Tarixiy-an’anaviy tamoyil
So‘zlarning hozirgi talaffuz normasiga mos kelmaydigan, qadimdan o‘zlashib qolgan shaklda yozilishi tarixiy-an’anaviy tamoyil deyiladi. Boshqacha aytganda, so‘zlar hozirgi holatiga ko‘ra emas, balki an’ana tusiga kirib qolgan qoidaga ko‘ra yoziladi: Chor Rossiyasi, pudratchi, fahm, rahm kabi.
Hozirgi orfografiyada tarixiy-an’anaviy tamoyil asosida yoziluvchi ba’zi shakllar quyidagilar:
1. Buyruq-istak mayli (-gin) mumtoz adabiyotimizda qo‘llanib kelgan an’ana (she’riyat talabi)ga ko‘ra -gil, -g‘il tarzida ishlatiladi: borgil // borg‘il.
Meni kutgil va men qaytarmen (K.Simonov)
Bas, yetar, cholg'uvchi, bas qil sozingni,
Bas, yetar ko'ksimga urmagil xanjar (A.Oripov).
2. Maqsad ma’nosini anglatuvchi -gani shaklining -gali, -g‘ali, -kali, -qali shakllari:
Ko‘rgali keldingmu yor,
Kuydirgali keldingmu yor (qo‘shiq).
3. Hozirgi-kelasi zamon sifatdosh shaklini yasovchi -ur shakli:
Yulduzlar o‘tiga bardosh berurman
Fazolar taftiga qilurman toqat (A.Oripov)
4.-mu shakli:
Sevgini tortib bo'lurmu
Toshu tarozi bilan (E.Vohidov)
Qora qoshing oy yuzingda hilol emasmu (P.Mo'min)
5. Navoiy, Fidoiy, Atoiy kabi so‘zlar arab tilining qoidasini o‘zlashtirish asosida orfografiyamizga kirib kelgan.
Differensial tamoyil
Talaffuzda bir-biridan aniq farqlanmaydigan yoki o‘zaro farqlari deyarli sezilmaydigan darajaga kelib qolgan so‘zlar yozuvda maxsus qoida bilan ajratilib yozilishi differensiyalash (farqlash) tamoyili deyiladi. Bu tamoyil kam qo‘llanadi. Ayrim misollar:
1. O‘zaro yaqin, shakldosh so‘zlar yozuvda tutuq belgisi yordamida farqlab qo'llanadi: da’vo – davo, na’sha – nasha, she’r – sher, sur’at – surat, ta’qib – taqib kabi.
2. Ba’zi shakldosh so‘zlar talaffuzda urg‘u yordamida farqlanadi. Imloda bunday so‘zlarga urg‘u belgisi qo‘yiladi: atlas (karta) – atlas (mato), banda (shayka) – banda (qul), aralashma (qorishma) – aralashma (qo‘shilmaslik).
3. -li va -lik qo‘shimchalari yozuvda 1956-yilgacha farqlanmay qo‘llanilar edi. 1956-yildan boshlab adabiy orfografiyamizda ularni farqlab qo'llashga o'tildi. Tegishlilik ma'nosini ifodalashda -lik affiksi: shaharlik, qishloqlik, toshkentlik; ega ekanlik ma'nosida esa -li affiksi qo'llana boshlandi: otli, to'nli. Buning natijasida imloda bir xillikka erishildi. Qat'iy nazar, mazkur affikslarni farqsiz qo'llash holatlari hali ham uchrab turadi. Qiyoslang: chelakli kishi – chelaklik kishi va b.
4. -lik affiksi bilan ham so'zlar farqlanadi: bog'liq – aloqador, bog'liq – mol yoki pichanni bog'laydigan narsa; bo'shlik – yuvosh, bo'shlik – fazo kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |