www.arxiv.uz
Reja:
O’simliklar organlarining tuzilishi.
Tuban o’simliklar vakillarining turli-tumanligi.
Yuksak ochiq urug’li o’simliklarning tuzilishi va tarqalishi.
Yuksak yopiq urug’li o’simliklarning tuzilishi va tarqalishi.
O’simliklarning inson hayotidagi va tabiatdagi aham iyati.
O’simliklar vegetativ organlari: ildiz, poya, bargning morfologik tuzilishi. Vegetativ (lotincha vegetation so’zidan olingan bo’lib, o’sish, rivojlanish degan ma‘noni bildiradi) organlarga ildiz, poya va barg kiradi. Bu organlar bir – biri bilan bog’langan holda juda muhim vazifalarni bajaradi.
Ildizning morfologik tuzilishi. Ildiz o’simlikni tuproqqa biriktirib, tuproqdagi suv va unda erigan mineral moddalarni yer ustki qismlariga yetkazadigan, bargsiz va kurtaksiz yer ostki qismidir. Ba‘zi ildizlarda zapas holdagi oziq moddalar ko’p miqdorda to’planadi (sholg’om, turp, georgina). Ildiz vegetativ ko’payish uchun xizmat qiladi. Ayrim o’simliklarda ildiz mikroorganizmlar bilan simbioz holda yashaydi.
Ildizlar kelib chiqishiga ko’ra asosiy, yon va qo’shimcha ildizlarga bo’linadi.
Asosiy ildiz gulli o’simliklarda murtakdagi boshlang’ich ildizning o’sishidan hosil bo’ladi. Tuproqning yuza qatlamida namgarchilik kamayishi tufayli ildiz tuproq orasiga kirib boradi ya‘ni yon ildiz shoxlanib 1 – tartib ildizni, bu ildiz esa o’z navbatida 2 – tartib ildizni hosil qiladi va hokazo.
Qo’shimcha ildiz poyaning tuproq bilan birikib turgan joyida, nam tuproqqa tegib turgan novda (tok) yoki bargda (begoniya, binafsha) hosil bo’ladi.
Ayrim ko’p yillik o’simliklar yon ildizlaridan qo’shimcha kurtaklar hosil qilib, keyinroq bu kurtaklardan o’sib chiqqan poyalar ildiz bachkilar deyiladi. Ildiz bachki hosil qiluvchi o’simliklarga terak, gilos, olma, akatsiya, qizilmiya, pechak, kakra va buta o’simliklar misol bo’ladi.
Shakli o’zgargan (metamorfoz) ildizlar bir necha xil bo’ladi:
Ildizmevalar. Asosiy ildizning shakli o’zgarib unda ko’p miqdorda zapas oziq moddalar to’planishi natijasida hosil bo’ladi (petrushka, lavlagi, sabzi, sholg’om).
Ildiz tuganak. Yon va qo’shimcha ildizlarda zapas oziq moddalarning ko’p miqdorda to’planishidan hosil bo’ladi. Ular vegetativ ko’payishga xizmat qiladi (kartoshkagul, batat, tuganakli ayiqtovon).
Tayanch ildizlar. Poyadan chiqqan qo’shimcha ildizlar ko’pincha poyani tik tutib turishga xizmat qiladi (makkajo’xori, oqjo’xori).
So’rg’ich ildizlar o’zida xlorofill donachalari bo’lmaganligi sababli boshqa o’simliklardagi oziq moddalar hisobiga yashaydigan tekinxo’r o’simliklarda (zarpechak, shumg’iya, plyush) rivojlangan.
Poya va novdaning tuzilishi. Yuksak o’simliklarning yer ustki asosiy vegetativ organi poya hisoblanadi. Poya o’simlikning bargsiz, kurtaksiz qismidir. Poya ildiz va bargni morfologik va funktsional jihatdan bog’laydi. Poya orqali ildizdan shimilgan suv va unda erigan mineral moddalar barg tomon, bargda hosil bo’lgan organik moddalar ildiz tomon harakatlanadi. Ba‘zi o’simliklar poyasida zapas holda oziq moddalar ham to’planadi.
Turli o’simlik poyalari eniga, bo’yiga va shakliga ko’ra turlicha bo’ladi. Poyalar tik o’suvchi (kungaboqar, makkajo’xori, g’o’za, archa), o’rmalab o’sadigan (qulupnay, ajriq), palak otib (qovun, tarvuz), boshqa narsalarga ilashib (tok, qozonsochiq), chirmashib (karnaygul, qo’ypechak) o’sishi mumkin. Poyalar shoxlangan va shoxlanmagan bo’lishi mumkin.
Bargli, kurtakli poya novda deyiladi. Daraxt va butalarning bir yillik shoxi hamda daraxt va butalarning urug’dan unib chiqqan niholi novda deyiladi. Novdaning uchki qismida doimo kurtak bo’lib, u novdaning yuqoriga qarab o’sishiga xizmat qiladi. Uchki kurtakning ostida va barg qo’ltig’ida kurtaklar joylashib, ular yon kurtaklar deyiladi. Yon kurtaklar barg, gul va yon novda hosil qiluvchi kurtakka bo’linadi. Novda bo’g’im va bo’g’im oralig’idan iborat. Har bir bo’g’imda barg joylashgan. Barg qo’ltig’ida esa kurtak joylashgan. Novdada yashirin va qo’shimcha kurtaklar ham bo’ladi. Bu kurtaklar zarur hollardagina (m-n, uchki kurtak chilpib tashlansa) ko’karadi. .
Do'stlaringiz bilan baham: |