Gulxaniy hayoti va ijodi.
O’zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondalaridan
biri Muhammad Sharif Gulxaniyning hayoti va ijodiy faoliyati haqida to’la
ma‘lumotga ega emasmiz. 18 asrning oxiri, 19 asrning birinchi yarmida Qo’qon
adabiy muhitida yashab ijod etgan Gulxaniy nomi tazkira va tarixiy asarlarda zikr
etilgan. Fazliy Namangoniyning “Majmuat ush-shuaro” asarida aytilishicha asli
tog’li Qorategindan Qo’qonga kelib oila qurgan ekan.U taxminan 1770-80 yillar
atrofida tug’ilgan. Og’ir iqtisodiy qiyinchiliklarda kun kechirgan. Ba‘zi manbalar
uning Namangon madrasalarining birida tahsil olganligidan darak beradi.
Aytishlariga qaraganda Gulxaniy hammomda o’t yoquvchi - gulohlik vazifasida
ishlagan va shuning uchun Gulxaniy taxallusini tanlagan deb nisbat berishgan.Fazliy
buni Gulxaniyning “otashfe‘l”ligi va «devonafe‘lligi”dan deb tushuntiradi. Shoir
o’ziga taxallus tanlashda keyingi ma‘noni nazarda tutgan bo’lishi ehtimolga yaqindir.
Negaki, u ma‘lum vaqt navkarlik ham qilgan, o’z shijoati, g’ayrati, paxlavonligi
bilan ajralib turgan, urushlarda qatnashib jasorat ko’rsatib borgan, lekin uning
xizmatlari xon tomonidan taqdirlanmagan.SHoirning hayoti muhtojlikda, bir burda
nonga zor, sipohiylik qilib rohai ko’rmay, xasrat-nadomatda o’tadi.Bu fikrni
shoirning “Ber” radifli she‘ri xam tasdiqlaydi. Bunda shoir o’zining qashshoq
turmushidan noliydi:
Hazratim ochlikdan o’ldim, yegani non ber menga,
Kofir o’lg’ayman agar desamki, baxmon Ber menga.
Moshu bug’doyu guruch berkim, shular menga kerak,
Hech aytmasman aqiqu, la‘lu marjon ber menga.
Vafoti noma‘lum bo’lgan shoirni taxminan 1830-40 yillarda dunyodan
o’tganligini taxmin qiladilar. Gulxaniy ijodiga nazar tashlaydigan bo’lsak , u ikki tilda
qalam tebratgan. Fors – tojik tilidagi g’azallariga J u r ‘ a t taxallusini qo’llagan.
Gulxaniydan qolgan adabiy meros hajmi uncha katta emas, lekin unga shon-
shuhrat keltirgan asari “Zarbulmasal”dir. Gulxaniy bu asarni Qo’qon xoni Amir
Umarxon (1811) tavsiyasiga ko’ra yozadi.
“Zarbulmasal” (maqollar keltirib so’zlash, o’xshashi va timsolini keltirib gapirish)
– majoziy mazmun beruvchi asar – masal bo’lib unda turmush voqealari turlicha
toifadagi, turlicha fe‘l-atvorli kishilarning munosabatlari qushlar misolida
(Yapaloqqush bilan Boyo’g’li o’rtasidagi qudachilik mojorolarini bayon qilish orqali)
hikoya qilinadi. Qushlar esa o’zaro zarbulmasal yo’li bilan so’zlashadilar, maqsadga
erishish uchun xar xil maqol, matal, hikmat va chuqur mazmunli hikoyalarni
keltiradilar.
“Zarbulmasal”da muhim ijtimoiy masalalarni majoziy obrazlarda yoritilishi.
”Zarbulmasal” jiddiy ijtimoiy mazmunni majoz yo’li bilan badiiy ifodalovchi
axloqiy-didaktik va tanqidiy-hajviy yo’nalishdagi asardir.Unda ijtimoiy hayot
muammolari, jamitda turli tabaqa-guruhlar o’rtasidagi murakkab munosabatlar,
insonlarning o’zaro muomalalari, urf-odatlar, xalq marosimlari haqida majoziy
uslubda so’z boradi.
Gulxaniy ijtimoiy hayotdagi voqea va hodisalarning insonlar tabiati va amaliy
faoliyatidagi olijanoblik va pastkashlik, adolat va zo’ravonlik, saxovat va xasislik,
kamtarlik va manmanlik, qanoat va ochko’zlik, xushmuomalalik va qo’pollik,
halimlik va dag’allik kabi fazilat va salbiy belgilarni badiiy mahorat bilan qushlar va
hayvonlar tili va harakatlariga, intilish va qilmishlariga ko’chiradi va ular
ishtirokidagi hayotiy lavhalarda o’z munosabatini bildiradi. Asar bilan tanishgan har
bir o’quvchi gap qushlar va hayvonlar faoliyatlari va mojorolari haqida emas, balki
kishilik jamiyatidagi turli tabaqa-guruhlar vakillari haqida borayotganini darhol
anglab oladi. Asar ishtirokchilarining nutqlari xalq maqollari, matal, hikmat va
qoliplangan birikma-iboralaridan keng foydalanish asosida qurilgan. Asar voqeasi
qadimgi “Farg’ona iqlimida” joylashgan “eski bir shahristonda” yuz beradi.U yerda
iste‘qomat qilayotgan Yapoloqqush o’z o’g’li Kulangirsultonni uylantirish
taraddudiga tushadi, shu manzilda yashayotgan Boyo’g’li va Boyqushlar qizi
Kunushbonuga sovchi qilib Ko’rqushni yuboradi.Bahs va tortishuvlardan so’ng qiz
tarafga beriladigan qalin miqdori ming chordevor deb belgilanadi, nikoh marosimlari
o’tkaziladi. Voqealar davomida bo’lajak qudalar va ularning manfaatlarini
ifodalovchi ishtirokchilarning tabiatlari, falsafasi, ichki dunyosi va intilishlari
bosqichma-bosqich ochila boradi. Gulxaniy Boyo’g’li, Yapaloqqush va Kulangir
sulton obrazlarida o’zlari koshonada yashab, vayronagarchilikning sababchisi va
tarafdori bo’lgan, mol-mulk orttirishga intilgan ba‘zi amaldorlarni tanqid qiladi.
”Zarbulmasal”da yetakchi mazmun bilan mantiqan uzviy bog’lanib ketgan o’ndan
ortiq nasriy va nazmiy masal, qissa va hikoyatlar mavjud. Xususan “Maymun bilan
Najjor”, “Toshbaqa bilan Chayon” kabi masallari yuksak badiiy mahorat bilan
yozilgan.”Maymun bilan Najjor” masalida hayotiy lavha orqali “bilmagan,
o’rganmagan va aqling yetmaydigan ishga hovliqib urinma, avval hunarni yaxshilab
egalla, shunda pand yemaysan” deb ugit berilsa, «Toshbaqa bilan Chayonda”
hayotda do’st tanlashda nihoyatda ehtiyot bo’lishlikka, yomonga aslo
yaqinlashmaslikka da‘vat etiladi. “Zarbulmasal”dagi bu kabi axloqiy-ta‘limiy
yo’nalishdagi masallardan farqli o’laroq «Tuya bilan Bo’taloq” masalida sof ijtimoiy
mavzu badiiy intihosiga yetkazilgan. Unda erksiz Tuyaning och va suvsiz qolgan
Bo’talog’ining yolvorib qilgan fig’onu nolasiga bergan g’amgin javobi aniq eshitiladi:
“Zarbulmasal” o’zbek badiiy nasrining eng yetuk namunalari qatorida faxrli
o’rin olgan.Rang-barang tasviriy vositalardan, murakkab sajdan keng foydalanib
yozilgan bu asarning tili nihoyatda shirador, jozibali bo’lib, asarning chin ma‘noda
xalqchil ruh egallashida juda katta xizmat qilgan. “Maymun bilan Najjor”, “Toshbaqa
bilan Chayon”, “Tuya bilan Bo’taloq” masallarida real hayot haqiqatini
ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |