«O’tkan kunlar»va «Mehrobdan chayon» romanlari
Bu asarni muallif 1919 yilda yoza boshlagan. Romandan parchalar 1922 yilda «Inqilob» jurnalida bosilgan. 1925 yili asarning bo‘limlari alohida-alohida, so‘ng 1926 yilda yaxlit holda kitob bo‘lib chiqadi. Abdulla Qodiriy bu asarda «Moziyga qaytib» ish ko‘rgan, «tariximizning eng kir qora kunlari» bo‘lgan «xon zamonlari» ni mavzu qilib olgan. Bu roman «1264 hijriy dalv oyining o‘n yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botgan, tevarakdan shom azoni eshitiladir» degan jumla bilan boshlanadi.
Asar qahramonlari: Otabkx (Avliyo ota ustidagi chor askarlari bilan to‘qnashuvda qahramonona urushib shahid bo‘lgan), Kumush («So‘zimni o‘zimning oxirgi ham chin baxt islari hidlagan tariximdan boshlayman» degan xatini Otabekning jasoratidan so‘ng Toshkentga yozgan), Yusufbek hoji, Azizbek (xalqning o‘zi jazolab, ot tuyoqlari ostiga tashlagan), Rahmat, Ziyo shohichi, Mirzakarim Qutidor (bu uch kishi Otabek Marg‘ilon hokimi tomonidan birinchi marta qamalganda, u bilan birga qamalgan edi), Rajabbek (qipchoqlarni qirg‘in qilish maslahati uning uyida bo‘lgan edi), Xudoyorxon, Homid, O’zbek oyim («Xudoyorxon ham bir kun kechasi kelib, bizga mehmon bo‘lganlar» deb maqtangan), O’tabboy qushbegi, Qayum ponsad (asosiy yorliq uning nomiga yezilgan edi), Musulmonqul («cho‘ltoq supurgi»), Jannat, Xushro‘y («Men shu choqqacha bandasiga bosh egishni va bandasi oldida tavba qilishni or bildim va shu orlanishim orqasida har kimning ustida yurdim...» degan), Zaynab, Oftob oyim, To‘ybeka, Hasanali («Ota o‘rnida ota», «ma’naviy ota»), Usta Farfi, Usta Olim va boshq.
«Bexirad (beaql, idroksiz) lardan janobi tojdorlarga har ro‘z, balki har soat xavf bordir» - degan gap ham shu asardan olingan.
«Mehrobdan chayon» romani haqida
Muallif bu asarni 1928 yil 15 fevradda tugatgan, 1929 yilda u Samarqandda bosilgan. Romanda ikki yosh - Anvar va Ra’noning muhabbati, visoli yo‘lidagi xilma-xil mojarolar qalamga olinadi, shu mojarolar jarayonida asar personajlarining bor bisoti-qismati, xarakteri, ruhiy olami namoyon bo‘ladi.
«Mehrobdan chayon» romanidagi «Qo‘rqinch bir jasorat» Anvarning Sultonalini qutqarish uchun Xudoyorxon huzuriga kelishi edi. Bu holat asarda quyidagicha tasvirlangan: «Shunda o‘rda arbobi bukun peshindan bir oz ilgariroq mujassam bir vijdon, tog‘yurak bir yigit va o‘lim sari kulib keluvchi bir arslonni o‘z tarixida birinchi marotaba ko‘rdi va tong ajabda qoldi. Bu ulug‘ jasorat bir necha daqiqalargacha zulm itlarini sukutga soldi, ularni ishdan to‘xtatdi».
Quyidagi parcha ham «Mehrobdan chayon» romanidan olingan: «Roziya oyim mendan iymangan qiyofada: - Xon qursin, uning olgan xotinlarining hisob-kitobi yo‘q, bolam,- dedi va manimcha juda to‘g‘ri so‘zni aytdi».
Аsardagi Anvar va Ra’noning she’r aytishuvida Ra’noning quyidagi baytidan so‘ng Anvar «Yengding Ra’no» deb yengilganligini tan oladi: «Muhabbat jomidin no‘sh aylagan ahli zako bo‘lmish, Fununi tibda majnundir kishining kuysa safrosi». «Mehrobdan chayon» romani asosida «Zulmatni tark etib» kinofilmi yaratilgan.
Asar qahramonlari: Anvar (U Sultonalini qutqarish uchun xon saroyiga kelganda, Xudoyorxon uni «Sen bizg‘a xiyonat qilding‘, it uvli!» degan gap bilan kutib oladi. Shu muloqot davomida Anvar Xudoyorxonning adolatsizligi, xotinbozligini yuziga soladi va «Musulmonchilikda yuzlab xotin ustiga, bir kambag‘al uylanmoqchi bo‘lgan qizga ham zo‘rlik qilish bormi, qiblai olam!» deydi), Ra’no («... tabiat xasis emas; tikandan gul, aridai bol yarata beradi, uni fazl va zakovatda ham o‘tkan xon zamonlari asrining nodir uchrayturgan yakto fozila qizlaridan sanaymiz va sanashga ham o‘zimizda majburiyat his etamiz. Jodu ko‘zi kishiga qattiq qaraganda qoralikdan boshqacha yana bir turlik nur sachar edi. Kipriklari ostida nafis bir surma doirasi bor edi. Qoshi tutash kabi ko‘rinsa ham, ko‘ndalang yotgan ikki qilich orasini nafis bir quyulib ko‘tarilish ajratib turar edi. Sochlari juda quyuq, sanoqsiz kokillari orqa, o‘ngini tutib yotar, qaddi uzunlik bila qisqalikning o‘rtasi, bu qiz yolg‘iz Qo‘qonninggina emas, umuman Farg‘onaning kuylariga qo‘shilib maqtaladurgan go‘zallaridan edi» deb ta’riflangan), Solih maxdum («Xayrul - umuri avsatuho» («Har ishning o‘rtasi yaxshi») hadisini o‘ziga shior qilib olgan edi), Nigor oyim, Gulshan, Sultonali, Abdurahmon domla, Xudoyorxon, Safar bo‘zchi, Roziya oyim (Xudoyorxon rafiqasi) va boshq.
Do'stlaringiz bilan baham: |