Qozog‘iston Respublikasi maktabgacha ta’lim muassasalari 6-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab oladi. MTM guruhlari bolalar yoshiga qarab bo‘linadi:
1 oylikdan 2 yoshgacha bo‘lgan kichkintoylar uchun
birinchi kichik guruh – 2-3 yosh
ikkinchi kichik guruh – 3-4 yosh
o‘rta guruh – 4-5 yosh
maktab oldi guruh – 5-6 yosh
tayyorlov guruh – 6-7 yoshli bolalar uchun.
Qozog‘istonda ham davlat va nodavlat MTMlar bo‘lib, ikkisi o‘rtasida juda katta tafovut mavjud. Bu farq faqatgina badal puliga bog‘liq emas. Agar ota-onalar farzandini xususiy MTMlarda tarbiyalanishini xohlashsa, navbat bilan bog‘liq muammolarga duch kelishadi. Shuning uchun ba’zi ota-onalar farzandi dunyoga kelishi bilanoq navbatga yozilishadi. Bu mamlakatdagi davlat va nodavlat MTMlarining yana bir farqli jihati shundan iboratki, davlat bog‘chalarida bolalar standart dastur asosida tarbiyalanadi. Xususiy MTMlar esa ta’lim jarayonidagi turfa xillikdan tashqari, estetik tarbiyaga e’tibor berilgan holda mualliflik dasturlaridan foydalaniladi.
Maktabgacha ta’lim muassasalariga farzandlarini berishni istashmagan ota-onalar maktabga tayyorlov mini-markazlardan foydalanishi mumkin. Bunday markazlarda jadval asosida ota-onalarning xohish-istagiga ko‘ra dars turlari va soatlari belgilanadi. Bu markazlarga qabul o‘quv yilining boshidan boshlanadi. Bundan tashqari u yerda faqatgina maktabgacha ta’lim standart dasturlaridan emas, balki sport va musiqiy dasturlar asosida mashg‘ulotlar olib boriladi.
Qozog‘iston MTMlarining davlat dasturlari bolaning jismoniy rivojlanishiga, sog‘ligini mustahkamlanishga, ona tili va nutqni rivojlanishiga, so‘zlashish madaniyatini, musiqiy, san’at va ijodiy imkoniyatlarini o‘stirishga xizmat qiladi. Dastur besh yo‘nalish bo‘yicha faoliyat yuritadi. Ular: “Salomatlik”, “Aloqa”, “Bilimdonlik”, “Ijodkorlik” va “Ijtimoiy hayot”.
Davlat dasturlari har bir guruhlar uchun alohida-alohida tuzilgan. Masalan, “Алгашки кадам” — “Ilk qadam”. Bu dastur 1 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilar uchun mo‘ljallangan. Bolani tengdoshlari va kattalar bilan muloqot o‘rnatishi va harakat faolligini oshirish dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi.
“Зерек бала” ya’ni “Ziyrak bola” davlat dasturi 3 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan MTM tarbiyalanuvchilari uchun xizmat qiladi. Uning asosini bolaning hayot jarayonidagi imkoniyatlari, talablari va qobiliyatlari tashkil qiladi.
Maktabgacha ta’lim davlat dasturlari orasidagi eng yirik uchinchi ta’lim dasturi 5-6 yoshli bolalar uchun mo‘ljallangan. Bu dastur yuqorida keltirilgan besh yo‘nalish asosida faoliyat yuritadi. Har bir yo‘nalish o‘ziga xos vazifalarga ega. Masalan, “Salomatlik” yo‘nalishida bolalarning jismoniy rivojlanishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishga doir mashg‘ulotlar olib boriladi. “Aloqa” ta’lim yo‘nalishi nutq faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, diolog va monologlar orqali bolaga yetkazib beriladi. “Bilimdonlik” yo‘nalishi bolani tahlil qilishga, taqqoslashga va atrof-olamni diqqat bilan o‘rganishga yordam beradi. “Ijodkorlik” esa bolada san’atga bo‘lgan qiziqishni oshirib, ijodkorlik qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. O‘zining an’ana, norma va qonun-qoidalari asosida bolani kelajak hayotga tayyorlovchi yo‘nalish — “Ijtimoiy hayot” MTM ta’lim tizimida muhim sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |