Birinchi bob.
OYDIN HOJIYEVA SHE’RIYATIDA ADABIY AN’ANALAR MASALASI VA LIRIK QAHRAMON IFODASI
Oydin Hojiyeva o‘ziga xos lirik-falsafiy uslubga ega. Bu uslub milliy she’riyatda ham an’anaviy maktab, ham eksperimental-zamonaviy maktabning eng yaxshi fazilatlarini o‘zida mujassam etgan. Shoira she’riyati bir tomondan samimiylik, til soddaligi, fikr ravshanligini o‘zida mujassam etgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, an’anaviy ruhni o‘zida mujassam etgan.Ana shu o‘ziga xos uslubdagi samimiylik, falsafa va uyg‘unlik shoiraning barcha ijodiy namunalariga singib ketgan va u yaratgan yangi ma’naviy she’riyatning asosiy muvaffaqiyatini ta’minlagan.
Donishmandlarning ma’lum mantiqiy xulosasi bor: “Haqiqiy inson o‘z oilasini o‘zidan, yaxshi odam o‘z vatanini oilasidan, eng yaxshi inson insoniyatni vatanidan ortiq sevadi”. Oydin Hojiyeva she’riyatiga diqqat bilan nazar tashlasak, shoir o‘zidan ko‘ra oilasini, oilasidan ko‘ra Vatanini, Vatandan ko‘ra insoniyatni ko‘proq sevganini ko‘ramiz.
“Adabiyot, avvalo, tildan boshlanadi. Rangsiz tasviriy san’at, ohangsiz musiqa bo‘lmaganidek, tilsiz adabiyot ham bo‘lmaydi. Adabiyotni insonshunoslik deydilar. Darhaqiqat, yozuvchi xilma-xil insoniy xarakterlarni tadqiq qilib, jamiyat rivojiga yordam beradigan salmoqli haqiqatlarni kashf etadi. Biroq bularning hammasi adabiyotda til orqali ro‘yobga chiqariladi.” 5
Bu olam va undagi sir-sinoatlarni tushungan, anglagan, olamning baxtli va baxtsiz daqiqalarini qalamga olgan, qahramonning eng epkin ichki kechinmalarini eng chiroyli ifodalar bilan tasvirlagan shoira bu Oydin Hojiyevadir. Ijodkor hozirgi davr o‘zbek adabiyotida o‘z so‘ziga, o‘z yozuv uslubiga, mavzusiga egadir.
She’riyat shoirning o‘ziga xos, individual ijodi mujassamlangan ruhiy makondir. Har bir shoir tafakkurining eng muhim jihatlaridan biri uning ijodi manguligi mazmun-mohiyatini topishda iste’dod namoyon etishdir. Shoirning uslubiy individualligi nafaqat ijodiyotning bosh ko‘rsatkichi, balki badiiy asarning bardavomligini ta’minlovchi asosiy omillardan biri ekanligini shoira she’rlarida ko‘plab uchratishimiz mumkin.
Men bilaman, mehnatimni otam kabi ardoqlab,
Onam kabi peshonamdan o‘pguvchim bor dunyoda.
Yaxshi-yomon kunlarimda alqab, suyab, so‘roqlab,
Panohiga olgan xalqim, umring bo‘lsin ziyoda!
Inson tug‘ilgan kunidan so‘nggi lahzalarigacha hayotida turli hodisalarga duch keladi va muayyan his-tuyg‘ularni boshdan kechiradi. Oydin Hojiyeva ham o‘z his-tuyg‘ularini boshqacharoq ko‘rsatuvchilardan. U o‘z xotiralarini umrining eng chuqur qatlamlariga yozib qo‘yadi. Shoira o‘z asarlarida nafis, mo‘rt, ammo har qancha qiyinchiliklarga qaramay oyoqqa turoladigan ayol obrazini yaratgan.
Mening tog‘day musibatim bo‘lisgan zarra-zarra,
Evaziga taskin, yana quvvat bergan bir jahon,
Qanotingda, qatoringda yog‘du topdim ming karra,
Onamga ham ona bo‘lgan Ona xalqim, bo‘l omon!
Musibatlar insonni o‘stiradi, mustahkamlaydi va qat’iyatli qiladi. Uning quvonchi, qayg‘usi, baxti, hayajoni, qo‘rquvi, iztiroblari va hokazo. Tuyg‘ular insonning ichida tug‘iladi va u yoki bu tarzda erkin bo‘lishni xohlaydi. Bu najot turli yo‘llar bilan erishiladi: kulish, yig‘lash, sukunat va hokazo. Ba’zan bu his-tuyg‘ular yanada murakkab, yorqinroq, ifoda uslubini o‘zgartirib - musiqa, rasm, she’riyat shaklida ifodalanadi.
Xayollarim goho bir epkin,
Quvar dilning tumanlarini.
Barq urdirar tuyg‘ular mulkin,
Turfa gullik chamanlarini.
Xayol, o‘y haqida yozmagan, uning jozibasi haqida hikoya qilib, qalam tebratmagan ijodkor bo‘lmasa kerak. Bilamizki, hayol atama sifatida yangilik yaratish qobiliyatini o‘rganib, inson psixikasining noyob mahsuli hisoblanadi. Uning mohiyatini, tafakkur va hayol o‘rtasidagi farqni anglagan ijodkor shunday chiroyli misralarni bitgan. Uning hayollarini epkini dilning tubidagi bir tug‘yon kabi tumanga aylanib ketgan. Shu xayollar orqali shoirani tuyg‘ulari go‘yo barq uryapti. Shoirning qalbdagi tuyg‘ulari esa o‘z so‘zi bilan aytganda go‘zal va betakrordir. Hayol obrazi orqali shoira bevosita o‘z qalbiga o‘zi yo‘l topishga harakat qilmoqda. Insonni mana shunday hissiy kechinmalarini murakkab tasviriy vositalarsiz ifodalayotgan ijodkor boshqa bir ijod mahsulida shunday so‘z yuritadi:
Mening ma’mur umrim, mangu yosh umrim,
Ertaklarda qolgan yonar tosh umrim.
Charxpalak yo‘lida teskari tushgan,
Ko‘zaday bo‘lyapsan oh odosh umrim.
Biz yashayotgan dunyo qanchalik go‘zal bo‘lmasin u baribir o‘tkinchi. Ushbu misralarda inson umri haqida gap borar ekan, shoira uning ma’lum yillar, ma’lum oylar, ma’lum kunlar va ma’lum lahzalardan tashkil topishini aytadi. Bugun biz dunyoning barcha ishlariga ulgurayotgandek tuyulamiz. Afsuski, vaqt ham, umr ham o‘tib borayapti. She’rda umr borliqdagi turli “vaj”larga qiyos qilinadi. Jumladan, ma’mur, yosh, yonar tosh, ko‘za, odosh, charhpalak, gul, tikan, chaqirtosh kabi obrazlar umrga qiyoslanadi. She’rda lirik qahramon yashayotgan umri davomida chaqirtoshday chaynalib kun kechirayotganini aytadi, yuragi ob, dili serob bo‘lgan qahramon chingiltob bo‘lgan ko‘za kabi garangligini aytadi. Nihoyat, umr ohirida ko‘zani ichiga qamalgan devday kuchi-qudrati ham qolmay sob bo‘lganini hikoya qiladi. Charxpalak-umr hamon tezkorlik bilan aylanadi. Ko‘zasida qolgan eng so‘nggi tomchi tugaydi deb lirik qahramonning qalbi halak, yuragida ozgina qo‘rquv bor. Zero, umr insoniyat uchun berilgan eng bebaho ne’mat. Boshqa bir she’rida shoira umr haqida shunday yozadi:
Umr bu – Allohdan bizga omonat,
Allohning farzi bor aziz jonlarda,
Omonatga qilma hargiz hiyonat.
Inson umri cheklangan.
Umr Alloh tomonidan bandalarga berilgan bir sinov hisoblanadi. Biz umrimizni bekorga o‘tkazmasligimiz lozim. Shoira she’rda umr bu Allohdan bizga omonat, omonatga hargiz qilma hiyonat deydi. Umrning toledan baraka, hirmonligini, uni g‘urbat va g‘iybatda o‘tkazmaslikni bot-bot takrorlaydi.
Oydin Hojiyeva she’riyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda inja tuyg‘ular nafasi bilan birga yoshlik, go‘zallik, da’vat ruhida she’rlarni ham kuzatishimiz mumkin. Jumladan, ”Yoshlarga deganim” deb nomlangan she’rda shoir yoshlarga murojaat qiladi. Har qanday jamiyatning ertasi, tom ma’noda eng katta bebaho xazina, millatning buguni bu – yoshlardir. Dastlabki baytlarda shoira orzu-hayolli ozodalar, toj-u taht egasi shahzodalar, yalpizli, rayhonli shabbodalar, qosh-u ko‘zi orasi qabog‘lar, jon pligi, yetti shajaraning halqasi, Xizr nazar solgan tug‘yonlar, fikri hur, maqsadi nekbin ozodalar deya ta’riflaydi:
Yigitlik davroni toj-u taxtlidir,
Inson yurti bilan baxtli-bojlidir.
Begona ellarda sulton bo‘lguncha,
Ostonada bir kaft tufroq bo‘lgaysiz,
Qarg‘ish-xohishlardan yiroq bo‘lgaysiz.
Butun millatning sha’ni, yurt madhini umr bo‘yi she’rlarida tarannum etgan asl shoira she’rlari sharhga muhtoj emas. Xalq ardog‘idagi shoira Vatanini hurmatini joyiga qo‘yadi. Istiqlol haqida, ozod ruh haqida gapirgan shoiraning ko‘ksida chinorday buyuk bir kuch o‘sadi. Ruhi, sha’ni uyg‘oq shoirani Vatanga bo‘lgan muhabbati yuragida tug‘yon urmoqda. Ozodlik nonday aziz, umrning toza daftari hisoblanadi.
Issiq yuzlarimga peshvoz bir mehr,
So‘zimga yarashiq tansiq bir kalom.
Shu elim, shu Vatan ko‘zlaridadir,
Abadiy sevinchim, tuganmas ilhom.
She’rda o‘zlik, g‘urur, erk tuyg‘ulari birlamchi o‘rinlarga chiqadi. Vatanga bo‘lgan muhabbat har bir ijodkorni qalbida bong uradi. Vatanni e’zozlash har bir yurt farzandining burchidir. Vatanni tarannum etish bilan birga ezgulik, olijanoblik, ulug‘vorlik va go‘zallik tuyg‘ularini san’at maydonida samimiy targ‘ib etish, chuqur ijtimoiy-falsafiy mazmun olib keladi. Shoira bu burchni oqlash uchun she’rlar, go‘zal alyorlar yaratdi. Bu she’rlar insonlar, kitobxonlar qalbidan chuqur joy olmoqda.
Xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov: “Har bir tilning qudrati va afzaliyatlari shu tilni yaratgan xalqning o‘zi bilan birga yashasagina rivojlanib, o‘sib boradi. O‘z xalqidan va sarzaminidan uzilib qolgan til tabiiy kuchini, boyligi va go‘zalligini yo‘qota boshlaydi. Demak, el borki, til bor. Eldan uzilmagan odam tildan ham ayrilmaydi” , deb ta’kidlaydi. Ijod ahli ya’ni shoir va yozuvchilar chiroyli baytlarni eldan, xalqdan uzilmagan holda oladi. Oydin Hojiyeva poetik ijodining xalqona qirrasi shoirning keng xalq ommasi uchun tushunarli badiiy til imkoniyatlaridan foydalanish mahorati bilan bog‘liq, albatta.
Dupur-dupur ot keladur,
Askargina bolammi?
Bo‘m-bo‘shgina bag‘rim to‘lur,
Shovqin tutar olamni.
Ushbu she’rda ijodkor qishloq hayoti va muhitini tasvirlaydi. She’r yaratilishida xalqona unsurlar birlamchi manba hisoblanadi. Ushbu she’rda shoira xalq qo‘shiqlaridan bandma-band ifodalangan. Qizlarning shodon kulgulariyu, o‘yin-kulgu qilishlari she’r orqali go‘zal ifodalangan. “Ruhiy munosabat ifodasi – she’riyat”6 bu inson qalbidagi ichki kechinmalarni, epkin tuyg‘ularni, nozik hislarni, inja orzularni o‘zida mujassamlashtirgan badiiy butunlikdir. She’r yozmoqchi bo‘lgan inson qalbidagi bor his-tuyg‘u, kechinmalarini qog‘ozga minglagan jilolar bilan ko‘chiradi, borliqdagi turli ranglar bilan uni bezab, zeb beradi. She’riyat bu - bir so‘z bilan aytganda san’at hisoblanadi.
Ne baxtki, topdim uni –
Izlaganim she’r ekan, –
To‘ldi mening hayotim
Kuy bilan jur’atlarga!
O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov ta’biri bilan aytganda: “She’r shoir qalbida tug‘ilgan hayotiy tuyg‘ularni ifoda qiladi va shu bilan o‘quvchi yuragini rom qiladi. Shoir o‘zi yonmasa, boshqalarni yondirolmaydi, qalb hislarida otash bo‘lmasa, boshqa qalblarga harorat bera olmaydi. Bu sehrli otashsiz har qanday she’riy jimjimalardan, badiiy vositalardan, mahoratdan naf yo‘q. Shoirlik o‘sha tuyg‘ularning tabiiyligi va haqqoniyligiga she’rxonni ishontira olishdir. Ishontira olish qobiliyati esa is’tedodning ibtidosidir.”7 Oydin Hojiyevaning badiiy “men”i she’riyatida juda faol ifodalangan. Bunda shoira “men”i bilan lirik qahramonning g‘oyaviy-estetik pozitsiyasi o‘rtasida masofa yo‘q, ularning bog‘liqligi buzilmagan.
Bugungi kunda o‘zbek she’riyatida barakali ijod qilayotgan ijodkorlar soni behisob. O‘tgan asr ijodkorlari va yangi davr o‘zbek she’riyati vakillarini solishtirsak ularning she’rlarida ifodalanayotgan g‘oya, mazmun deyarli bir xil. Ijod namunalarining barchasida o‘zbek xalqining boy madaniyati, keng tarixi, xalqimizning badiiy tafakkuri ifodalanadi. Istiqlol yillarida o‘zbek she’riyati o‘ziga xos, yangicha talqinga ega bo‘ldi. Bu davrda yurtimizda erkin ijodiy muhit, mafkuralashgan eski siyosatdan voz kechish keng an’anaga aylanadi. Mustaqillik davri she’riyati mazmunan yangilandi. “She’rni ta’siri, kuchi, quvvati yanada oshdi. Istiqlol sharofati tufayli yuzaga kelgan ijodiy o‘ziga xoslik ijodkor “men”i, o‘zini kashf etish orqali poetik fikrning ijtimoiy-estetik mohiyatini chuqurlashtirish, shaxsiy iqtidori, obrazli ifoda va tasvir uslublaridan samarali foydalanish kabi omillardan ham namoyon bo‘layotir. Bu jarayonda har bir shoirning voqelikka estetik munosabatining darajasi va miqyosi uning shaxsiyati, “men”idagi badiiy funksiya, qalamga olingan mavzular, obrazlar ulubiy qiyofasini o‘zgartirdi.”8 Bu jarayonda o‘zining odob-axloq, insof, diyonat, Vatan, ona, tabiat go‘zalligi haqidagi qarashlari bilan Zebo Mirzayeva, Halima Xudoyberdiyeva, Oydin Hojiyeva, Xosiyat Rustamova kabi ijodkorlar jonbozlik ko‘rsatganlar.
O‘z she’rlarida millatparvarlik, vatanparvarlik, milliy e’tiqod tuyg‘ularini tarannum etgan ijodkor Oydin Hojiyevadir. Uning “Xushxabar”, “Mushfiq onajon”, “Chashmalarimni izlayman”, “Ko‘zimning oq-u qorasi”, “Tamal toshi”, “Ishonch yulduzi”, “Tong tuhfalari” kabi she’riy to‘plamlarida voqea va hodisalardan katta mahorat bilan foydalana olish, poetik xulosalar chiqarish ustunlik qiladi.
Ijodkor she’riyati haqida so‘z yuritar ekanmiz, undagi mazmun va shakl masalasi haqida to‘xtalmasligimizning iloji yo‘q. She’rni shakl va mazmuni bir-biriga mutanosib, teran, yuksak bo‘lsa, she’rning o‘qilish darajasi ham yuksak hisoblanadi. “She’riy shakl so‘zlardan ajoyib imkoniyatlarni maksimum darajada so‘rib oladi, tuyg‘ularning nozik va turfa to‘qimalariga e’tiborni qaratadi, hissiy-shuuriy ta’sirchanlik holatlari tasavvurini beradi.”9
Qor yog‘ar ko‘k peshtoqidan,
Oq supra yoyar falak.
Qor yog‘adi oppoqqina
‘ Pildiragan kapalak.
Qor yog‘adi go‘yo qorqiz
Bahori un elaydi.
Qor rezgilar huv poyonsiz
Ko‘kni yerga ulaydi.
Shoir she’rlarida tabiat manzaralari, yil fasllari yorqin bo‘yoqlarda aks etadi. Oydin Hojiyeva fasllar go‘zalligini shoirona misralar orqali ifoda etgan. Shuning uchun ham she’rxon aynan bu she’rni go‘zalligini bir o‘qigandan ilg‘ay oladi. U badiiy obyekt sifatida ko‘proq yil fasllariga, qor, yomg‘ir, tun, osmon obrazlarini oladi. Qor yog‘ishini “falakning oq supra yoyishi”, “pildiragan kapalak”, “qorqiz”ga o‘xshatish kamdan kam ijodkorlarda uchraydi. Oppoqqina qor parchasini ko‘rib, dilingiz zavq oladi, qalbingiz quvonadi. Shoir qalbidan oqib chiqayotgan ulkan tuyg‘ular faslning aziz va mukarramligini ifodalaydi. Qor rezgilari dilni orziqtiradi. Qish manzarasi talqini ichki evrilishlar sifatida namoyon bo‘lgan. Shoira mahorati shundaki, bu she’rni kitobxon o‘qimaydi, o‘sha go‘zal portretni tomosha qilib, undan chuqur estetik ma’no oladi.
“Har bir davr boshqa davrlardan o‘zining muayyan siyosiy-ijtimoiy-psixologik kayfiyati bilan farq qiladi. She’r, umuman, har qanday san’at asari, ana shu muhit kayfiyatlaridan o‘sib chiqadi va birinchi galda o‘z davrining ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlariga xizmat qiladi. Real-voqelik faktlari faqatgina o‘ziga xos belgi-xususiyatlari bilan emas, balki ijodkorning estetik idealiga xos atributlar bilan boyitilgan, muayyan darajada o‘zgartirilgan, qaytadan idrok etilgan holda aks etgandagina badiiy obraz vujudga keladi.”10
Sen borki g‘oyatda suluvdir hayot,
Azizdir bu ne’mat, bu nasiba - non.
Sen borki, orzumdan orzular bunyod -
Olamning noparmon guliday g‘ujg‘on.
Ayollarimiz bitgan misralar adabiyotimizning eng nafis navolaridir. “Oydin Hojiyeva muhabbatning “qizg‘aldoq guliday nafosati” boyagi notanish dugona-yu notanish singillarning da’vati ekanini ular qalbiga quyish bilangina kifoyalanmaydi. Uning she’rlarida siymosi yorqin lirik qahramon o‘z sevgisiga sadoqati bilan baxtli. U saodat daraxtining doim gullab-yashnab turishi, shirin mevalar berishi uchun suyukli yorining qadriga yetishga, uning oson bo‘lmagan yo‘llariga poyondoz yozishga, hatto o‘zini fido qilishga ham tayyor.”11 Pokiza ishq va ruhiyat tasviri, ishq dardini pinhon tuta olmagan lirik qahramon qalb kechinmalari ushbu she’rda ifodalangan. Lirik qahramon hayolida “yashamoq - ishq bo‘lib tug‘yon urgan kuch”, “quyosh isli yorug‘ dunyo baxti” hisoblanadi. Mavjudlik bilan yashamoq o‘rtasidagi farqni mufassal ifodalab bera olgan shoira yoriga rag‘batim, tobi-toqatim, mehri ummonim. sevgim, umrimning oltin fursati deya ta’rif beradi. Lirik qahramon nazdida yordan ayrilmoq boshga judolik tushib, muhabbat xazonining ro‘y berishidir. Bu she’rni faqat ma’shuqaning oshiqqa intizorligi deb tushunish to‘gri emas. She’rda shoira muhabbat tuyg‘usini garchi qiz tomonidan izhor etilayotgan bo‘lsa ham qo‘rqmay e’tirof etadi. Ushbu she’rda muhabbat unsurlari ustunlik qilsa ham shoira lirik qahramonga hayotning, umrning qadrini uqtirishga harakat qilayotgandek ko‘rinadi. Buni ushbu misralardan ham ilg‘ash qiyin emas:
Lirika bog‘ining atrin shamoli
Bir-bir varaqladi ko‘ngil daftarin,
Yorqin ohanglarda izladi tole
Mening baxshi fe’lli sevgi kaptarim.
O‘zbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri Oydin Hojiyeva lirikasi o‘zining betakrorligi, orginalligi, poetik yuksakligi, turli timsollarga boyligi bilan ajralib turadi. Ijodkorning hayot, xayol, tabiat go‘zalliklari haqidagi she’rlari o‘quvchiga ayricha ilhom bag‘ishlaydi. Shuning uchun ijodkorning she’rlari hanuzgacha o‘qishli va maroqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |