O’zbek xalq ertaklari
Nima eksang , shuni olasan
Bir bor ekan, bir yo’q ekan ,juda qadim zamonda bir chol yashagan ekan.Uning xotini vafot qilgan ,chol balog’atga yetgan o’g’li bilan bir o’zi qolgan ekan.Otasi o’g’lini ikki yil keyin uylantiribdi.Kelini ishyoqmas, qo’pol ekan.U har kuni arzimagan narsalardan janjal ko’tarar, cholning ahvolidan xabar olmas ekan.
Nima, meni otangizga cho’rilikka olganmidingiz ? Kiyimlarini yuvsam ,hali u qilsam , hali bu qilsam …..Mening jonim o’nta emas-ku, axir?-derkan har kuni ming’irlab.
Chol bechora shol bo’lib qolgan ,erta-yu kech bir joyda qimirlamasdan yotar ekan.
O’g’li oxiri toqati -toq bo’lib, xotiniga:
Xo’sh, maqsading nima, nima qilishim kerak? -debdi.
-Otangizni bu yerdan yo’qoting.Iloji bo’lsa gadoy topmas biror joyga tashlab keling!-debdi xotini.
O’g’il shunday qilsam ,bu la’natining javrashidan qutulaman shekilli, deb o’ylab ,otasini opichlab jo’nabdi.Otasi ham, o’g’li ham bir-biri bilan urishganday jim ketayotganmish.Tevarak atrof jim-jit,faqat chigirtkalarning chirqillashi-yu, oyoq tagidagi xaslarning chitirlab sinishidan boshqa tovush eshitilmas emish.
O’g’il yo’l yuribdi,yo’l yursa ham mo’l yuribdi oxiri tog’ cho’qqisiga yetib boribdi.Tog’ning bir tomoni jarlik ekan. U o’zicha: “Agar shu jarlikka tashlab yuborsam, bu noinsoflik bo’ladi. Yaxshisi, ana u ko’rinib turgan toshning ustiga o’tqazib qo’yay-da, o’zim ketib qolay. Keyin nima bo’lsa bo’lar, peshonasida borini ko’rar “,-deb o’ylabdi.
-Otajon, - debdi cholni tosh ustiga o’tqizar ekan,- siz shu yerda birpas o’tirib dam olib turing,men hozir kelaman.
Chol kulib qo’yibdi.Bundan ajablangan o’g’li to’xtab:
-Otajon, nimaga kulyapsiz?-deb so’rabdi.
-Yo’q, o’zim shunday, ketaver ,yo’lingdan qolma ,-deb javob beribdi otasi yana kulib qo’yibdi.
O’g’li “ yo’q, aytasiz “,deb oyog’ini tirab turib olgandan keyin ,otasi aytishga majbur bo’libdi.
-Meni bu yerga olib kelishingdan maqsad -tashlab ketish.Buni bilib turibman.Xotining shunga seni majbur qilganini ham bilaman.Lekin men xafa emasman.Chunki buni men ham o’z boshimdan kechirganman.Men ham otamni oyingning gapiga kirib ,xuddi shu xarsang tosh ustiga tashlab ketgan edim.Qaytar dunyo ekan.Xo’p, endi o’g’lim ,xayr, baxtli bo’l,-deb so’zini tugatibdi chol.
O’g’li otasidan bu gapni eshitib:”Nima eksang,shuni olasan”,-degan maqolni eslabdi.U nogiron otasini xo’rlaganiga o’kinib , cholni opichlab uyiga qaytarib olib ketibdi va o’zi parvarishlay boshlabdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |