Bitiruv malakaviy ishining ob’ekti va predmeti. Bitiruv malakaviy ishimizning ob’ekti sifatida Oybek prozaik asarlaridan ”Quyosh qoraymas” hamda ”Bolalik” tanlandi. Ushbu matnlar tahlili adibning individual uslubiy xususiyatlari, uning til birliklaridan foydalanish mahoratini yoritish imkonini beradi. Yozuvchi prozasi matnlarining lingvostilistik tarkibi shakllanishida foydalanilgan leksik va tasviriy vosita birliklarning strukturaviy va mazmunan vazifaviy tahlili ishning predmeti qilib belgilanadi.
Badiiy matnning tarkib topishi va mavjud bo‘lishida yagona bir butunlikni tashkil etuvchi mazmun doirasi va shakl ko‘rinishlari turli asosga ega bo‘ladi: mazmun butunligi voqelikdagi hodisani to‘liq aks ettirish maqsadi bilan bog‘liq bo‘lsa shakl ushbu mazmunni lisonoy faoliyat jarayonida bayon etish uchun xizmat qiluvchi lisoniy belgilar tuzilmasidir. Demak, matn shakliy tuzilishi jihatidan ikki qobiqli hodisa sifatida qaralishi lozim, chunki unda janr va uslub shakllari birikadi.
Bunda janr umumiy shaklning ob’ektiv asosini yaratsa, uslub uning sub’ektiv tomonini yuzaga keltiradi.
Uslub matnning xarakterchan, o‘zgaruvchan xususiyatini ta’minlaydi. Bu o‘zgaruvchanlik nutq sub’ekti, holati o‘zgarishining aksidir. Janr ham albatta, matn uslubiy xususiyatlarining shakllanishida ishtirok etadi. Masalan, biror bir badiiy asarning janriga xos uslub haqida gapirmoqchi bo‘lsak, so‘zsiz, ushbu asarlarning boshqa shu janrdagi asarlar uchun umumiy ko‘rsatkichlarini eslaymiz, uning shu qatordagi asarlar orasida tutgan o‘rnini e’tiborga olamiz. Asarning sub’ekti muallif bilan bog‘liq uslubiy belgilari esa ”ichki” uslubga oiddir va bu uslub ko‘proq xususiylikka intiladi. Xususiylik, yagonalik ijod jarayonida muallifning til birliklarini tanlash faoliyati natijasida hosil bo‘ladigan matn ko‘rsatkichidir.
Ijodkorning o‘zbek tili taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqidagi qarashlarni to‘ldirish, ayrim o‘rinlarga aniqliklar kiritish, tadqiqotning nazariy va amaliy ahamiyati alohida bir muallif ijodi misolida proza janrida til vositalarining tanlanish va amal qilishning o‘ziga xos jihatlarini hamda bu vositalarning leksik va uslubiy imkonoyatlarini aniqlashdan iborat.
Kuzatish natijalaridan barkamol avlod tarbiyasida, xususan, oliy o‘quv yurtlarida filolog mutaxassis kadrlar tayyorlashda foydalanish amaliy ahamiyatini tashkil etadi. Bu ish materiallari va unda qilingan xulosalardan leksikologiya va uslubshunoslik bo‘yicha nazariy kurslar, seminar mashg‘ulotlari o‘tishda, o‘zbek tilining, ayni paytda Oybek ijodiy merosining izohli lug‘atlarini yaratishda foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |