6-ma'ruza
Qo‘lyozma manbalar: matn tarixi. Matnshunoslikning tadqiq usullari
Reja:
1. Matn tarixi tushunchasi.
2. Matn tarixini tiklashning xalqimiz ma’naviy hayoti tarixini o‘rganishdagi o‘rni.
3. To‘liq, nuqsonli, tuzatilgan (tahrir qilingan) va tugatilmagan matnlar.
4. Matn tarixi tadqiqida bevosita va bilvosita belgilarning o‘rni.
5. Matniy tafovutlarni tahlil qilish usuli. Asosiy matn tuzish usuli.
6. Ko‘chirishdagi xatoliklarni tahlil qilish usuli. Muallif matni xatoliklarini aniqlash usuli. Matnni ongli ravishda o‘zgartirish hollarini tahlil qilish usuli.
7. Qo‘lyozma tavsifini amalga oshirish usuli. Konyektura yo‘li bilan matnni tiklash usuli. Qo‘shimchalar va tushirib qoldirishlarni aniqlash usuli.
8. Gloss va interpolyasiyalar tahlili. Qo‘lyozma nusxalar o‘rtasidagi farqlar tahlili. Nusxalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va munosabatni aniqlash usuli.
9. Matnlarni klassifikatsiya qilish (tasniflash) usuli. Tekstologik belgilarni aniqlash usuli. Matnni tiklash (rekonstruksiya) usuli.
10. Matnni sanalashtirish usuli. Matnning yaratilish joyini aniqlash usuli. Atributsiya va ateteza.
Matnshunoslikning asosiy uslubiy prinsipi matn tarixini kompleks ravishda o‘rganishdir. Bunda matndagi davr ruhi izlari, maqsadli ravishda yoki tasodifiy kiritilgan o‘zgarishlar ham, keyingi davrlarda yuz bergan nashriy saktaliklar ham nazardan qochirilmaydi. SHu jarayonda matnshunoslik tarixiy-adabiy, siyosiy-jo‘g‘rofiy va maishiy xarakterdagi turli masalalarni ham o‘rganadi. Shundan kelib chiqib, matnshunoslik barcha ilmiy sohalar ob’yektiga daxldor deyish mumkin. Adabiyot tarixi o‘rganadigan barcha masalalar matnshunoslikda hisobga olinadi, biroq uning vazifasi aniq. U matn taqdirini yoritadi, matndagi o‘zgarish xususiyatlari, sabablari va bosqichlarini oydinlashtiradi. D. Lixachev matnshunoslikni matnlarni nashr etish jarayonidan ajratib qaraydi[1]. Bu uning rus poligrafik nashrlari, oxirgi ikki-uch asrlik tarixga ega bo‘lgan matnlar yuzasidan olib borgan tadqiqotlari natijasida chiqargan xulosasi – “tekstologiya asosida faqat matn tarixini o‘rganish yotadi” degan tezisdan kelib chiqadi. O‘zbek matnshunosligi tarixini o‘rganish jarayonida biz bu tezis o‘zini oqlamasligini ko‘rdik. Zero, asrlar davomida o‘zbek matnshunoslarining zahmatli mehnati asarning qo‘lyozma nusxasini yaratishda namoyon bo‘lgan. Nashr tushunchasi qadimgi qo‘lyozmalarni ko‘chirish va tarqatish kabi an’anaviy xattotlik va kotiblik kasbiga daxldor bo‘lgani uchun matnshunoslik ayni noshirlik, qo‘lyozmani ko‘chirish va tarqatish kabi jarayonlarga taalluqlidir. O‘zbek matnshunosligining rus matnshunosligidan yana bir farqi shundaki, turli yozuvlarda aks etgan milliy yozma madaniyatimizni bugungi kunda ommaviylashtirish ham adabiyotshunoslarimizni nashr tiplaridan kelib chiqqan holda muayyan darajada matnshunoslik bilan bog‘liq vazifalarni bajarishga undagan. Bu haqda o‘z o‘rnida so‘z yuritiladi.
Matn tarixini tiklashning xalqimiz ma’naviy hayoti tarixidagi o‘rni beqiyos. Zero, qadimiy qo‘lyozma kitob matnlari davr ruhini aks ettiradi. Ularni jiddiy o‘rganish muallifning dunyoqarashi, voqelikka munosabati, davr ilm-fani darajasi va siyosiy jarayonlari haqida muayyan tasavvur berishi mumkin. Matnshunos oldida turgan bosh vazifalardan biri – matn tarixini tiklash, tadqiq doirasiga jalb etilgan manbaning turli nusxalarini qiyosan o‘rganish, tadqiq etish, ular asosida matnning asosiy variantini yaratish va ilmiy muomalaga kiritishdir.
Matn tarixi muayyan matn haqidagi barcha ma’lumotlar yig‘indisidir. U asarning shakl va mazmuni haqida aniq tasavvur beradi, matnga oid bilvosita va bevosita ma’lumotlarning barchasini qamrab oladi. Matn tarixini o‘rganishda tarixiy yoki adabiy yodgorlikning yaratilgan va ko‘chirilgan davrini aniqlash, manba nusxalari ko‘p bo‘lsa, ularning o‘zaro bog‘liqligini o‘rganish muhim hisoblanadi. Shu sababli yodgorliklar matni ustida tekstologik tadqiqotlar olib borishdan avval shu yodgorlikning mavjud barcha qo‘lyozmalarini yig‘ish, ko‘chirilish davri, matniy to‘liqligiga qarab tasniflash va shundan keyingina uning tarixini kuzatish lozim. Chunki har bir qo‘lyozma birinchi navbatda o‘z davrining tarixiy yodgorligi sifatida o‘zigagina xos bo‘lgan muayyan tarixga ega.[2]
Matn tarixini o‘rganish qo‘lyozma nusxaning mavjud nusxalarini o‘zaro qiyosiy tekshirishdan boshlanadi. Matnlar to‘liq, nuqsonli, tuzatilgan (redaksiyaga uchragan) yoki tugatilmagan ko‘rinishlarda uchraydi. Qo‘lyozma nusxalarda uning tarixi bevosita qayd etilgan yoki bilvosita aniqlanadigan belgilar yordamida tiklanadi. Bevosita belgilarga qo‘lyozma asarning yaratilish va ko‘chirilish sanalari, muallif va uning asarni yozish maqsadi ifodalangan so‘zboshisi, kotib nomi yoki uning qaydlari kabi matnshunoslik uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan tavsifiy mezonlar kiradi. Bilvosita belgilarga ushbu asar va uning muallifi haqida turli asarlar, xususan, tazkiralarda berilgan ma’lumotlar, shuningdek, qo‘lyozma nusxalarni qiyoslash natijasida olinadigan tekstologik natijalar kiradi.
Rus matnshunosligida tadqiq usullari birinchi marta D. Lixachevning “Tekstologiya” qisqacha ocherkida uchraydi.[1] O‘zbek matnshunosligiga ularning hammasini ham tatbiq etib bo‘lmaydi. Biroq o‘zbek matnshunoslari qo‘llagan quyidagi tadqiq usullari haqida gapirish mumkin:
1. Matniy tafovutlarni tahlil qilish usuli. Matniy tafovutlarni tahlil etish “asl” yoki “dastlabki” matnni tiklash yo‘lida o‘tilishi shart bo‘lgan bo‘g‘indir. Matnshunos matn tarixidagi barcha davriy o‘zgarishlarni kuzatib, ularning sodir bo‘lish sabablarini aniqlashi juda muhim. Tahlil oddiy farqlarni o‘rganishdan boshlanib, oxirida umumlashtiruvchi xulosalarga kelish bilan tugaydi. Farqlar qo‘lyozma nusxalari orasida, xronologik tartibda, makon va hudud tartibida guruhlashtirilgan holda qiyoslanadi. Matniy tafovutlar xattot va kotiblar tomonidan so‘zni noto‘g‘ri o‘qish sababli, shuningdek, muallif yoki kotib tomonidan ongli ravishda qilingan tahrir tufayli paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Matnshunos farqlarning sababini aniq belgilashi lozim. Shundagina matn tarixi ob’ektiv ko‘rinish kasb etishi mumkin.
2. Asosiy matn tuzish usuli. Asosiy matn tuzish matnshunoslik tadqiq usullarini kompleks ravishda ishga tushirishni taqozo etadi. Asosiy matn tuzish, bu – muallifning asl, birlamchi matnini tiklash emas. Muallif matnining asl holatini tiklash deyarli mumkin emas. Matnshunos faqat matnning muallif variantiga yaqin ko‘rinishini tuzishi mumkin. Asosiy matn deyilganda, matnshunos tomonidan nashr uchun tuziladigan qo‘lyozma asarning so‘nggi varianti nazarda tutiladi.
3. Ko‘chirishdagi xatoliklarni tahlil qilish usuli. Qo‘lyozma nusxani ko‘chirish jarayoni to‘rt harakat majmuidan iborat bo‘lib, tanlangan matnni o‘qish, matnni eslab ko‘chirish, ichida takrorlab ko‘chirish va, nihoyat, matnni tushunib-tushunmay ko‘chirishni o‘z ichiga oladi. Ko‘chirish jarayonida ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkin. Bunga sabab, kotib asliyat husnixati xususiyatlarini yaxshi tushuna olmagan bo‘lishi mumkin. Matnshunos qo‘lyozma nusxadagi xattotlar uslubini diqqat bilan o‘rganishi, harflarning “bejirim tasvirlari” o‘rtasidagi bog‘liqlikka, ularning o‘ziga xos bezak-unsurlariga e’tibor berib, xatolik nima sababdan sodir bo‘lganini aniqlashi lozim. Ba’zi hollarda, xattotlar so‘zni o‘qiy olmasalar, kontekstdan kelib chiqib, o‘zlaricha matnni tuzatib yoki to‘ldirib ketganlar. Matnshunos tomonidan xolis aniqlangan xato qiyosiy tahlil orqali asosiy matnda tuzatib boriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |