Oyto’ldi – vazir, ayni paytda davlat ramzi. Bir kuni Elig – hukmdor uni chaqirtirganda Oyto’ldi ko’zini yumib, yuzini o’girib, koptokning ustiga o’tirib oladi. Buning sababini Oyto’ldi quyidagicha tushuntiradi: “Sen o’rin berding, men esa avvaliga o’tirmadim, chunki mening o’rnim yo’q, buni bilib ol, demoqchi bo’ldim. Koptok menga o’xshaydi. U o’rinsiz dumalab yurgan kabi Davlat ham beqarordir. Iltifot qilganingda ko’zimni yumganligim va yuzimni o’girganligim mening qilmishlarim jafo, menga ishonma, deganim edi”. Asarda Oyto’ldining vafot etishi ham bejiz emas.
O’gdulmish – asardagi eng faol qahramon. O’gdulmish “aql bilan ziynatlangan deganidir. Undagi bosh fazilat har qanday hodisaga aql ko’zi bilan qarashdir. O’gdulmish bilimdon, donishmand kishi. U hayotning hamma sohalaridan puxta xabardor. O’gdulmish va O’zg’urmishning savol-javoblari ba’zan keskin munozara darajasiga yetadi. Shunda ham O’gdulmish bosiqlik qiladi, aql bilan ish yuritadi, natijada O’zg’urmishni o’z g’oyalariga ishontiradi.
O’zg’urmish “hushyor qiluvchi”, “sergaklantiruvchi” demakdir. Boshqalardan o’zib ketuvchi ma’nosi ham bor. Uning zohid qiyofasida ko’rinishida shu ma’noga uyg’unlik bor. U behuda ishlar bilan band bo’lish, har xil mayda-chuyda orzu-havaslarga ovunib qolishdan ogohlantiradi. Mudrab borayotgan tuyg’ularni sergaklantiradi. O’zg’urmish qat’iy fikrli inson. U Eligning shaharga saroyga taklifini rad etadi. Garchi bu taklif uch marta takrorlansa-da, u fikrni o’zgartirmaydi. Faqat O’gdulmishning oqilona tushuntirishlaridan so’ng, ziyorat maqsadidagina Elig huzuriga boradi. O’zg’urmish Eligga so’ngsiz tiriklik, ko’rmas yigitlik, doimiy sog’lik, tuganmas boylik kabi to’rt shart qo’yadi. (“Saddi Iskandariy”da shahzoda Iskandarga shunday shartlar qo’yilgan.) So’ngra o’z manziliga – tog’ etagidagi g’orga qaytadi va shu yerda vafot etadi. O’zg’urmish – taqvodor inson. U din va diyonatni hamma narsadan ustun qo’yadi. U O’gdulmishga quyidagi fikrlarni aytadi: “Sen tansiq taomlarni, men esa oddiy arpa oshini yeyman. Uxlab tursak ikkimiz ham och qolamiz. Shunday ekan, bunday ovqatlarga ruju qo'yishning nafi yo'q. Sen duxobalarga o’ranib yurasan. Men esa qopdan tikilgan to’n bilan kifoyalanaman. Ertaga o’lim kelsa, ikkimiz ham yalang’och ketamiz-ku! Demak, tanni emas, ruhni boyitish lozim”.
Umuman, Yusuf Xos Hojib bu obrzlar timsolida Davlat, Adolat bva Aql bilan boshqarilmog’i kerak, degan fikrni ilgari surgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |