I. Sinf-dars shaklida olib boriladigan mashg‘ulotlar. Bunday mashg‘ulot o‘qituvchining kundalik o‘quv materialini izchil bayon qilib berishni, o‘quvchilarni mustaqil ishlashga o‘rgatishni va jamoa bo‘lib mehnat qilishga odatlantirishni o‘z ichiga oladi. Sinf-dars tizimi to‘rt yuz yildan beri davom etib kelmoqda. O‘qituvchi muayyan yoshdagi o‘quvchilarning muqim tarkibiga ega bo‘lgan va sinf deb ataladigan guruhi bilan mashg‘ulot o‘tkazganligi uchun u o‘qitishning sinf tizimi deb atalgan. O‘quv jarayoni aniq belgilangan vaqt mobaynida – bir dars davomida o‘tkazilgani uchun u dars tizimi deb ataladi. Buyuk chex pedagogi Y. A. Komenskiy slavyan maktablari tajribasini o‘rganib sinf-dars tizimiga asos solgan. Unda yoshlari teng, bir xil tayyorgarlikka ega o‘quvchilar bir sinfga doimiy birlashtirilgan, har bir sinf o‘ziga xos dastur, darsliklar bilan ishlagan. Ta’limning yetakchi tashkiliy shakli sifatida darsdan foydalanilgan. Har bir darsda ma’lum o‘quv predmetiga oid materiallar o‘rganilgan. Y. A. Komenskiyning fikricha, sinf-dars tizimi quyidagi qoidalar asosida tashkil etilishi zarur:
1) mashg‘ulotlarni qat’iy tartib asosida o‘tkazish (eng yaxshi mashg‘ulot ertalabki o‘qishdir);
2) har bir o‘quv predmetiga oid alohida mashg‘ulotlarni tashkil etish (maktabda qat’iy tartib-intizom bo‘lishi shart; sinf o‘quvchilarining barchasi bir paytda faqat bir o‘quv predmetini o‘rganishi zarur);
3) bolalarga oldin umumiy ma’lumot berish kerak (o‘quv materiallarini shunday taqsimlash lozimki, oldingi mashg‘ulotda o‘rganilgan bilim, keyingi mashg‘ulotda yana rivojlansin);
4) sinf mashg‘ulotlari oldindan aniq belgilanishi kerak, shu vaqt ichida bajariladigan ishlar shunday taqsimlansinki, unda biror narsa e’tibordan chetda qolmasin;
5) bolalar o‘z sinflariga mo‘ljallangan kitoblarni mashg‘ulotga olib kelishsin (kitoblar bolalar uchun donishmandlik manbai sifatida xizmat qilsin);
6) ma’lumot berish yoshlikdan boshlansin ( har bir o‘quv predmeti uchun alohida o‘qituvchi bo‘lsin);
7) bolalarda o‘qishda, bilimlarga qizg‘in havasni uyg‘otish asosiy shartlardan biri (ta’lim metodlari o‘quv jarayonidagi qiyinchiliklarni kamaytirsin);
8) har bir fan qisqartirilgan, tushunarli qoidalar asosida o‘rganilsin (qoidalar juda ko‘p misollar vositasida isbotlansin);
9) o‘qituvchi va o‘quvchilar bir tilda so‘zlashsin (isbotlar, tushuntirishlar va izohlar bolalar tushunadigan tilda olib borilsin);
10) o‘quvchilarning yoshiga mos o‘quv fanlari o‘rgatilsin (bolaning aqliy taraqqiyotiga mos kelmaydigan bilimlar o‘rgatilmasin).
Tarixda sinf-dars tizimining bir qancha shakllari mavjud bo‘lgan. Jumladan, Bell-Lankaster tizimi. Sinf-dars tizimiga ko‘ra har bir sinfda 50-60 o‘quvchi o‘qirdi. Bunda yoshlarni o‘qitish ancha qimmatga tushardi. Bolalarga umumiy elementar ma’lumot berish ( ularni o‘qiy oladigan, hisoblay oladigan qilish) va bir o‘qituvchi rahbarligida imkoniyati yetguncha ko‘proq o‘quvchini to‘plash ehtiyoji tug‘ildi. Shu ehtiyojga ko‘ra XVIII asrning oxiri – XIX asrning boshlarida Angliyada Bell-Lankaster tizimi paydo bo‘ldi. Uning asoschisi ruhoniy A.Bell, o‘qituvchi D. Lankaster edi.
Bell-Lankaster tizimiga ko‘ra katta xo‘zbek da (zalda) 600 tagacha o‘quvchi to‘planardi. Barcha o‘quvchilar bitta o‘qituvchini tinglardi. Kichik o‘quvchilarni o‘qish, yozish, hisoblashga o‘rgatish katta yoshli puxta tayyorgarlikka ega bolalarga topshirilardi. Monitorlar – o‘qituvchi tayyorlagan katta yoshli ilg‘or o‘quvchilar, o‘zlaridan yosh bolalarga rahbarlik qilardi; o‘qishi, yozishi va hisoblashi, matnlarni yodlashi ustidan nazorat qilishardi.
Bell-Lankaster tizimi manufaktura faoliyatiga o‘xshab tashkil etilardi; uch harfni tanigan o‘quvchi o‘z bilganlarini kichikroq o‘quvchilarga o‘rgatardi. Bunday maktablar oz xarj bo‘lib, elementar bilimlarnigina bolalarga bera olardi.
Bell-Lankaster tizimining eng zaif tomoni o‘quvchilarda mustaqil aqliy faoliyatining juda zaif rivojlanishida edi. Shu tufayli u o‘zini pedagogik amaliyotda oqlay olmadi.
Dalton-reja tizimi. Dalton-reja tizimi pedagoglar D. Dyui, E. Dyui xayrixohligi oqibatida AQSHda XX asr boshlarida Yelena Parkxerst tomonidan asoslangan edi. Dalton-reja tizimiga ko‘ra har bir o‘quvchi o‘z imkoniyatiga yarasha individual o‘qirdi. Darslarda har bir o‘quvchining kuchi yetadigan mustaqil ish asosida bolalarning o‘quv ishlari tashkil etilardi. O‘quvchilarning o‘zlashtirishlarini nazorat etish uch xil kartochka asosida olib borilgan: instruktorning laboratoriya kartochkasi; o‘quvchining shaxsiy hisob-kitob kartochkasi; sinfning hisob-kitob kartochkasi.
Dalton-reja tizimi pedagogika tizimida 1920-yillarda ma’lum o‘zgartirishlar bilan brigada-laboratoriya metodi termini bilan qo‘llana boshladi. “Brigada” termini orqali ta’limning jamoa xarakteri, “Laboratoriya” termini vositasida esa o‘quvchilarning ta’lim jarayonidagi mustaqilligi e’tirof etiladi.
Brigada-laboratoriya metodi o‘quv-tarbiya ishlarini jamoa asosida tashkil etish hamda bolalarning mustaqilligini ta’minlash g‘oyalariga asoslangan bo‘lib, u quyidagicha tashkil etilardi:
1) sinf o‘quvchilarining umumiy ishlashi bolalar o‘qituvchi topshiriqlari bilan tanishadi;
2) jamoa bo‘lib guruhlar brigada, zvenolarda topshiriqlarni bajarishadi;
3) mavzu yoki berilgan topshiriqlar ustida o‘quvchilarning individual ishlari;
4) umumsinf, guruh, brigada, zveno, individual ishlar bo‘yicha hisobot berish;
5) bundan keyin qilinadigan ishlar bo‘yicha ko‘rsatmalar olish.
Do'stlaringiz bilan baham: |