Dasturlash tillari tarixidan. Dasturlash tillari, asosan, ikkinchi jahon urushidan keyin yaratila boshlandi. Ammo uning boshlanishi tarixi ancha olis yillarga borib taqaladi.
Arxeologik qazilmalarda topilgan sopol taxtachada bundan 3800 yil oldin (eramizdan avvalgi 1800-yillar) Bobilda foiz bilan bog‘liq murakkab amallar algoritmi keltirilgan. Unda aniq masala ishlangan bo‘lib, agar bug‘doy hosili yiliga 20% dan oshib borsa, uning miqdori ikki marta o‘sishi uchun necha yil va oy kerak bo‘lishi algoritmi tuzilgan.
XIX asr fransuz kashfiyotchisi Jozef Mari Jakkard 1804yilda yupqa mato ishlab chiqish jarayonida to‘quv dastgohlari uchun perfokartani eslatuvchi tasma ishlatgan va shu bilan perfokartaga asos solgan edi.
1836-yilda ingliz olimi Charlz Bebbij hozirgi kompyuterlarning bevosita ajdodi bo‘lmish analitik mashina ishlab chiqishga kirishdi va bu masalani nazariy hal qildi. Bu
mashinaning asosiy xususiyati uning dastur asosida ishlashi va hisob-kitob natijalarini «eslab» qolishida edi.
1843 yilda ingliz matematigi Ogasta Ada Bayron (Lavleys), shoir lord Bayronning qizi analitik mashina buyruqlar asosida ishlashi lozimligini ta’kidladi. U berilgan shartlar bajarilmagunga qadar qadamlar ketma-ketligini ta’minlovchi buyruqlarni yozdi. Ana shu holat bilan dasturlash tiliga asos soldi va u birinchi dasturchi deb hisoblanadi.
Mazkur va boshqa kashfiyotlar kompyuterlar ishlab chiqarilgach, ularni ishlatish uchun zarur bo‘lgan til yaratilishini talab etdi.
Turbo Pascal dasturlash tili 1969-yili Nikalas Virt tomonidan ishlab chiqildi. Bu tilning nomi 1642-yilda o‘zining mexanik hisoblash mashinasini ishlab chiqib, keng ko‘lamda qo‘llanilgan va keyingi hisoblash mashinalari uchun asos bo‘lib xizmat qilgan mashina muallifi, “Fransuzlarning Arximedi” degan nomga musharraf bo‘lgan olim Blez Pascal xotirasiga atab qo‘yilgan. Turbo Pascal dasturlash tili dasturlashni o‘rgatish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay yuqori malakali dasturchilar orasida keng tarqaldi. Odatda, samarali dasturlash tillari o‘zgarishsiz va rivojlanishsiz qolmaydi. Shuning uchun ham Turbo Pascal dasturlash tilining turli rusumdagi kompyuterlar uchun moslashtirilgan naqllari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular Turbo Pascal dasturlash tilining boshlang‘ich naqlidan farq qiladi.
Dasturchilar ko‘pincha translyator, interpritator va kompilyator kabi iboralarni ishlatishadi. Translyator (ingliz: tarjimon) bir dasturlash tilida yozilgan dasturni boshqa tildagi dasturga o‘giruvchi maxsus dasturdir. Translyatorlar 2 turga bo‘linadi: interpritator va kompilyator. Interpritator (ingliz: og‘zaki tarjimon, talqin etuvchi) dasturni buyruqma-buyruq mashina tiliga o‘tkazadi va ishlaydi. Masalan, 1965 yilda J.Kemeni va T.Kurt tomonidan ishlab chiqilgan BASIC (ingliz: Beginners All-purpose Symbolic Instruction Code – boshlovchilar uchun universal belgili izohli kod) dasturlash tilini interpritatorga misol bo‘ladi. Basic dasturlash tilida yozilgan dastur ishga tushirilganda dastur matnidagi tugallangan mazmundagi buyruq, ya’ni operator mashina tiliga o‘giriladi va ishlaydi, keyin navbatdagi operator yana mashina tiliga o‘giriladi va ishlanadi. Shu sababli ham Basic dasturlash tilida ish tezligi sekinroq. Kompilyator (ingliz: tuzuvchi, yig‘ uvchi) esa bir tilda yozilgan dasturni to‘liqligicha boshqa tilda ifodalangan dasturga aylantiruvchi translayator dasturdir. Masalan, kompilyator C tilida yozilgan dasturni assembler tilida yozilgan dasturga aylantiradi. Huddi shunday, Turbo Pascal dasturlash tili ham kompilyator hisoblanadi. U dastur matnini to‘liqligicha mashina tiliga o‘giradi va shundan keyingina ishlaydi. Kompilyatsiya qilingan dastur juda ham tez ishlaydi, lekin interpritatorlarda yozilgan dasturlarni tahrirlash ancha oson kechadi.
Turbo Pascal dasturlash tili keng doiradagi muhandislik, matematik, fizik, iqtisodiy va boshqa masalalarni muloqot usulida yechishga mo‘ljallangan tillardan biridir. Bu tilning keng tarqalishi va qo‘llanilishiga asosiy sabab – uning soddaligi va undan foydalanishning qulayligidir. Dastavval Turbo Pascal tili universitetlarda qo‘llanilgan bo‘lib, keyinchalik o‘nlab turli rusumdagi kompyuterlar uchun bu tilning translyatorlari ishlab chiqildi.
1981 yilda Turbo Pascal tilining xalqaro standarti taklif etildi. IBM PC rusumli kompyuterlar uchun Turbo Pascal tilinig Borland firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan Turbo Pascal naqli hozirgi davrda keng tarqalgan bo‘lib, uning 4.0 naqlidan boshlab foydalanuvchilar juda qulay sistema – dasturlashning integrallashgan muhiti (ingliz: IDE – Integrated Development Environment) ga ega bo‘ldilar.
Integrallashgan (birlashgan) muhit – dasturlashga yordam beruvchi dastur bo‘lib, u quyidagi asosiy imkoniyatlarni o‘z ichiga olishi lozim:
dastur matnini kiritish imkonini berish;
kiritilayotgan dastur matnini vaqti-vaqti bilan diskda saqlab turish;
dasturni ishga tushirish uchun translyatorga ega bo‘lish;
sintaktik xatoliklarni aniqlash va tahrir etish vositasiga ega bo‘lish.
Biz yoritmoqchi bo‘lgan Turbo Pascal 7.0 integrallashgan muhiti sanab o‘tilgan imkoniyatlardan tashqari yana bir qancha vazifalarni ham amalga oshirishga imkonini beradi. Tilning boshqa naqllari ozgina o‘zgarishlar bilan farqlanishi mumkin.