2-masalaning bayoni: Har bir milliy-etnik madaniyat o‘ziga xos xususiyatlari bilan ajrab turadi va o‘ziga xoslik turli-tuman narsalarda namoyon bo‘lishi mumkin. Xar bir etnik madaniyat o‘ziga xos mantiqqa ega va aynan mazkur mantiq asosida mazkur madaniyatga xos asosiy o‘zgarmas va ikkinchi darajali o‘zgaruvchan xususiyatlarni izohlash mumkin.
An’anaviy milliy madaniyatni yaxlit va ko‘p qirrali hodisa sifatida o‘rganish, uning to‘zilishi, asosiy ko‘rinishlari, shakllarini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Shu bois biz etnomadaniyat evolyutsiyasi va umumqabul qilingan madaniyat tasnifidan kelib chiqib, xalq madaniyatining asosiy sohalariga to‘xtalib o‘tamiz. Holbuki, etnomadaniyat va uning tarkibiy qismi bo‘lgan an’anaviy xalq madaniyat tizimining tarkibiy qismida: xalq donishmandligi, xalq falsafasi, xalq e’tiqodi, xalq pedagogikasi, xalq odatlari, xalq ijodi, xalq o‘yinlari, dam olish madaniyati, xalq pazandaligi, milliy liboslar, xalq me’morchiligi, xalq amaliy san’ati, xalq tabobati, xalq turmush madaniyati kabi ko‘plab sohalarni ajratsa bo‘ladi.
O‘tgan XX asrning oxirgi choragida etnologiyada yangicha yo‘nalishlarning paydo bo‘lishi mazkur fan doirasida bajarilayotgan tadqiqotlarni ham tubdan ham mazmunan ham mohiyatan o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Aynan shu davrdan boshlab tadqiqotchilar tomonidan an’anaviy ko‘rinishni olgan uzoq yurtlardagi o‘ziga xos egzogamik madaniyatlar emas, balki, zamonaviy jamiyatlarni o‘rganishga ko‘proq e’tibor qaratila boshlandi. Natijada qator yangi nazariyalar va maktablar paydo bo‘ldi va tadqiqotchilar tomonidan etnologiyaning o‘ziga xos yangi yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlar bajarila boshlandi. Jumladan, Farbiy Yevropa etnologiyasida ijtimoiy etnologiya, huquqiy etnologiya, siyosiy etnologiya, diniy etnologiya, xo‘jalik (iqtisodiy) etnologiyasi shakllandi va istiqbolli rivojlanib bormoqda. Umuman olganda etnologiya sohasida shu kunlarda tadqiqot olib boruvchi yoki ushbu fanga qiziquvchi kishilar:
— insoniyat o‘zini o‘rab turgan tevarak atrofni qanday tarzda tasavvur etadi?
— odamlar tasavvurida moddiy olamdagi predmetlar qanday ma’no kasb etadi?
— ushbu qarashlarning o‘zgarish jarayoni qanday kechadi?
— madaniyatlararo munosabatlar an’anaviy va zamonaviy madaniyatlarga qanday ta’sir o‘tkazadi?
— dunyoning etnik manzarasi o‘zida nimani aks ettiradi va bu manzaraning o‘zgarishi qanday mexanizmlar asosida o‘zgaradi?
— u yoki bu madaniyat vakillari dunyodagi sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarga qay tarzda moslashadi va o‘z navbatida u yashayotgan jamiyatning moslashishi qanday printsiplarga asoslanadi?
— zamonaviy industrial jamiyatda milliy-etnik madaniyatlarning roli va o‘rni qanday?
— xar qanday holatda etnos vakillari tafakkurida nima o‘zgarmaydi, yoki nima butkul unutilishi, yoinki o‘zgarishi mumkin va o‘z navbatida bu jarayon qanday kechadi?
— madaniyatlarning o‘zining ichidagi o‘zaro bog‘liqlik va o‘zaro aloqalar qay tarzda yuz beradi,
— etnik madaniyatda barcha tizimni mustahkam ushlab turuvchi va jamiyat hayotida sodir bo‘ladigan qizg‘in o‘zgarishlar jarayonida himoya qiluvchi mustahkam o‘zgarmas qism mavjud-mi? – degan savollarga javob izlaydilar.
Shubhasiz mazkur muammolarning aksariyati oxirgi o‘n yilliklardagina etnologlarning tadqiqot muammosiga aylandi, – deb aytish mumkin. Bu borada ayniqsa G‘arb mamlakatlarida so‘nggi o‘n yilliklarda etnologiya fani «postmodernizm» falsafasiga asoslangan bo‘lib, bunda bevosita ijtimoiy guruhlar orasidagi etnoslararo jarayonlarni tadqiq qilish asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, lokal va global jarayonlarni tadqiq qilishda tadqiqotchilar tomonidan tadqiqiy tanlanish, ya’ni jamiyat hayotidagi barcha jarayonlarni emas, balki etnos va madaniyatning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda eng muhim deb hisoblangan qarashlargina tadqiq qilinmoqda. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, bajarilayotgan so‘nggi tadqiqotlarda asosiy e’tibor insoniyatning rivojlanish bosqichlari, ya’ni uning yerda paydo bo‘lgandan to hozirgi davrgacha bo‘lgan tarixiy yo‘linining global miqyosdagi tavsifiga emas, balki muammoviy tanlanish asosidagi tadqiqotlarga qaratilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |