Ozchilik va ko’pchilik
“Ozchilik ko’pchilikka bo’sunadi!” yoqimli shior! Ommabop shior! Faqat… xudo haqqi, bir narsani hech tushunolmayman: dunyoda donolardan ko’ra nodonlar, iste’dodlilardan ko’ra iqtidorsizlar hamisha ko’proq bo’lgan. Demak… Uzr… uyog’iga aqlim yetmay qoldi…
Afsona
Qadimiy turkiy afsona bor. Emishki, Olloh Arshi a’lodan Yerga tushibdi. Qarasa, kimsasiz orolda bir tola tuk yotgan emish. “Mayli,-debdi karami keng Xudo.-Shunga ham jon ato eta qolay”. O’sha zahoti jonsiz tuk odam qiyofasiga kiribdi. Odam bunday qarasa,
Ollohning qudrati beqiyos emish: xohlasa jonlini bejon qiladi, xohlasa bejonga jon ato etadi. Odam o’ylab qopti. Nega Xudo xohlagan ishini qilishga qodir-u, men qilolmayman?
Nimam kam undan?!
… Shunday qilib, Odamning ko’nglida hasad degan qora niyat paydo bo’libdi.
Ollohning qahri kelib, farmon qilibdi:
“Odamzot mengaki hasad qildimi, bir-biriga omonlik bermaydi. Hasadgo’y do’zaxga kunda bo’lsin!”
O’sha-o’sha do’zax lang’illab yonarmish.
Do'stlaringiz bilan baham: |