Keywords: polymer composition, cotton yarn, emulsion application, spinning. Kirish. Respublikamizning iqtisodiy rivojlanishi koʼp jihatdan tabiiy va sintetik tolalar ishlab chiqarish hamda ularni qayta ishlash sanoati bilan belgilanadi. Tabiiy va sintetik tolalar ishlab chiqarish boʼyicha jahon adabiyotining tahlili shuni koʼrsatadiki, ularni rivojlantirishning keyingi tendentsiyasi, asosan, texnologik jarayonlarni takomillashtirish va kimyo sohasidagi zamonaviy yutuqlarni qoʼllash orqali ishlab chiqarilayotgan tolalar turlarini kengaytirish va sifatini yaxshilashga qaratilgan [1, 2]. Hozirgi vaqtda tabiiy tolalarni ishlab chiqarish texnologiyasida jiddiy kamchiliklar mavjud boʼlib, ular tabiiy tolalar va ular asosidagi mahsulotlarning sifatiga salbiy taʼsir koʼrsatadi. Paxta tolasini texnologik qayta ishlash jarayonlarida turli zararli taʼsirlardan himoya qilish maqsadida polimer birikmalari eritmalari va ular asosidagi kompozitsiyalar bilan ishlov berish dolzarb vazifa boʼlib qolmoqda [3].
Maʼlumki, paxta sellyulozasi Oʼzbekiston Respublikasining asosiy tolali xomashyosi hisoblanadi. Sellyulozaning fizik-kimyoviy va mexanik xossalari paxtani yigʼish, saqlash, texnologik jihozlarda mexanik qayta ishlash jarayonlarida uning makromolekulasidagi asosiy glikozid bogʼlanishlarining destruktsiya darajasi bilan belgilanadi [4].
Polimerlar, koʼp atomli spirtlar va sirt faol moddalar aralashmasi eritmalari bilan paxta tolasiga ishlov berish destruktsiyaning salbiy oqibatlarini kamaytiradi, yigirishning turli bosqichlarida uning texnologik xosslarini yaxshilash imkoniyatini beradi [5].
Nazariy tadqiqotlar. Paxta xomashyosiga shimdirilgan kompozitsiyaning tola sifatiga taʼsirini oʼrganish nazariy va amaliy ahamiyatga ega. Xom ashyoda tolaning mexanik xossalarini yaxshilaydigan polimer eritmasining mavjudligi paxta chigitidan ajratilgandan keyin uning texnologik koʼrsatkichlarini oʼzgarishiga olib keladi.
Paxta tolasini polimer kompozitsiya bilan qayta ishlash nafaqat tolaning namligini tartibga solish imkonini beradi, balki ishlov berilgan tolaning koʼpgina fizik, mexanik va texnologik xususiyatlarini yaxshilaydi. Tolaga ishlov berishning sirt faol moddasi sifatida sulfanol, suvda eruvchan glikol sifatida glitserin va suvda eruvchan polimer sifatida polietilenglikoldan iborat kompozitsiya taklif qilingan [6].
Tabiiy va sintetik polimerlar – kraxmal (4,0; 4,5; 5,0; 5,5%), polivinil spirti (0,1-0,5%) va gidrolizlangan poliakrilonitril (0,1-0,3%) asosida suvda eruvchan polimer tarkibli emulsiyasi olingan va uning nisbiy qovushqoqligi, kalava ipga adgeziyasi, oxorlangan kalava ipning uzilish kuchi va uzilishdagi choʼziluvchanligi aniqlangan [7]. Bundan tashqari turli xil materialning yongʼinga chidamliligini bor kislotasi, karbamid, akril emulsiyasi (40%), poliakrilamid (3%), kollagen (10%) saqlovchi kompozitsion tarkibiga bogʼliqligi oʼrganilgan [8,9]. Polivinilfenol, 1,3-fenilenbisoksazolin va paxta xom ashyosidan foydalangan holda mustahkam supergidrofobik paxta asosidagi material ishlab chiqilgan [10]. Paxta tolasini kofein kislotasi va xitozan bilan ishlov berish orqali oqava suvlarni tozalash uchun paxta asosidagi super namlanadigan materiallar yaratilgan [11]. Paxta tolasiga stirol va metilakrilatdan tayyorlangan emulsiya bilan [12], izopropil spirti, polikarbonat, poliuretanning suvli dispersiyasi bilan ishlov berilgan [13]. NaOH/karbamid eritmasida erigan sellyuloza tuz eritmasida qayta tiklangan va paxta matosiga ishlov berilgan, materialning koʼp qatlamli tuzilishini hosil qilgan. Ushbu modifikatsiya matolarning mustahkamligini, issiqlikka chidamliligini va gidrofilligini sezilarli darajada oshirgan [14].
Polimer kompozitsiyalardan foydalangan holda paxtani yigirish jarayonining texnologik parametrlarini yaxshilash muammolari hozirgacha dolzarb boʼlib qolmoqda. Ushbu ishning maqsadi oʼrta tolali paxta xomashyosini suvda eruvchan yangi polimer kompozitsiya bilan emulsiyalab, yigirish jarayonida kalava iplari notekisligini kamaytirish va mustahkamligini oshirishdan iborat.
Materiallar va tadqiqot uslubi
Tajriba ishlarini olib borish maqsadida Qoraqalpogʼiston Respublikasi Toʼrtkoʼl tumanidagi «Agro To’rtko’l tekstil cluster» MChJ paxta tozalash zavodidan “Sultan” seleksiyasiga mansub qoʼlda terilgan II nav paxta tolasi tanlab olindi.
Kollagen eritmasi xom teri chiqindilarini ishqor eritmasida eritish orqali hosil qilindi [15].
Poliakrilamid (PАА), “Navoiazot” АJ korxonasida ishlab chiqarilgan, 0.5%-li eritma tarzida qoʼllanildi. Glitserin, texnik, dastlabki xolicha qoʼllanildi.
Suvda eruvchan polimer kompozitsiyani tayyorlash jarayoni TTESI ning “Kimyo” kafedrasi, emulsiyalash jarayoni va sinov ishlari “Yigirish texnologiyasi” kafedrasi oʼquv laboratoriyasida amalga oshirildi. Buning uchun sinov laboratoriyasida birinchi navbatda oʼrta tolali paxta xomashyosiga sepish uchun kompozitsiya quyidagi tarkib boʼyicha tayyorlandi: 10%-li kollagen eritmasi (200 ml), glitserin (10 ml), 0.5%-li poliakrilamid eritmasi (40 ml), suv (1,75 l).
Yuqorida keltirilgan tarkib asosida tayyorlangan kompozitsiya bir kun davomida tindirildi. Emulsiyalash uchun bir partiya paxta xomashyosi 15 kg miqdorda ishlatildi. Titib olingan paxta xomashyosiga maxsus tayyorlangan emulsiyani qoʼllab biroz vaqt dam berildi. Ishlov berilmagan (I variant) va ishlov berilgan (II variant) paxta tolasining sifat koʼrsatkichlari “HVI” jihozi yordamida aniqlandi va natijalari 1–jadvalga jamlandi.
1-jadval
“HVI” jihozi aniqlangan paxta tolasining sifat koʼrsatkichlari