2.2. Xonliklarda soliq tizimining ahvoli va majburiyatlar
Bizga tarixdan ma’lumki, bir davlat o‘z hududida yashayotgan aholidan turli soliqlar yig‘ib olgan. Soliq siyosati albatta har bir davlatning o‘z halqiga nisbatan qanday jabhada turganligining o‘lchov mezoni deyishimiz mumkin. Va shu o‘lchov mezoni orqali biz, mazkur davlat, uning hukmdori va boshqaruv tizimi faoliyatiga baho berish mumkin. Davlatda soliq tizimi adolat mezonlarga, qonun-qoidalarga amal qilinib olib borilsa, albatta bu davlatni ravnaqi,kelgusi taraqqiyoti ta’minlangan bo‘ladi. Agar soliq siyosati mamlakatda noto‘g‘ri olib borilsa, har qanday davlatning ham tanazzulga uchrashi, ammo ushbu siyosat xalq manfaati yo‘lida oqlona amalga oshirilsa, istiqbolning keng va ishonchli qo‘llarini ta’minlashishida ijtimoiy kafolat bo‘ladi.
XIX asr o‘rtalaridagi uchala xonliklarda amal qilingan soliq turlari va miqdorining qandayligini shariat qonunlarda belgilangan tarzda amalga oshirsada, lekin har bir xonlikning soliq siyosatda o‘ziga xos tomonlari va jihatlari bor edi. Masalan, biz Buxoro xonligidagi soliq siyosatini va u yerdagi siyosatni amalga oshirish jarayonini ko‘rishimiz mumkin.
Buxoro amirligida soliq tizimi ikki xil tartibda olingan. Bu birinchi soliqni mahsulot shaklida olish, ya’ni bu dehqonchilik hududlarida uni amalga oshirish o‘rim-yig‘im, xirmon ko‘tarish paytiga to‘g‘ri kelgan. Ikkinchi soliqni pul shaklida olganlar. Pul shaklida olish albatta, ko‘proq shaharlik aholiga qo‘llanilar edi.
Amirlikda hosildan olinadigan soliq hiroj deb atalgan. Soliq yig‘adigan kishilar amin va qishloq oqsoqoli birgalikda dehqonlarning yer maydonini va hosil miqdorini aniqlaganlar. Shundan keyin dehqon qancha hajimda soliq to‘lashi kerakligi haqida hujjat rasmiylashtirilgan. Bu hujjatni rasiylashtirganlaridan so‘nggina dehqonlarga hosilni yig‘ishtirib olish huquqi berilar edi. Soliq yig‘uvchining haqi ham shu soliq miqdoriga kiritilgan. Hiroj yo‘li bilan olingan soliq xon xazinasining daromadi manbai hisoblangan.
Xonliklar o‘rtasidagi o‘zaro urush va nizolar uchala xonlik aholisi uchun ham qashshoqlik manbai bo‘lgan. Bunday yangi-yangi soliqlar o‘ylab topilar edi. Tana bona va alaf puli degan soliq turlari mavjud bo‘lib, bular asosan bog‘lar va bedazorlar, poliz ekinlari uchun olinar edi.
Asosiy soliqlardan yana biri bu zakot solig‘idir. Zakot solig‘i asosan, savdogar mollari umumiy miqdorining qirqdan birini tashkil etgan. Chorvadorlardan ham zakot solig‘i olinar edi. Bundan tashqari xonlikda joy haqi-ya’ni bozorlarda mahsulotlarni sotganlik uchun, uy hayvonlari uchun ham soliqlar joriy etilgan.
Xiva xonligida ham XIX asrda Buxoro xonligidagi soliqlarga o‘hshash, lekin biroz farq qiluvchi soliqlar mavjud edi. Xonlikda ilgari mahsulot bilan yig‘ib olinadigan soliq – hiroj o‘rniga pul solig‘i – salg‘ut joriy etilgan. Bu yangi soliq salg‘ut pul solig‘iga o‘tish dehqonlarda ham, mulkdorlarda norozilik to‘g‘dirdi.
Aholining turmush darajasi past bo‘lib, yerga egalik qilish shakli yuz yillar davomida o‘zgarmay kelganligi, soliq va tulovlarning haddan tashqari ko‘pligi mamlakatda hunarmandchilik, savdo-sotiq va boshqa sohalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilardi.21 Mamlakatning himoyasiz oddiy fuqoralari davlat soliqlari va amaldorlarning doimiy zulmi ostida bo‘lgan. Bu aholining erkinroq yashashi va turmush darajasi yaxshilanishiga imkon bermasdi.
Aholining badavlat qatlami va o‘ziga to‘q dehqonlar o‘z yerlarini kengaytirish va ko‘proq foyda olish maqsadida yerlariga ishlov berishga kurbi yetmagan nochor oilalar va yetim yesirlarning yerlarini arzon narxlarda sotib olib, ularning haq-huquqlarini poymol qilishardi. Bunday hodisalarga ko‘plab dalillar keltirish mumkin. Masalan, 1870 yilda Boysun bekligida yashagan mulla Ishoqxo‘ja oddiy dehqon Berdiqulning voyaga yetmagan o‘g‘illaridan bir chorak yerni noqonuniy yo‘l bilan nisbatan ancha arzon narxda, 12 tangaga sotib olgan.22 Yirik yer egalari o‘z yerlariga ishlov berishga qurbi yetmagan dehqonlarga foiz hisobiga, qaytarish sharti bilan ma’lum miqtorda pul yoki boshqa mahsulotlar berish hollari ham kuzatiladi. Ba’zan ularning yerlarini ijaraga olib dehqonlarga barishgan va yig‘im-terim paytida hosilning 1/5 qismini o‘zlariga olishgan. Qarizni to‘lashga qurbi yetmagan dehqonlarning yerlari shu yo‘l bilan olib qo‘yilgan. Barcha beklarda dehqonlarning yerlarini tortib olish va garovga qarz berish hollari tez-tez uchrab turgan.
Sariosiyo amlokligida yashovchi dehqon Muhammad Muqumboy Sultonboy oqsaqoldan qarz oladi. Uning evaziga Gazarak qishlog‘idagi bir tanob yerni Sultonboyga garovga beradi. 1892 yilda Muqumboy Sariosiyo qozisiga shariat asosida bir tanob (yuza o‘lchov birligi, bir tanob 60 x 60 kv. m. ga teng) yerni qaytarib olib berishni so‘rab murojjat qiladi, lekin qozi Sultonbboydan olgan 11500 tangani to‘lamaguncha uning yerga da’vo qilishga haqqi yo‘qligini aytadi. Denov bekligida G‘iyos o‘g‘li Ilyos Qobilboydan bir tanob bog‘ni ijaraga oladi , buning evaziga yiliga 170 tanga ijara haqi to‘lashi kerak edi. Lekin u belgilangan vaqtida ijara haqini to‘lay olmaydi. Uch yil ichida ijara haqi 500 tangaga yetadi. Natijada Qobilboy ijarachining uy joyini tortib oladi va unga yana 6 oy muhlat beradi. Shu vaqt ichida ko‘rsatilgan pul to‘lanmasa, uy-joydan voz kechish sharti qo‘yiladi.
Shariat ulamolari ham o‘z manfaatlarini ko‘zlab, mansablarini suiiste’mol qilib, mahalliy aholini o‘zlari o‘ylab topgan hiyla-nayranglarga ishontirib kelishgan. Ular pul bor joyda shariat qonunlaridan ko‘z yumib, konunga zid ishlarga ko‘l urishgan. Jumladan, Denov qozisi Mirrahmon Xudoyberdi Tog‘oymurodovning voyaga yetmagan 12 yoshli yetim qizini yoshi o‘tib qolgan Mahkamboy mullo Mir Ahmadga 15 tangaga majburan nikohlab beradi.Ba’zi hollarda shariat ulamolari o‘z manfaatlari yo‘lida har qanday pastkashliklardan ham qaytishmagan. Masalan, Boysun bekligida yashovchi Yunusboyning o‘g‘li Hamroqulboy Usmonboyning qizi Odinabibi bilan ajrashish uchun qoziga 400 tanga pora bergan. Denov bekligida esa Hojiniyozboy o‘z xotini bilan ajrashish uchun qoziga 1500 tanga bergan. Bu ma’lumotlardan shu narsa ravshan bo‘ladiki, o‘ziga to‘q boylar ko‘ngillariga siqqan ishlarni qilib, bu yo‘lda shariat peshvolarini sotib olishdan ham toymaganlar. XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida Buxoro hukumatining o‘lkada olib borgan soliq siyosatiga qarshi aholining norozilik kayfiyati kuchaydi. Birgina xiroj solig‘i bu davrga kelib 40 foizga ko‘tarildi.23
1871 yilida Qarshi va G‘uzorda mahalliy aholiy tomonidan norozilik chiqishlari uyushtirilib, u yirik ko‘zg‘oloniga aylanib ketadi. Qo‘zg‘olon ishtirokchilari soni 10 mingdan oshib, qo‘zg‘olanchilar bozorni va bek qal’asini o‘rab olishadi va u yerlarni vayron qiladi. 1874 yilda Baljuvonda, 1885 yilda Kulob viloyatining Mo‘minobod qishlog‘ida24, 1886 yilda Hiros va Baljuvonda, 1889 yili Qoratog‘ va Kalifda mahalliy boshqaruv tizimi va soliq yig‘uvchilarga qarshi qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tadi. Bu qo‘zg‘olonlarning barchasi birdek natija bermasa-da aholiga yon berishga majbur qiladi.
Buxoro amirligida 50 ga yaqin soliq va to‘lovlar joriy etilgan bo‘lib, aholi bularni to‘lashga majbur edi. Bu soliq va to‘lovlar SHerobod, Denov, Boysun singari Sharqiy Buxoro bekliklaridan ham yig‘ib olingan.
Aholidan yig‘ib olinadigan asosiy soliq turlari juda ko‘p bo‘lganligi quyidagi ro‘yxatdan yaqqol ko‘zga tashlandi:
1. Xiroj – ekin yerlaridan olinadigan soliq, bunga ushr ham
qo‘shilgan.
2. Boj – bojxonaga to‘lanadigan soliq.
3. Alaf puli – beda ekilgan yer va chorva yemishidan olingan.
4. Bog‘ puli – uzumzorlardan olinadigan soliq.
5. Chorbog‘ – mevali bog‘lardan olinadigan soliq.
6. Ajnos puli – polizg‘ va sabzovot ekinlaridan olingan.
7. Qovun puli – qovun va tarvuzlardan olingan soliq.
8. Uskuna puli – ko‘chatlar o‘tkazish va daraxt payvandlari
olinadigan soliq.
9. Sanjit puli – sanjit daraxtlaridan olinadigan to‘lov.
10. Cho‘p puli – qurilish ashyolari va o‘tindan olinidigan soliq.
11. Barg puli – ipakchilikdan olinadigan soliq.
12. Qush puli – juft qo‘sh xo‘kizlaridan olinadigan to‘lov.
13. Yaksara puli – bitta haydov ho‘kizidan olinadigan to‘lov.
14. Zakot chakana – chorvadan olinadigan soliq.
15. Aminona – suvdan foydalanganlik uchun va bozorda sotiladigan
mahsulotlardan olinadigan soliq.
16. Tagjoy puli – bozordagi sotuvchilardan olingan.
17. Chuil- harbiy soliq turi.
18. Boqia puli – sug‘orish inshootlar to‘lov.
19. Shox va mix puli – qurilish ashyolari (qamish, xashak) dan
olingan.
20. Lobaki puli – ariqlarni tozalash uchun olinadigan to‘lov.
21. Jo‘yga puli – bosh ariqdan o‘z yeriga oladigan suvga to‘lanadigan
soliq.
22. Chig‘ir puli- suvni ko‘tarib beruvchi moslama uchun olingan.
23. Osiyo puli – tegirmonlardan olinadigan to‘lov.
24. Objuvoz puli – sholi tozalovchi tegirmonlardan olingan.
25. Qayiq puli – daryolarda qayiq bilan yurgani uchun olingan.
26. Farsax puli – yo‘l pulim.25
27. Joziya puli (juz’ya) – yahudilardan olinadigan soliq
28. Arab puli – arablardan olinadigan soliq.
29. Mergan puli – ovchilardan olinadigan soliq.
30. Avrizot – favkulodda olinadigan soliq.
31. Qorachilik – qo‘rimqchi va mirshablar harajatlari uchun
olinadigan soliq.
32. Maktab puli – ilm olganligi uchun soliq.
33. Zakot – savdodan olinadigan soliq.
34. Suv puli – suvda tashilgan yuklardan olinadigan to‘lov.
35. Kotibbona – kotib foydasiga olinadigan soliq.
36. Quduq puli – quduq suvidan foydalanilganligi uchun olingane.
37. Hovli puli – hovlilardan olinadigan soliq.
38. Hashar puli – hasharda ishtirok etmaganlardan olingan.
39. Nikoh-xona – nikoh uqiganligi uchun olinadigan soliq.
40. Ulovgir – ot-arava va ulov egalaridan olingan.
Zakot yig‘ivchining hisobiga ko‘ra, Buxoro amirligida bir yilda beklardan quyidagi miqdorda: Hisor bekligidan 270 ming; Ko‘lob bekligidan 70 ming; G‘uzordan 140 ming; Denovdan 75 mingYU Karkidan 38 ming, Shahrisabzdan 135 ming, SHeroboddan100 ming, Sayrobdan 165 ming tanga zakot yig‘ib olingan.
1904 yilga qadar Sharqiy Buxoroda zakotning miqdori tartibga solinmagan edi. 1904 yilga kelib zakotning miqdori quyidagicha qilib belgilandi: 5 ta yuk tashuvchi tuya hisobidan 1 ta qo‘y, 40 qo‘y yoki echkidan 1ta qo‘y yoki echki. Qo‘y yoki echkining soni 100 tagacha bo‘lsa zakotning miqdori o‘zgarmagan. 101 tadan 201 tagacha bo‘lgan qo‘y yoki echkidan 2 bosh, undan ko‘p bo‘lsa har 100 tasidan 1 bosh qo‘y yoki echki olingan. Bundan tashqari, chorvaning ikkinchi yilgi ko‘payishi ham hisobga olingan va qo‘shimcha zakot olingan.
Zakotni savdogarlar va chorvadorlar to‘lashgan. Amirlikda tashqaridan olib kirilayotgan yoki chiqarilayotgan, bir beklikdan boshqa beklikka olib o‘tilayotgan mahsulot miqdoriga qarab u 2,5 % miqdorida belgilangan. Sharqiy Buxoroda esa bozorga kirishda va chiqishda, Hisorda esa yerni va mulkni sotish va sotib olishda ham zakot solig‘i olingan.
Soliq yig‘uvchilar ko‘pincha mansablarni suiiste’mol qilib, o‘zlarining daromadlarini oshirish uchun belgilanganidan ko‘p yoki yangi soliq joriy qilib pul yig‘ib olishgan. Masalan, SHerobod viloyatida amaldorlar belgilangan 4 man g‘alla o‘rniga 8 man (man og‘irlik o‘lchovi bo‘lib, u botmonga teng bo‘lgan, bir man Buxoroda 8 pudga, SHerobod va Boysunda 9 pudga, Qabodiyon va Qo‘rg‘ontepada 16 pudga, Ko‘lobda 17 pudga teng bo‘lgan) g‘alla olishgan. Shundan kelib chiqqan xiroj 40% ni tashkil etgan. Denovda XIX asrning 80-yillarida eski udumga ko‘ra har bir qo‘sh yerdan (43 tanobga teng yer) qo‘sh puli – 22 tanga soliq olingan, mirobona solig‘i 1man g‘alla, xiroj esa 6 man g‘alla miqdorida, ya’ni hosilning 1/6 qismi ko‘rinishidа olingan.26
Shu yillarda SHerobod viloyati fuqoralaridan qoida bo‘yicha bahorgi ekinidan hosilning 1/5 qism, kuzgi ekinlaridan ¼ qism xiroj solig‘i, bog‘lardan 13 tanga, beda ekinidan 6 tanga, sabzavotlardan esa 12 tanga tanob solig‘i olingan.27
Xiroj bilan bir vaqtda soliq yig‘uvchilar foydasiga bir qancha soliqlar olingan: kafsan, dorug‘a, mushrifona, sag‘ubordori, kotibona, muhrono, somon puli va boshqalar.
SHerobod viloyatida XIX asrning 90 yillarida soliq yig‘uvchilar 5 g‘alvir (1 pudga yaqin g‘allani sig‘diruvchi idish) g‘alla miqdorida kafsan solig‘ini to‘lashni talab qilganlar. Bu viloyatda an’anaga ko‘ra kafsan solig‘i to‘lash kerak emas edi. Bundan ko‘rinib turibdiki, soliq yig‘uvchilar uni yig‘ib, mansablarini suiiste’mol qilganlar.
Amirlikda to‘lanishi shart bo‘lgan umumiy soliqlardan tashqari har bir beklikda qo‘shimcha to‘lovlar ham joriy qilingan. Har bir bek qo‘shimcha soliqlarni o‘z bilganicha belgilagan. Soliq yig‘uvchilaresa Buxoro hukumati tomonidan joriy etilmagan to‘lov va majburiyatlarni ham aholidan talab qilishgan. Mansabdor shaxslar ko‘pincha boylik orttirish maqsadida mansablaridan foydalanib, belgilangan miqdordan ikki barobar ko‘p soliq yig‘ib olishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Denov, SHerobod, Boysun, Hisor, Qabodiyon va boshqa bekliklarda bunday voqealarni ko‘plab uchratish mumkin edi. Masalan, SHerobod bekligida an’anaga ko‘ra kafsan solig‘i joriy etilmagan edi. Lekin shunga qaramay uni yig‘ib olishgan.28
Yuqoridagi ma’lumotlarga asoslanib fikr yuritadigan bo‘lsak, mamlakatdagi barcha og‘irliklar oddiy mehnatkash ommaning zimmasiga yuklangan edi. Ba’zi adolatli din peshvolari oddiy xalqni bunday o‘zboshimchaliklardan himoya qilishga urinishgan. Jumladan, Denov qozisi mulla Mir Imomiddin soliq yig‘uvchilar o‘rnatilgan an’anani buzib soliq olayotganligini Buxoro amiriga ma’lum qilib, ularning o‘zboshimchaliklarini tartibga solishni so‘rab amirga shikoyat xati yo‘llaydi. Bundan tashqari, vohada yashovchi aholi tomonidan ham Buxoro amiriga ko‘plab norozilik va shikoyat xatlari yozilgan. Misol tariqasida SHerobod bekligida yashovchi dehqonlarning SHerobod raisi mulla Mansurbek ustidan amirga yozgan shikoyatini keltirish mumkin. Unda SHerobod raisi hunarmandlardan kuniga bir tanga ortiqcha soliq olayotgani, oldi-sotdi hujjatlarini rasiylashtirish hamda muhr uchun qozi qancha so‘rasa, u ham shuncha so‘rayotgani, maktab pulini olishda esa belgilanganidan ko‘proq – oyiga 20 tanga olayotgani ma’lum qilinadi.
Ammo bunday shikoyatlar deyarli natijasiz qolardi. Shu boisdan dehqonlar o‘z oralaridan eng ishonchli vakillarni amir huzuriga yuborishgan. 1885 yilning 10 oktabrida SHeroboddan bir necha vakil belgilanganidan ko‘p soliq olayotganligi uchun amlokdorlar ustidan shikoyat qilib amir huzuriga borishgan. Lekin bu ham hech natija bermaydi. Amir aybdorlarni jazolash o‘rniga SHerobod begiga shikoyat qilib kelganlarga jazo berishni buyurgan. Qazi mulla Abdurahim va SHerobod hukmdori Sodiqboy tomonidan amirga yozilgan javob xatida shikoyatchilardan uchtasi hibisga olinganligi, qolgan uchtasi qochib ketganligi va ular qidiruvda ekanligi ma’lum qilingan.
Oldingi shikoyatlardan natija bo‘lmagach, 1885 yil 31 oktabrida dehqonlar yana o‘z ishonchli vakillarini najot izlab amir huzuriga soliq tizimini tartibga solishni so‘rab yuborishgan, lekin bu safar ham amir shikoyatchilarga yordam ko‘rsatish o‘rniga ularni Qarshi shahridagi zindonga tashlashni buyuradi.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ham ko‘rinib turibdiki, amirlikda mehnatkash aholining og‘ir turmushini yengillashtiruvchi biror kuch yo‘q edi. Dehqonlar endi shikoyat qilish bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligini, norozilik yoki isyon yo‘li bilangina biror natijaga erishish mumkinligini anglay boshladilar.
Oqibatda 1885-1886 yillarda SHerobod bekligi aholisi soliq to‘lashdan bosh tortib isyon ko‘targan. Tog‘li Daxparakent qishlog‘ida bo‘lib o‘tgan g‘alayonlar jiddiy tus olib, xalq soliq yig‘uvchilarni kaltaklab haydaydi. Mahalliy hokimiyatning quyi qatlamlari ham g‘alayonni qo‘llab-quvvatlaydilar. SHerobod bekligidagi ushbu norozilik chiqishlari Buxoro amirini ancha cho‘chitib qo‘ydi va u biroz bo‘lsa-da, dehqonlarga yon berishga majbur bo‘ldi. G‘alayon natijasida Buxoro amiri SHerobod bekligida yangi to‘lov tartibini joriy qilishga majbur bo‘ldi, lekin bu yangi to‘lov ham dehqonlardi qoniqtirmaydi. Shundan keyin ham ular 30-40 kun davomida soliq to‘lashdan buyin tovlashgan. Bu gal Buxoro amiri shikoyatni o‘z joyida o‘rganish uchun Bobojon jevachini SHerobodga jo‘natgan.29
Bobojon jevachining SHerobodga kelishi ham dehqonlar uchun hech narsani o‘zgartirmaydi. Ikki marta qilingan shikoyat natijasiz qolganidan so‘ng, sherobodlik dehqonlar Buxoro amiriga uchinchi bor shikoyat qilishgan. Endilikda kichik qishloq amaldorlari hamda boy dehqonlar ham mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlab soliq yig‘uvchilarning xatti-harakatlaridan norozi ekanliklarini bildirdilar. Ariza va noroziliklar ko‘payib ketganligidan cho‘chigan amir shikoyatlarini o‘rganish uchun Buxorodan mulla Sharof miroxo‘rni SHerobodga yuborgan va undan taftish o‘tkazishni talab qilgan. O‘tkazilgan taftish natijasida soliq yig‘uvchilar va amloqdorlar tomonidan shariat qonunlari ko‘pol ravishda buzilganligi aniqlangan. Soliq yig‘uvchilar aholidan belgilangan miqdordan 10 foiz ko‘p soliq olganlari ma’lum bo‘ldi. Mulla Sharof aholini tinchlantirish maqsadida mahalliy amloqdorlardan soliqlarni belgilangan meyordan oshirmaslikni talab qilib ularni ogohlantirgan.
Buxoro hukumatida yuqori lavozimdagi amaldorlar biror joyga shikoyatni o‘rganish yoki boshqa muammolarni hal qilish uchun yuborilsa, unga albatta bek tomonidan farsah puli berilgan. Bu ham oddiy xalqning hisobidan olingan. Dehqonlarning shikoyatini o‘rganish uchun SHerobodga kelgan mulla Sharof ham bekdan 250 tanga farsax puli (yo‘l puli), adras va ipakdan tayyorlangan to‘n va yaktaklar undirib Buxoroga qaytgan.
Mahalliy hukmdorlarning adolatsizliklaridan amir huzuriga najot izlab borgan xalq vakillari har doimo ham qoniqarli javob ololmas, aksincha, ular jazoga mahkum qilinardi. Buning oqibatida turli soliq va to‘lovlardan toliqqan SHerobod aholisining o‘z joylarini tashlab, Afg‘oniston va boshqa joylarga ko‘chib ketishi hollari tez-tez uchrab turgan. XIX asrning 70-80 – yillariga keli, Denov bekligidan ham soliq miqdorining ko‘pligi va mahalliy hukmdorlarning o‘zboshimchaliklariga qarshi bir guruh isyonchilar soliq yig‘uvchilar ustidan arz qilib amir huzuriga borishgan va beklikdagi tartibsizliklarni yo‘lga solishni qattiq talab qilishgan. Shundan so‘ng amir shikoyatni o‘rganish uchun Denovga Said Nazarbek qorovulbegini yuborgan. U Denov qozisi bilan birgalikda shikoyatni o‘rganib chiqqan. Taftish davomida amaldorlar soliqlarni haqiqatan ham belgilanganidan ko‘p miqdorda yiqqanliklari ma’lum bo‘lgan.
Said Nazarbek vaziyatni har tomonlama o‘rganib chiqib, Denov bekligida soliq to‘lashning yangi tartibini joriy qilgan va shu yo‘l bilan dehqonlarni tinchlantirgan. Denov amlokdori Olmosboy o‘z vazifasidan chetlashtirilgan. Eski soliq tizimiga qaytilishi va amloklarning almashtirilishi dehqonlarning g‘alabasi edi, ammo amlokdorlarning almashtirilishi, soliqlar tartibining o‘zgartirilishi oddiy aholining turmushini o‘zgartirib, ularning yaxshi yashashaini ta’minlay olmas edi. Yangi tayinlangan amlokdorlar ham biroz vaqt o‘tgach, shariat qonunlarini qo‘pol ravishda bo‘zib, soliqlarni o‘z bilganicha yig‘a boshladilar.
XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib aholining norozilik kayfiyatlari shiddatli tus ola boshladi, qo‘zg‘olonlar muqarror bo‘lib qoldi. Shunday qo‘zg‘olonlardan biriga denovlik Ernazar Polvon boshchilik qiladi. Bu qo‘zg‘olonga Denov bekligidagi bir necha qishloq aholisi qo‘shilgan.30 Qo‘zg‘olon kuchayib ketgach, Denov begi Abdurahmon bunga qarshi o‘zining qurollangan guruhini jo‘natadi. Qo‘zg‘olonchilar va bek navkarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangda bek navkarlari mag‘lubiyatga uchraydi. Qo‘zg‘olonchilar Ernazar Polvon boshchiligida Denov qal’asini egallashgan va bir yarim oy davomida uni o‘z qo‘llarida ushlab turishgan. Bu voqeadan xabar topgan Buxoro amiri o‘zining ko‘p sonli qurollangan navkarlarini Denovga yuborgan. Ular qal’ani qamal qilib, qo‘zg‘olonchilarni mag‘lubiyatga uchratishgan. Natijada qo‘zg‘olon qatnashchilaridan 48 tasi qo‘lga olinib, Darband darasida dorga osilgan.31
Denov bekligida ham bir necha marotaba g‘alayon ko‘tarilib, shulardan ikkitasi mahalliy hokimlarni tashvishga solgan va ularni xalq bilan hisoblashishga majbur qilgan. Birinchisida g‘alayonchilar g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikkinchisi dehqonlarning mag‘lubiyat bilan yakunlanadi. G‘alayonchilar qatl etiladi, ammo endi g‘alayonchilarni qatl etish bilan aholini qo‘rqitib bo‘lmas, aksincha bunday g‘alayonlar beklik va amirlikning boshqa joylarida ham avj olib borardi.
Rossiya imperiyasi o‘zining mustamlakachilik siyosatini davom ettirib, 1890 yildan boshlab Buxoro amirligi hududida harbiy-strategik va topografik tekshiruvlar olib bordi.32 Bunday tekshiruv ishlari Boysun va Denov bekliklarida ham amalga oshirildi. 1898 yilda K.A. Kirxgof va Polyanskiy boshchiligidagi ekspeditsiya Denov bekligida tekshiruv ishlarini olib bordi. Mahalliy aholi bunday tekshiruvlarga qarshi chiqdi. Qarshiliklar 1898 yilning 18 mayida Cho‘t-chog‘liq qishlog‘ida boshlangan. Tosh, tayoq, ketmon va belkurak bilan qurollangan bir necha erkak va ayollar ruslarni ishlab turgan joylaridan haydab yuborishgan. Bu voqiyadan xabar topgan aholi Denov bekligining boshqa qishloqlarida ham shunday qilishgan. Masalan, 20 may kuni Shayton qishlog‘i, 21 may kuni esa Tolli qishlog‘i aholisi rus harbiy tadqiqotchilarini ishlab turgan joylaridan kaltaklab haydashgan. Jumladan, Buxoro hukumatining Jarqo‘rg‘ondagi suv inshootlari qurilishni kuzatib yurgan vakili X.X. Mirbadalev, muhandis Kelster va “SHerobod” jamiyatining 6 ta a’zosi mingdan ortiq mahalliy aholi qurshovida qolib ketishgan. G‘alayonchilar qo‘llaridagi tayoq, belkurak va boshqa qurollar bilan ularga hujum qilishgan. G‘alayon 4 soatcha davom etgan. Bunday chiqishlar natijasida xalq suvdan foydalanishda ba’zi cheklovlarni olib tashlashga erishgan.
Noroziliklarning ommaviy tus olib, g‘alayonga aylanib ketishib oqibatida Pattakesardan rus harbiy otryad chaqirilib, g‘alayon bostirilgan. G‘alayon qatnashchilarni o‘limga xukm qilingan. Rossiya xukumati o‘z vaqtida to‘qnashuvning oldini olmaganligi uchun Denov begini aybdor deb topgan va Buxoro xukumatidan taftish o‘tkazishni talab qilgan.
XIX asr oxirlarida ham mahalliy aholi podsho Rossiya ma’murlarining hiyla – nayranglariga chidashga majbur edi. Yangi Termizga rus fuqoralarinigko‘chib kelishi natijasida mahalliy aholi bilan ular o‘rtasida tez-tez kelishmovchiliklar yuz birib turdi. Shunday kelishmovchiliklardan biri 1898 yilning 20 avgustida bo‘lgan. Pattakesar aholisi rus askarlaridan uch kishini Sulton Niyozning qiziga tajovuz qilishida ayblab hibisga olgan.Ammo ruslar shariat qonun-qoidalarini pisand qilmay, kuch ishlatib o‘z askarlarini ozod qilishgan.33 Ushbu voqiya yuzasidan rus va Buxoro xukumati o‘rtasida olib borilgan muzokoralar natijasida rus askarlari emas, balki mahalliy aholi aybdor deb topilgan. Bu ish yuzasidan nohak hukm chiqarilib, qishloq oqsoqoli Allaberdi besh oyga, to‘qnashuvda faol ishtirok etgan yana besh kishi uch oyga SHerobod zindoniga tashlangan. Termizda Rossiya xukumatining siyosiy ta’siri kuchli bo‘lib, Buxoro hukumati yevropaliklarning so‘zlarini yerda qoldira olmasdi. Shuning uchun ham rus fuqoralari va askarlari mahalliy aholini mensimasdan, ko‘ngillari tusagan ishlarni qilishgan.
Buxoro amirligida aholining turmush tarzi og‘irligidan SHerobod bekligida yashovchi ba’zi mahalliy fuqoralar Rossiya fuqoraligini qabul qilishgan. Buning sababi shunda ediki, hukumat tomonidan ruslar uchun barcha sharoitlar yaratib, mahalliy aholiga nisbatan ularga katta imtiyozlar berilgan edi. Buxoro amirligi aholisining turmush tarzi esa og‘ir bo‘lib, ular hech qanday imtiyozga ega emasdilar. Mahalliy fuqoralar rus fuqoraligini qabul qilishsa, ularga ham ruslarga berilgan imtiyozlar joriy etilardi. Masalan, Termiz yaqinidagi Tallimaron qishlog‘idagi 68 ta xo‘jalikda yashovchi aholidan jami 215 kishi o‘z xohshi bilan rus fuqoraligini qabul qilgan.
1902 yilda Denov atrofida katta g‘alayon bo‘lib o‘tgan. G‘alayon haqidagi shov-shuvlar Denovdan Toshkent va hatto Peterburggacha yetib bordi. Bu voqiya Rossiya imperiyasi hukumati ma’murlarini ham xavotirga solib qo‘yadi. Podsho Rossiya hukumati Buxoro amirligidan Denovdagi g‘alayon haqida Toshkent va Peterburgga ma’lumot berishni talab qilgan. Mamlakatdagi g‘alayonlar endilikda nafaqat Buxoro amirligini, balki Rossiya hukumatini ham e’tiborsiz qoldirmaydi. Bu esa dehqonlarga qisman bo‘lsa-da yengillik berdi hamda mahalliy amaldorlar aholi bilan murosa qilishga majbur bo‘ldilar.
Ayni payda, Buxoro amiri tomonidan SHerobod va Boysun hududlaridan mahalliy aholiga tegishli katta yer maydonlarining rus tadbirkorlariga ijaraga berib yuborilishi mahalliy aholi uchun katta qiyinchiliklar tug‘dirgan. Ularning yerlari musodara qilingan va suvdan foydalanish huquqlari cheklab qo‘yilgan. Bunday beboshliklardan sabr kosasi to‘lgan dehqonlar 1916 yilning 23 martida Jarqurg‘ondagi “SHerobod” jamiyati a’zolariga qarshi g‘alayon ko‘targan.
1916 yili Boysun begi Abulhofiz boy Buxoro qo‘shbegisi nomiga yo‘llagan taqdimnomasida Podsho Rossiya hukumati Surxon daryosiga to‘g‘on qurishi natijasida mahalliy aholi yerlarini kelishilgan narxlarda sotib olishni bildirgan edi. Lekin mahalliy aholi bu shartnomaga rozi bo‘lmaydi. Shunga qaramay, chor hukumati vakillari bek va uning yordamchilariga bildirmasdan hujjatni maxfiy ravishda imzolaganlar. Bundan habar topgan Kakaydi amloklari aholisi amir huzuriga borib, o‘z yerlarini qaytarib berishni so‘ragan. Lekin amirdan bunday ishlarni hal qilishni so‘rashning foydasi yo‘q edi. Chunki Buxoro amiri bunday ishlarni chor hukumatining ruxsatisiz o‘zi mustaqil hal qila olmasdi. Shuning uchun ham aholining shikoyati amaliy natija bermagan.
Buxoro amirligida beklar hukumatdan hech qanday maosh olmaganlar. Ular aholidan yig‘ib olinadigan hamda amir xazinasiga jo‘natiladigan soliq va to‘lovlar o‘rtasidagi farq hisobiga kun kechirganlar. Amlokdorlar esa bekdan uncha katta bo‘lmagan xizmat haqi olishgan. Masalan, SHerobod bekligida amlokdorlar yiliga 50 rubl pul va 400 pud (og‘irlik o‘lchovi birligi, bir pud-16 kg.) sholi, bug‘doy va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari olganlar. Mahalliy hisob-kitoblarga ko‘ra, mahsulotlar bilan qo‘shib hisoblaganda bu 220 rubilni tashkil etgan. Bundan tashqari, amlokdorlar bekning himmatiga qarab sovg‘a yoki qo‘shimcha haq ham olganlar. Ba’zi vaqtlarda amir jazo tariqasida u yoki bu bekni zakot yig‘ish huquqidan mahrum etib, uni boshqa bir bekka in’om etgan.
Aholining doimiy g‘alayonlari natijasida XIX asrning 80-yillariga kelib, vohada yashovchi dehqonlar soliq miqdorini Buxoro amiridan yozma ravishda tasdiqlatib olishga erishdilar va yagona soliq tizimi joriy etildi. Bu esa vaqtincha bo‘lsa ham soliq yig‘uvchilarning o‘zboshimchaliklariga chek qo‘ydi. Endilikda Buxoro hukumati mahalliy aholi bilan hisoblashishga majbur bo‘ldi. Bu dehqonlar erishgan asosiy yutuqlardan biri edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |