4.O`zbek tili leksikasining boyish manbalari.
O`zbek tilining leksikasi fan-texnika, san’at, ishlab chiqarishning taraqqiyoti bilan bog`liq holda boyib boradi. Tilning lug`at tarkibi 2 manba asosida boyiydi.
1. O`zbek tilining ichki imkoniyatlari asosida (ichki manba). Bunda so`z yasash orqali yangi so`zlar hosil qilinadi: sinfdosh, limonzor, vazirlik, ijarachi, tinchliksevar, MDH, BMT kabi. Ichki imkoniyatga shevalardan adabiy tilga so`z olish ham kiradi: aya, bolish, uvildiriq (ikra) kabi.
2. Boshqa tillardan so`z olish (tashqa manba). O`zbek tiliga boshqa tillardan so`z o`zlashtirish turli davrlarda turlicha bo`lgan. Eng qadimda fors-tojik tillaridan, keyinroq arab tilidan, undan ham keyinroq rus tilidan va rus tili orqali Evropa tillaridan so`z o`zlashtirish faollashgan. O`zlashgan so`zlar ham o`zbek tili leksikasida anchagina miqdorni tashkil etadi. Keyingi yillarda tilning leksik tarkibini so`z yasashdan ko`ra boshqa tillardan so`z o`zlashtirish hisobiga boyishi etakchilik qilmoqda.
Boshqa tillardan so`zlar ikki usul bilan o`zlashtiriladi: 1)so`zni aynan olish yo`li bilan; 2) kalkalab olish yo`li bilan.
So`zni aynan olish yo`li bilan tojik, arab tillaridan, shuningdek, rus tillaridan, rus tili orqali boshqa Evropa tillaridan ko`proq o`zlashtirilgan. Masalan, sinch, devor, yana, rubob, kitob, maktab, daraxt, mutolaa, muomala, traktor, sport kabi.
Kalkalab o`zlashtirishda so`z aynan olinmaydi, balki so`zning ma’nosi o`zlashtiriladi. Ikkinchi tildagi so`zning ma’nosi shu so`zning morfemik tarkibidan qismma qism nusxa ko`chirish orqali ifoda etiladi. Kalkalab o`zlashtirishning 2 xil yo`li bor:
1. To`liq kalka. Bu usulda o`zlashtirilayotgan so`zning barcha qismlari o`z til materialidan tuziladi. Masalan: polugramatnыy – chalasavod, vsesoyuznыy - butunittifoq.
2. YArim kalka. Bu usulda o`zlashtirilayotgan so`zning bir qismi aynan saqlanib, bir qismi o`z til orqali beriladi. Traktorist – traktorchi, tabelshik – tabelchi kabi.
YArim kalkada ba’zan o`zlashtirilayotgan so`zning bir qism tashlanib, qolgan qismi aynan olinadi: aktualnыy – aktual kabi.
O`zga til so`zidagi ma’no o`z tildagi so`z bilan berilsa, bu semantik kalka deb ham yuritiladi. Masalan, bo`g`in so`zining ruscha «ponolenie» ma’nosi.
Frazeologiya
1-§. Nutqda ikki yoki undan ortiq so`zlarning o`zaro ma’no va grammatik jihatdan bog`lanishidan tuzilgan birikmalar qo`llaniladi.
Bunday birikmalarning ayrimlari nutq jarayonida tuziladi, ayrimlari esa tilda tayyor birikma shaklida mavjud bo`ladi. Ular bir-biridan o`ziga xos belgilari bilan farq qiladi.
Nutq jarayonida tuzilgan birikma kamida ikkita mustaqil so`zdan tashkil topadi va murakkab tushuncha ifodalaydi. Bunday so`z birikmasi ifodalaydigan tushuncha tarkibidagi so`zlarning ma’nosi asosida yuzaga keladi: qiziqarli asar. Bunday so`z birikmasi tarkibidagi so`zlar ayrim-ayrim so`zlarga ajrala oladi: qiziqarli asar – zerikarli asar. SHuning uchun ular erkin so`z birikmasi deb yuritiladi.
Tilda ko`p vaqt bir qolipda qo`llanaverib, bo`linmaydigan holga kelib qolgan birikmalar mavjud: og`zi qulog`ida. Demak, so`z birikmalari ikki xil: a) erkin so`z birikmasi; b) turg`un so`z birikmasi. Turg`un birikmalar ikki xil: a) birikmali atamalar; b) iboralar.
Tilda ikki yoki undan ortiq so`zdan tarkib topib, ko`chma ma’no ifodalaydigan, ma’nosi bir so`zga teng keladigan turg`un birikmalar ibora (frazeologik birlik) deyiladi.
Birikmalargina emas, ayrim gaplar ham ibora holiga kelib qolishi mumkin: Ishtahasi ochildi. Dili siyoh bo`ldi.
Iboralarning barchasi ko`chma ma’no ifodalaydi va ularda emotsionallik so`zga nisbatan kuchli bo`ladi. SHuning uchun iboralar nutqning ifodalaligini va ta’sirchanligini oshiradi.
Tilning iboralarni o`rganadigan bo`limi frazeologiya, iboralar yig`indisi esa frazeologizm deb yuritiladi.
Iboralar o`rtasida ham o`zaro sinonimlik, antonimlik, omonimlik hodisasi bo`lishi mumkin. (Qarang: -§. So`zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko`ra turlari.)
Leksikografiya
Tilshunoslikning lug`at tuzish ishi bilan shug`ullanadigan bo`limi leksikografiya deyiladi. Lug`atlar tilning lug`aviy boyligini to`plovchi kitobdir. Lug`atlar muayyan mavzularda tuzilib, unda so`zlar alfavit tartibida joylashtiriladi. Lug`at tuzish ishi bilan lug`atshunoslar qadimdan shug`ullanib kelishgan. Masalan, XVI asarda usmonli turk tilida «Abushqa» lug`ati yaratilgan.
Lug`atlar xarakteriga ko`ra ikki turga bo`linadi:
1) qomusiy (entsiklopedik lug`at) lug`atlar; 2) lingvistik lug`atlar.
Qomusiy lug`atlar ilmiy, siyosiy, adabiy va ishlab chiqarishga xos tushunchalar, borliqdagi predmetlar va voqea-hodisalar haqida ma’lumot beradi.
«O`zbek milliy entsiklopediyasi», «Uy-ro`zg`or entsiklopediyasi», «Salomatlik entsiklopediyasi», «U kim, bu nima?» kabi lug`atlar qomusiy lug`atlar sirasiga kiradi.
So`zlarni tilshunoslik nuqtai nazardan izohlaydigan lug`atlar lingvistik lug`at deb yuritiladi. Lingvistik lug`atlar bir tilli, ikki tilli va ko`p tilli bo`ladi.
Bir tilli lingvistik lug`atlarda lug`aviy birliklar bir tilning - o`zbek tilining o`zida izohlanadi. Bunday lug`atlarga «Imlo lug`ati», «Orfoepik lug`at», «O`zbek tilining morfem lug`ati», «O`zbek tilining sinonim so`zlar lug`ati», «O`zbek tilining omonim so`zlar lug`ati», «O`zbek tilining antonim so`zlar lug`ati», «O`zbek tilining frazeologik lug`ati», «Etimologik lug`ati», 1981 yilda yaratilgan «O`zbek tilining izohli lug`ati» (2 jild) kabilar. «O`zbek tilining izohli lug`ati»da so`z va iboralarning o`z va ko`chma ma’nolari haqida to`la ma’lumot beriladi.
Ikki tilli va ko`p tilli lug`atlar tarjima lug`atlari bo`lib, ular boshqa tilning lug`at tarkibini o`zbek tiliga yoki aksincha o`zbek tilining lug`at tarkibini boshqa tilga tarjima qilish uchun xizmat qiladi. Ikki tilli va ko`p tilli lug`atlarga o`zbekcha-ruscha, ruscha-o`zbekcha, o`zbekcha-inglizcha, inglizcha-o`zbekcha, o`zbekcha-inglizcha-nemischa kabi lug`atlar kiradi.
Ko`p tilli lug`atlar o`tmishda ham tuzilganligi arabcha-forscha-turkcha lug`atlardan ma’lum. Hozirgi kunga kelib ko`p tilli lug`atlar tuzish ancha jadallashdi. CHunki ko`p tilli lug`atlar hozirgi tillarni qiyosiy o`rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Lug`at fan va texnika, madaniyat, umuman jamiyatning taraqqiy etib borayotganini o`zida aks ettiradi. Lug`atlar muhim madaniy boylikdir, chunki lug`at nutq madaniyati, so`zlarning ma’nolarini aniq tushunish va ularni nutqda to`g`ri qo`llash, savodxonlikka erishishning asosidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |