Radial sxemalarda elektr energiyasi BPP yoki MTP dan to’g’ridan to’g’ri sex nimstantsiyalariga uzatiladi. Bunday sxemalar moslanuvchanlik hususiyatiga ega bo’lib, ekspluatatsiyada qulay hisoblanadi va o’rta, katta bo’lmagan quvvatli korxonalarda markazdan har tomonga tarqalgan gujlangan iste’molchilarni (nasos stantsiyalari, pechlar, o’zgartirish qurilmalari, tsex nimstantsiyalari) energiya bilan ta’minlashda ishlatiladi. Radial sxemalar manbadan sex podstantsiyalarining yig’ma shinalarigacha bo’lgan oraliqdagi elektr ta’minoti sxemasini sektsiyalash imkonni beradi.
Magistral sxemalarda bir nechta transformator nimstantsiyalari yakka yoki qo’sh magistralga shahobchalar orqali ulanadi. Magistral sxemalarni qo’llanilishi kommutatsiya apparatlarining sonini kamaytirib, tarmoqlarni qurishni arzonlashtirib, korxona elektr ta’minoti tizimiga ketadigan sarf-harajatlarni kamaytiradi.
Bir manbaga ulangan yakka magistralli sxemalarning ishonchlilik darajasi kichik bo’lganligi uchun uchinchi toifali iste’molchilarga tavsiya etiladi. Qo’sh magistralli sxemalarning ishonchliligi yuqori va ularni har qanday toifali iste’molchilarga ishlatish mumkin.
Uzatilayotgan quvvatning miqdoriga qarab bir magistral 2-5 nimstantsiyalarni energiya bilan ta’minlaydi. Transformator nimstantsiyalarining sektsiyalari normal holatda ayrim-ayrim ishlaydilar. Biror magistralda avariya sodir bo’lsa transformator nimstantsiyalarining yuklamalari ikkinchi magistralga o’tkaziladi. Bu vazifa sektsiyalararo uzgich yoki avtomat orqali bajariladi.
Magistral sxemalarning quyidagi guruhlari mavjud: bir tomonlama va ikki tomonlama ta’minlanuvchi yakka liniyali sxemalar; xalqasimon sxemalar; ikki va undan ko’p parallel magistralli sxemalar. Bir tomondan ta’minlanuvchi yakka liniya va xalqasimon magistral sxemalarning ishonchlilik darajasi radial sxemalarga nisbatan past hisoblanadi. Halqasimon va ikki tomonlama ta’minlanadigan 10 kV li magistral sxemalarda himoyalash tizimlarining murakkabligi uchun ular normal rejimda yopiq holatda bo’lmaydilar.
Korxonaning ichki ta’minoti tizimida faqat radial yoki faqat magistral tamoyilida qurilgan sxemalar ishlatilmaydi. Odatda katta va ma’sul elektr iste’molchilarning ta’minoti radial sxemalarda, o’rta va mayda iste’molchilar esa magistral sxemalarda bajariladi. Bunday aralash sxemalarni ishlatilishi korxona ichki taminoti tizimining iqtisodiy-texnik ko’rsatkichlarini yaxshilashga olib keladi.