“O‘ZBEK TRANSKRIPSIYASI VA TRANSLITERATSIYASI” KURSIGA KIRISH
Asosiy savollar:
Transkripsiya haqida.
Transkripsiyaning turlarga bo‘linishini izohlaydi.
Xalqaro fonetik alifbo.
Transkripsiya va transliteratsiya.
Transkripsiya (qayta yozuv)ning dialektlarni o‘rganishdagi zaruriyati.
Tayanch tushuncha va iboralar: transkripsiya, qayta yozuv, an’anaviy alifbo, transkripsiya, fonetik va fonologik transkripsiya,fonema, transliteratsiya.
TRANSKRIPSIYA (lot.transcriptio - ko‘chirib yozish) - yozuvning nutq tovushlari talaffuzini aniq ifodalash uchun ishlatiladigan sun’iy (shartli) turi; nutq bo‘laklari (tovush, bo‘g‘in, so‘z)ning tovushiy sifatlarini yozuvda aniq aks ettirish usuli.
Transkripsiya, eng avvalo, 2 ga bo‘linadi: ilmiy transkripsiya va amaliy transkripsiya. Ilmiy transkripsiya o‘z xususiyatiga ko‘ra, fonetik va fonematik transkripsiyalarga bo‘linadi. Fonetik transkripsiya og‘zaki nutq (talaffuz)ni barcha xususiyatlari bilan yozuvda aniq aks ettirishni ko‘zda tutadi va xorijiy tillar (mas, ingliz tili) lug‘atlarida, til darsliklari va notiqlik qo‘llanmalarida, jonli tilni yozib olishda (dialektologik yozuvlar, fonetika darsliklari va b.) qo‘llanadi. Fonetik transkripsiyaning asosiy prinsipi shundaki, talaffuz etilgan har bir tovush yozuvda alohida qayd etilishi kerak. Fonetik transkripsiya amaldagi biror alifbo asosida, unga nutq a’zolaridagi ayrim artikulyasiyalarni aks ettiruvchi ost-ust belgilari yoki ixtiyoriy o‘ylab topilgan belgilar tizimini qo‘shish bilan yaratiladi. Mas, o‘zbek shevalarini o‘rganish maqsadidagi dialektologik yozuvlarda amaldagi alifboda bo‘lmagan ǝ, ɔ, i, e, e (til oldi ), ы, ь ъ (i ning variantlari), o, ү (o‘ ning variantlari) va boshqa belgi (harf)larning qo‘llanishi.
Universal transkripsiya sifatida Xalqaro fonetik uyushma - IPA (International Phonetic Association) tomonidan 1886 yilda lotin grafikasi asosida yaratilgan va doimo takomillashtirib boriladigan xalqaro fonetik alifbo qo‘llanadi.
Fonematik transkripsiya har bir so‘zni fonema tarkibiga ko‘ra aks ettiradi, bunda kuchsiz pozitsiyalarda paydo bo‘ladigan variantlar aks ettirilmaydi. Ushbu transkripsiyaning prinsipiga ko‘ra, har bir fonema, pozitsiyasidan qat’i nazar, doimo ayni bir belgi bilan aks ettiriladi. Fonematik transkripsiyada fonetik transkripsiyaga qaraganda kamroq belgi ishlatiladi, chunki fonemalar miqdori doimo variantlar miqdoridan kam bo‘ladi.
Amaliy transkripsiya muayyan milliy alifbo vositalari orqali boshqa tillardagi atokli otlar, terminlar, maxsus nomlar va sh.k. tarjima qilinmaydigan so‘zlarni aks ettiradi va shu yo‘l bilan ularni qabul qiluvchi tilning bosma matnlariga kiritadi. Amaliy transkripsiya qabul qiluvchi til alifbosidagi belgilar chegarasidan chiqmaydi, lekin belgilarning ayrim g‘ayriodatiy qo‘llanishlariga yo‘l qo‘yadi. Amaliy transkripsiyaga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri qabul qilinayotgan birlikning talaffuzini imkon qadar aniq saqlab qolishdir. SHu bilan birga, amaliy transkripsiya so‘zning morfem tuzilishini, uning grafik xususiyatlari va boshqalarni saqlab qolishi hamda muayyan so‘zning oson o‘zlashishini ta’minlashi kerak. Bulardan tashqari transkripsiya masalalari musiqa va tibbiyotda ham keng qo‘llaniladi. (Qarang, O‘ZME. 8-jild. 2004. –B. 584-585.)
Do'stlaringiz bilan baham: |