4.2. Ko‘rsatish olmoshlarining turlanishi. Shunday turkiy tillar borki, so‘z boshidagi b barcha kelishiklarda o‘zgarishsiz qoladi. Buni bu olmoshning turk tilidagi turlanishida ham ko‘rish mumkin:
1. Bosh kelishik - bu
2. Qaratqich kelishigi - bunun (buni)
3. Jo‘nalish kelishigi - buna
4. Tushum kelishigi - bunu (buni)
5. O‘rin kelishigi - bunda
6. Chiqish kelishigi - bundan
Bunday holat ozarbayjon, o‘zbek va qaraim tillarida ham kuzatiladi.
Ayrim turkiy tillarda bu olmoshidagi b>m: no‘g‘. munьñ (buning), munь (buni), munda (bunda), munan (bundan). Ammo jo‘nalish kelishigi bug‘a (bunga) shakliga ega. Oltoy tilida jo‘nalish kelishigidagi b-bo: (bunga). Shor tilida o‘rin va chiqish kelishiklarida olmosh boshida m keladi: mїnda (bunda)~mїnan (bundan).
Bu jarayon turkiy tillarning alohida davrida sodir bo‘lib, u turkiy bobotilga taalluqli emas.
Boshqa turkiy tillarda olmosh boshidagi b bosh kelishikdan boshqa barcha kelishiklarda doimo mga aylanadi. Bunga turkman tili misol bo‘loladi:
1. Bosh kelishik - bu
2. Qaratqich kelishigi - munuñ (buning)
3. Jo‘nalish kelishigi - muña (bunga)
4. Tushum kelishigi - munї (buni)
5. O‘rin kelishigi - munda (bunda)
6. Chiqish kelishigi - mundan (bundan)
Ko‘rinib turganidek, bosh kelishikdan boshqa barcha kelishiklarda bu (mu) olmosh o‘zagiga n qo‘shiladi.
Shu olmoshining kelishiklarda turlanishida ham (bosh kelishik bundan mustasno) n orttiriladi. Buni shu olmoshning turk tilidagi turlanish paradigmasida ham yaqqol ko‘rish mumkin:
1. Bosh kelishik - shu
2. Qaratqich kelishigi - shunan (shuning)
3. Jo‘nalish kelishigi - shuna (shunga)
4. Tushum kelishigi - shunu (shuni)
5. O‘rin kelishigi - shunda
6. Chiqish kelishigi - shundan
O (ol) olmoshi turlanishida ham o‘ziga xos xususiyatlar bor. Ayrim turkiy tillar, chunonchi, turkman, yoqut, oltoy, qozoq, no‘g‘oy tillarida oxirgi l>n.
Quyida ol olmoshining turkman tilida turlanish paradigmasi keltiriladi:
1. Bosh kelishik - ol
2. Qaratqich kelishigi - onuñ (uning)
3. Jo‘nalish kelishigi - oña (unga)
4. Tushum kelishigi - on ї (uni)
5. O‘rin kelishigi - onda (unda)
6. Chiqish kelishigi - ondan (undan)
Bunday turlanish turk, ozarbayjon va qumiq tillarida ham kuzatiladi.
Ayrim turkiy tillarda bosh kelishikdan boshqa kelishiklarda nafaqat ko‘rsatuvchi element n, balki, ayni paytda, olmosh o‘zagidagi unli ham o‘zgaradi: tat. ul (u), anьñ (uning), aña (unga), anь (uni), anda (unda), annan (undan). Bu hodisa boshqird, xakas, shor va qaraim tillarida ham kuzatiladi.
A unlisi ba’zan bosh kelishikdagi formaga ham kirib boradi: tat. alar (ular), qirg‘. al (u)–alar (ular).
Turkiy tillarda unlili o‘zaklar, umuman, turg‘un emas. Ayrim turkiy tillardagi ana, anaw olmoshida, analogiya bo‘yicha, o‘zakdagi unlilar ushbu holatda o‘zgarishi mumkin. Ana o‘zagi barcha kelishiklarda bir xil: qoz. ana, ananьñ (uning), anag‘an (unga), ananї (uni) kabi. Ol olmoshi bosh kelishikdan boshqalarida on shakliga ega. Ushbu olmoshlar ma’nolarining yaqinligi sababli on o‘zagining ana o‘zagiga ayrim fonetik baravarlashtirish sodir bo‘lishi natijasida on>an sodir bo‘lgan.
Konkret-ko‘rsatish olmoshlariga ts-//-ti- o‘zagidan hosil qilingan olmoshlar ham kiradi: qirg‘. te: (ana shu), tur. de shu (mana shu), gag. te bu (mana shu), olt. tu ol (ana shu).
Ana shu o‘zakdan konkret-ko‘rsatish olmoshi tegi (shu) hosil bo‘ladi: tat., boshq., olt. tigi, qirg‘. tigi(l). Bulardagi oxirgi gi ko‘rsatish elementi hisoblanadi.
Ayrim konkret-ko‘rsatish olmoshlariga mana, ana va inä kabi ko‘rsatuvchi so‘zlar to‘g‘ri keladi: qoz. ana, boshq. änä shul (ana shu), qirg‘. mobu(l) (mana shu), uyg‘. mana u kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |