1.2. Daryo suvi va uning tabiiy jarayonlar hamda inson hayotidagi ahamiyati
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, gidrologik tadqiqotlarning asosiy markazlari bo‘lgan Gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Geologiya va geofizika instituti, Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya insitituti hamda shu institut qoshidagi Irrigatsiya va suv muammolari instituti kabi ilmiy tadqiqot muassasalarida daryolar gidrologiyasi va umuman gidrologiya fanining rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘lkamiz daryolari to‘yinishining asosiy manbalaridan biri bo‘lgan tog‘ muzliklarining birinchi katalogi (jadvali) 1930-yillarda N.L.Korjenevskiy tomonidan yaratilgan bo‘lsa, mamlakatimizda “Glyasiologiya” fanining keyingi rivoji va jahon miqyosida tan olinishi G.E.Glazirin, V.G.Konovalov, V.I.Ratsek, V.F.Suslov, A.S.Shetinnikov, V.Nozdryuxin, A.A.Kreyter, M.A.Nosirov, A.A.Akbarov, B.A.Kamolov kabi olimlarning nomlari bilan bog‘liqdir. Hozirgi kunda bu sohadagi tadqiqotlar B.K.Saryov, A.V.Ni, F.I.Persiger, G.P.Kim, I.G.Tomashevskaya, E.Semakova, M.Petrov kabi yosh olimlar tomonidan muvafaqqiyatli davom ettirilmoqda.
O‘tgan asrning birinchi yarmida daryolar boshlanadigan tog‘ ko‘llari yoki ular kelib quyiladigan tekislik ko‘llarini o‘rganishga N.L.Korjenevskiy, L.A.Molchanov, N.G.Mallitskiy kabi olimlar asos solgan. Mamlakatimizda ko‘lshunoslikning keyingi rivojiga V.N. Reyzvix, A.M.Nikitin, M.A.Nosirov, N.E.Gorelkin, J.J.Nurboyev, O.S.Nuriddinov kabi olimlar katta hissa qo‘shdilar. O‘zbekiston Milliy universitetida ilk bor «Ko‘lshunoslik» (mualliflar: F.H.Hikmatov, D.P.Aytbayev, 2002 y.) o‘quv qo‘llanmasi yaratildi.
Mamlakatimizda daryolar oqimini gidrologik hisoblash va prognozlash borasida dastlabki tadqiqotlar E.M.Oldekop, L.K.Davidov, ulardan bir muncha keyin P.M.Mashukov, Z.V.Djordjio, E.I.Girnik, N.N.Aksarin, N.K.Lukina, Yu.M.Denisov, A.I.Sergeyev, L.N.Borovikova, S.Karimov, A.M.Ovchinnikovlar tomonidan amalga oshirilgan. Hozirgi kunda A.F.Shohidov, A.A.To‘laganov, A.V.Pak, N.A.Agalseva kabi olimlar shu yo‘nalishda tadqiqot olib bormoqdalar.
Daryolarda kechadigan gidrologik jarayonlarni matematik modellashtirish muammolari bo‘yicha Yu.M.Denisov va uning shogirdlari - A.I.Sergeyev, L.N.Borovikova, A.F.Shohidov, A.A.To‘laganovlar amalga oshirgan tadqiqotlar diqqatga sazovordir.
Tog‘ daryolarida kuzatiladigan sel toshqinlari, ularning genezisi muammolarini geografik va gidrologik o‘rganish bilan F.K.Kocherga, P.M.Karpov, T.Mustafaqulov, V.P.Pushkarenko, A.Saidov, V.Babko va boshqalar shug‘ullangan bo‘lsalar, hozirgi kunda bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar R.G.Vafin, G.N.Trofimov, S.To‘laganov, A.S.Merkushkin va boshqalar tomonidan davom ettirilmoqda.
Mamlakatimizda gidrologik tadqiqotlar majmuida daryolar havzalarida kechadigan suv eroziyasi hamda daryolarning loyqa oqiziqlari genezisi masalalarini o‘rganishga V.L.Shuls, O.P.Shcheglova, Yu.N.Ivanov, A.A.Xonazarov, A.R.Rasulovlar asos solganlar. Ayni paytda bu yo‘nalish S.R.Saidova, Z.S.Sirliboyeva, F.H.Hikmatov, D.P.Aytbayevlar tomonidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Daryolar o‘zani va ular quyiladigan suv omborlaridagi dinamik jarayonlarni o‘rganishni S.T.Altunin, A.M.Muhamedov, V.S.Lapshenkov, I.A.Shneer kabi olimlar boshlab bergan bo‘lsalar, keyingi yillarda bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar N.I.Zudina, X.A.Ismagilov, M.B.Boqiyev, Z.S.Sirliboyeva, A.A.Libert, D.P.Aytbayev va boshqalar tomonidan davom ettirilmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimizda daryolar gidrokimyosi (E.M.Vidineyeva, Q.A.Domlajonov, E.I.Chembarisov), daryolar suv resurslarini muhofaza qilish (R.M.Razaqov, Sh.Muradov, D.Yu.Yusupova, Yo.Q.Xayitov), paleogidrologiya (G.N.Trofimov, F.Ya.Ortiqova), gidroekologiya (A.Nazarov, A.Abdurahmanov, Z.S.Sirliboyeva, S.R.Saidova) kabi yo‘nalishlar ham shakllanmoqda.
Hozirgi kunda mustaqil respublikamizda barcha suv havzalari, jumladan, daryolar, ko‘llar, muzliklarda kuzatish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan muvaffaqqiyatli amalga oshirilmoqda. Ularning muhofazasi masalalari esa O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan. Yuqoridagilardan tashqari suv muammolari, suv inshootlarini loyihalash va qurish ishlari bilan shug‘ullanadigan bir qancha maxsus ilmiy tadqiqot va loyihalash institutlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular uchun yetuk va malakali mutaxassislar esa Respublikamiz oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlarida tayyorlanmoqda.
Jumladan, mustaqillik yillarida Toshkent Gidrometeorologiya kasb-hunar kolleji tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, Toshkent davlat texnika universitetida bakalavrlar va magistrlar tayyorlanmoqda. O‘zbekiston Milliy universiteti va Gidrometeorologiya ilmiy-tekshirish institutida shu soha bo‘yicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlar tayyorlash maqsadida katta ilmiy xodim-izlanuvchi instituti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Daryo suvi ko‘pgina xossalari bilan boshqa qattiq va suyuq moddalardan farq qiladi. U yengil, harakatchan suyuqlik bo‘lib, o‘zi quyilgan jism shaklini erkin qabul qiladi. Suv har xil kuch ta’siriga katta qarshilik ko‘rsatib, yuqori bosimga chidab, o‘z hajmini deyarli kam o‘zgartiradi.
Tabiiy suv, unda boshqa eritmalar kam bo‘lsa, yupqa qatlamlarda rangsiz tusda, qalin qatlamlarda esa havorangko‘k tusda bo‘ladi. Toza, eritmasiz suv elektr tokini deyarli o‘tkazmaydi.
Suvning zichligi deb, hajm birligidagi suv massasiga aytiladi. Suv +4 0C haroratda eng katta zichlikka ega bo‘ladi, undan katta va kichik haroratlarda esa zichlik kamayadi. Muzning zichligi suvnikidan kam. Shu tufayli muz parchasi suv yuzasida cho‘kmay turadi. Suv betidagi muz qoplami issiqsovuqni yomon o‘tkazadi. Natijada, pastki qatlamlardagi suv muzlamaydi. Bu esa daryolarda va boshqa suv havzasidagi tirik organizmlarni qirilib ketishidan saqlaydi.
Toza distillangan suvning muzlash harorati 0 0C, qaynash harorati esa normal atmosfera bosimida +100 0C ga teng. Suvning muzlash va qaynash harorati unda erigan moddalar miqdori, ya’ni sho‘rligiga va atmosfera bosimiga bog‘liq. Suvning sho‘rligi ortishi bilan uning muzlash harorati pasayib, qaynash harorati esa ortadi. Masalan, okean va dengizlar suvi -2 0C da muzlaydi.
Suvning solishtirma issiqlik sig‘imi deb, 1 gramm massali suvni 1 gradus isitish uchun talab qilinadigan issiqlik miqdoriga aytiladi. Suvning solishtirma issiqlik sig‘imi 1,0 kal/ggrad ga teng bo‘lib, boshqa suyuq moddalar va qattiq jismlarnikidan yuqoridir. Masalan, muzning solishtirma issiqlik sig‘imi o‘rtacha -0,505 kal/ggrad, havoniki -0,237 kal/ggrad va tuproqniki esa -0,40 kal/ggrad ga teng. Suvning harorati o‘zgarishi bilan uning solishtirma issiqlik sig‘imi kam o‘zgaradi. Yuqorida keltirilgan raqamlarda aks etganidek, suvning issiqlik sig‘imi kattaligi quruqlikdagi suvlarning sovishi va isishi jarayonlarida, shuningdek, butun Yer shari iqlimining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |