31. Mahallalarda drayver sohalarni aniqlash deganda nimani tushunasiz? Mahallaning “oʻsish nuqtalari”ni (ixtisoslashuv yoʻnalishlarini) aniqlash va yangi tadbirkorlik, shu jumladan “drayver” loyihalarini amalga oshirishda tashabbuskorlarga koʻmaklashish va shu orqali iqtisodiy oʻsishni taʼminlash hamda joylarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun toʻsiq boʻlayotgan (yer ajratish, qurilish uchun ruxsat berish, turli xil faoliyatlar uchun litsenziya olish, boʻsh bino va yer maydonlarini tadbirkorlik uchun ajratish, kommunikatsiya tizimlariga ulanish)muammolarni tezkorlik bilan hal etish «mahallabay» ishlash tizimining negizini tashkil etadi.
«Mahallabay» ishlash tizimida har bir mahallada:
1. Har bir xonadonning daromad manbalari, mavjud shaxsiy tomorqa xoʻjaligidan foydalanishda holatini «xonadonbay» tartibda oʻrganiladi;
2. Xonadonlardagi har bir mehnatga layoqatli, ishsiz kishi boʻyicha «fuqarobay» tartibda qiziqish va intilishlari, mavjud salohiyati baholanadi;
3. Har bir fuqaro qiziqish va intilishlarini amalga oshirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqish va uni “boshqaruv ofisi”ga yoʻnaltirish orqali aniq maqsadli koʻmaklashish;
4. «Fuqarobay» tartibda ishlab chiqilgan loyihalarning amalga oshirilishi jarayonini muntazam monitoring qilib borish;
5. Mahallalardagi mavjud foydalanilmayotgan bino va yer maydonlaridan samarali foydalanishga erishish;
6. Mahallalardagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi muammolarni oʻrganish, uni hal etishga koʻmaklashish maqsadida loyihalar ishlab chiqish va uning yechimi boʻyicha “boshqaruv ofisi”ga takliflar kiritish.
«Mahallabay» ishlash tizimida mahallaga biriktirilgan tijorat banki doimiy vakili umumiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholining daromad manbalarini, shu jumladan, norasmiy daromadga ega boʻlgan tadbirkorlarni oʻrganish;
ishsiz aholini, xususan, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻrgatish talabini aniqlash va tegishli takliflarni tuman muvofiqlashtirish guruhiga muntazam kiritib borish;
aholi biznes xohish-istagini oʻrgangan holda ularni tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga, shu jumladan kredit olishiga koʻmaklashish;
mahalladagi tadbirkorlarning mavjud muammolarini oʻrganish va ular faoliyatini kengaytirish yuzasidan takliflarni tuman muvofiqlashtiruvchi guruhlarga taqdim etish;
mahallada foydalanishga topshirilgan loyihalar natijadorligi va samaradorligini oʻrganib borish va monitoring qilish;
mahalla raisi va faollari bilan doimiy muloqotda boʻlib, mahallani rivojlantirish va aholini doimiy daromad bilan taʼminlash borasida tuman ishchi guruhga takliflar ishlab chiqish.
Aholi tadbirkorligi va bandligini taʼminlash boʻyicha quyidagilarni amalga oshirish zarur hisoblanadi:
mahalla aholisi band boʻlgan yoʻnalishlar va asosiy daromad manbalarini, shuningdek qoʻshimcha imkoniyat “drayver”larni xonadonlarda (kuniga 3-4 tadan xonadonda) muloqot oʻtkazish orqali oʻrganish;
mahalla raislari bilan birga tadbirkorlik va kasb-hunar oʻrganish istagida boʻlgan aholi reyestrini shakllantirish hamda oʻquvlarda qamrab olish uchun Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazi va Bandlik organlariga yoʻnaltirib borish;
“Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturlari doirasida oldingi yillarda imtiyozli kredit olgan oilalar bilan (kuniga oʻrtacha 10 ta xonadonda) ular tadbirkorligini rivojlantirish yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazish;
norasmiy daromadga ega boʻlgan tadbirkorlar (kuniga oʻrtacha 4-5 ta subyekt) bilan muloqotlar oʻtkazib, ular faoliyatini kengaytirish va rasmiy tashkil etishga har tomonlama koʻmaklashish;
mahallaning oʻsish nuqtalari va drayver yoʻnalishlari boʻyicha investitsiya loyihalarini shakllantirish boʻyicha mavjud tadbirkor va tashabbuskor aholi (kuniga oʻrtacha 8-10 nafar) bilan muloqotlar oʻtkazish;
ijtimoiy dasturlar doirasida yoshlarga ajratilgan yerlar, kreditlar, subsidiyalardan samarali foydalanish holatini oʻrganish (kuniga oʻrtacha 2-3 nafar);
oʻquv kurslarini tamomlagan va tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan aholiga biznes loyihalar tayyorlash, bank kreditlarini jalb etish va biznes yuritishga koʻmaklashish (kuniga oʻrtacha 2-3 nafar aholiga);
mavjud tadbirkorlar (oʻrtacha 3-4 nafar ) bilan joyiga chiqqan holda 3 ta toifaga (shu mahallada yashab, shu mahallada tadbirkorlik qilayotgan; shu mahallada yashab, boshqa mahallada tadbirkorlik qilayotgan; boshqa mahallada yashab, shu mahallada tadbirkorlik qilayotgan) ajratib, ularning muammo va takliflarini oʻrganish;
mahallada foydalanishga topshirilgan investitsiya va tadbirkorlik loyihalari natijadorligi va samaradorligini oʻrganish hamda bu borada doimiy monitoring yuritish;
faoliyat koʻrsatmayotgan (oʻrtacha 3-4 ta) tadbirkorlik subyektlarining faoliyatsizlik sabablarini oʻrganib, ular faoliyatini tiklash imkoniyatlari hamda muammo va masalalarini oʻrganish;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan infratuzilma obyektlaridagi muammo va kamchiliklar, shuningdek tadbirkorlar takliflarini oʻrganish.