30-§. XVIII-XIX asrlarda qoraqalpoq adabiyoti
Yozma adabiyot qoraqalpoqlarda XVIII asrdan boshlab shakllandi va rivojlana bordi. XVIII-XIX asr 1-yarmida qoraqalpoq adabiyotining ko`plab namoyandalari ijod qildi.
Jiyen Jirov (1730-1784) baxshi va hajvchi shoir edi. U "Hoy yigitlar, yigitlar", “Yuragimda ko`p dog`im" kabi she`rlarida jamiyatdagi nohaqliklarni, hukmron tabaqalar zulmini fosh etadi. Qozoq xoni Abulxayrdan engilan qoraqalpoqlarning ko`chishlari guvohi bo`lgan shoir "Darbadar el" dostonini yozdi, unda qoraqalpoqlarning mashaqqatli davri tarixini bayon etgan. Sirdaryo bo`ylaridagi qoraqalpoqlarning bir qismi Toshkent atrofiga (Chirchiq bo`ylariga); boshqa qismi Qizilqum orqali Xorazmga (Orol janubiga) ko`chib ketganlar. J.Jirov baxshi sifatida "Qirqqiz", "Alpomish" kabi dostonlarni kuylagan.
Kunxo`ja Ibrohim (1799-1880) qoraqalpoqlarning ko`zga ko`ringan vakillaridan biri. Shoirning "O`roqchilar", "Cho`ponlar", "El bilan" kabi she`rlarida Xiva xonligiga tobe bo`lib qolgan qoraqalpoqlarning og`ir, erksiz hayotini tasvirlaydi, hukmron tabaqalar kirdikorlarini fosh etadi.
Ajiniyoz Qo`siboy o`g`li (1824-1878) (taxallusi Zevar) qoraqalpoq xalqining atoqli shoirlaridan biri. Mo`ynoqdagi eski maktabda va Xivadagi Sherg`ozixon madrasasida o`qib, ilm oldi. Uning "Bo`zatov" dostoni qoraqalpoqlarning boshqa yurtlarga ko`chishi haqida. Ajiniyozdan 100 dan ortiq she`r va dostonlar meros qolgan. 1999 yil Ajiniyoz tavalludining 175 yilligi munosabati bilan Nukus shahrida Ajiniyoz maydoni barpo etilib, unga haykal o`rnatildi.
Berdaq (1827-1900) (ismi Berdimurod Qarg`aboy o`g`li) qoraqalpoq xalqi adabiyotining asoschisi. Berdaq ovul maktabida va madrasada tahsil ko`rgan, 18-19 yoshidan she`r aytib, 25 yoshida tanilgan. Uning "Bo`lgan emas", "Umrim", “Soliq” kabi she`rlarida xalqning og`ir hayoti, Xiva xoni va amaldorlari zulmiga qarshi norozilik aks etgan. "O`g`limga", "Ahmoq bo`lma", "Xalq uchun" she`rlarida yoshlarni vatanni sevishga, ma`rifatni egallashga, xalq uchun jonni ayamaslikka chaqirdi.
Berdaq xon zulmiga qarshi kurashgan xalq qahramonlari haqida "Omongeldi", "Oydo`stbiy", "Ernazarbiy" kabi tarixiy asarlar yozgan. Uning "Avlodlar" asari tarixiy voqealar solnomasi bo`lib, xalqlarning kelib chiqishi, qoraqalpoqlarning turkiy xalqlar bilan aloqasi, hayotidagi umumiylik bayon etilgan. Berdaqning "Ernazarbiy" dostonida Xiva xonligi zulmiga qarshi ko`tarilgan isyon aks ettirilgan. Berdaq tavalludining 170 yilligi 1998 yil nishonlandi, unga Toshkentda va tug`ilgan joyi - Bo`zatovda byust, Nukusda haykal qo`yildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |