nomlari bilan atalib, XI asrdan Toshkent deb atala boshladi. Toshkent 1503 yil Shayboniylar davlati tarkibiga kiritildi. XVI asrda shaharda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, Baroqxon va Ko`kaldosh madrasalari bunyod etildi. Toshkent 1723-1758 yyil ko`chmanchi jung`orlarga tobe bo`ldi. So`ng Toshkentda 4 ta mustaqil hokimlik qaror topgan, 1784 yil 4 hokimlik tugatilgach, shahar 1810 yilgacha YUnusxo`ja barpo etgan Toshkent hokimligining markazi bo`ldi.
Toshkent 1810 yil Qo`qon xonligi tarkibiga qo`shib olingach, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. O`rta asrlarda yashagan Zayniddin bobo uchun yangi maqbara bunyod etildi. Yunusxo`ja qarorgohi Eski O`rda buzilgach, yangi - Qo`qon O`rdasi bunyod etildi. Toshkent xalqaro savdo yo`lida joylashgani uchun hunarmandchilikning turli sohalari yuksak rivojlangan. Chorsu shahar hayotining markazi bo`lgan. Toshkentning xo`jalik hayoti qishloq aholisining faoliyati bilan bog`liq edi.
36-§. Qo`qon xonligida madaniy hayot
Umarxon va madaniy muhit. Qo`qon, Marg`ilon, Andijon, Namangan, Toshkent shaharlari Qo`qon xonligining savdo-hunarmandchilik va madaniyat markazlari bo`lgan. Qo`qon shahrida 120 ta maktab, 40 ta madrasa va masjid, Marg`ilonda 80 ta maktab, 10 ta madrasa va masjid faoliyat yuritgan. XVIII - XIX asr 1-yarmida bu erda ilm-ma`rifatda mashhur ijodkorlar etishib chiqdi.
Qo`qon xoni Umarxon XIX asr boshlarida vujudga kelgan ilmiy-madaniy muhitning asoschisi, ma`rifatparvar hukmdor va shoir edi. Qo`qon ilmiy-madaniy muhitining rivojida Umarxonning umr yo`ldoshi, shoira Nodirabegimning ham hissasi katta bo`ldi. Umarxon Amiriy taxallusi bilan she`rlar yozgan, uning atrofida 70 dan ortiq shoir yig`ilgan. Amiriy o`zbek va fors tillarida ijod qilgan; g`azallar devoni 1882 yil Istambulda, 1905 yil Toshkentda chop etilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |