a. O‘tkazilayotgan tadbirlarda qatnashadigan o‘quvchilar soniga qarab:
1. Bir necha parallel sinflar, aralash sinflar qatnashadigan tadbirlar.
2. Yakka tartibda o‘quvchilar qatnashadigan tadbirlar.
b. Tashkil etish usullariga qarab:
1. Yalpi tadbirlar – ma’ruzalar, yig‘ilishlar, konferensiyalar, olimpiadalar, videofilmlarni ko‘rish; tematik kechalar, ishlab chiqarish ilg‘orlari bilan o‘tkaziladigan uchrashuv kechalari; kasb bo‘yicha kalendarь kunlari.
2. Guruhda o‘tkaziladigan tadbirlar – ekskursiyalar, maslahatlar, kasblar bo‘yicha tanlovlar, yosh texniklarning musobaqalari, korxonalar va etakchi kasblar bilan tanishish maqsadida jonajon o‘lka boylab sayyohlik yurishlari.
3. Yakka tartibda o‘tkaziladigan tadbirlar – kasb haqida maslahat beriladigan suhbatlar, kasblar to‘g‘risida tavsiya etilgan kitoblarni o‘qish, uchrashuvlar, konstruktorlik, tajriba ishi yuzasidan yakka tartibda beriladigan topshiriqlar; o‘quvchini qiziqtiradigan fan va texnika sohasini chuqurlashtirish va rivojlantirish maqsadida qo‘shimcha adabiyotlar bilan ishlash.
v.Mazmun manbalariga qarab:
Kasblar bilan tanishtirish; sayohatlar, malakali ustozlar va mutaxassislar bilan uchrashuvlar, o‘qituvchining hikoyasi yoki suhbati, kinolardan parchalar, fotosuratlar, ro‘znoma va oynomalardan olingan maxsus materiallarni namoyish qilish uchun kompyuter vositalardan foydalanish; taklif qilingan ishlab chiqarish mutaxassisining suhbati; kasblar haqidagi ma’lumotnomalar bilan tanishish; mehnat va ishlab chiqarish ta’limi bilan bog‘liq kasblar to‘g‘risidagi hikoyalarni o‘qish; mutaxassislar bilan suhbatlar o‘tkazish yordamida axborot materiallarini to‘plash; fotosuratlar, fotoalbomlar ko‘rsatish; ishlab chiqarish sharoitida malakali mutaxassislar kasbiy faoliyati to‘g‘risidagi kinofilmlarni namoyish qilish; bazaviy xo‘jalikda ishlab chiqarish tajribasi vaqtida kasblar bilan tanishish.
g. Kasbga yo‘naltirish tadbirlarini royobga chiqarish vositalari bo‘yicha:
«O‘qish uchun qayerga kirish kerak» ma’lumotnomasini nashr etish, kasblar va kasb-hunar kollejlari haqidagi plakatlar, e’lonlar, reklama varaqalari; mazkur iqtisodiy tumanda mavjud kasblarning qisqacha tavsiflari bo‘lgan to‘plamlar; «Mehnat yo‘lini tanlash», «Mening kasbim - eng yaxshi kasb» mavzusidagi videofilmlar; reklama qilinadigan televizion filmlar, sexlar, o‘quv yurtlaridan olingan televizion reportajlar; kasblar va musobaqa ilg‘orlari to‘g‘risida radioeshittirishlar, kasb-hunar kollejlarida yoshlarining turmush va o‘qishi haqida hikoya qiluvchi Respublikamiz va mahalliy ro‘znomalarda bosilgan maqolalar; shahar kinoteatrlari foyelarida, supermarketlarning vitrinalarida, katta ko‘chalarning chorrahalarida kasblarni targ‘ib qiluvchi bannerlar va ko‘rgazmalar; ko‘chalar va maydonlardagi yoshlarni kasb-hunar kollejlariga o‘qishga kirishga da’vat etuvchi yorqin buyoqli chaqiriqlar.
Maktab kasbga yo‘naltirish ishi tizimini tarkib toptirish hali nihoyasiga etkazilgani yo‘q. Kasbga yo‘naltirish tizimi tarkibiy tuzilishi kasbga yo‘naltirish maqsad va vazifalarini; maktab ta’limi bosqichlari bo‘yicha uning mazmunini; bazaviy korxonalar, ota-onalar jamoatchiligi ishtirokida kasbga yo‘naltirish ishining yo‘nalishlarini; kasbga yo‘naltirish tadbirlarini amalga oshirish shakllari, metodlari va vositalarini; muayyan ishchi kasblari bo‘yicha unumli mehnatda maktab yoshlari ishtirokining aniq yo‘llarini o‘z ichiga olishi lozim.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirishni rivojlantirish quyidagicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, bular:
I. Bozor iqtisodiyoti tarmoqlari bilan umumiy tanishtirish.
II. Ishlab chiqarish texnikasi, texnologiyasi va iqtisodiyotini umuman o‘rganish.
III. Kasblarniig asosiy guruhlari bilan tanishtirish.
IV. Viloyat, tuman xo‘jaligi biron tarmog‘ining, bazaviy qo‘shma-korxonaning tanlangan kasbini dastlabki egallash bosqichlaridir.
Kasbga yo‘naltirish maktab tizimining asosiy tamoyillari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
a) kasbga yo‘naltirish har tomonlama kamol topgan, faol shaxsni shakllantirishga qaratilgan pedagogik jarayonning rejali ravishda amalga oshiriladigan uzviy qismi sifatida;
b) ijtimoiy ishlab chiqarishning haqiqiy talabi asosida mehnat yo‘lini tanlashning shaxsiy va ijtimoiy muammosini to‘g‘ri hal qilish;
v) kasbga yo‘naltirishning og‘zaki metodlarini atrof-tevarakdagi korxonalar yetakchi kasblari asoslarini egallash borasidagi aniq amaliy harakatlar bilan qo‘shib olib borish;
g) maktabdagi barcha darslarda yuqoriga ko‘tarilib boruvchi chiziq bo‘yicha kasb ta’limi va kasbni targ‘ib qilishning pog‘onali tuzilishi;
d) maktab, oila va ishlab chiqarishning birgalikdagi kuch-g‘ayratlari bilan ishchi kasblariga qiziqishni tarbiyalashning faol metodlari.
Namunaviy dastur talablariga muvofiq har bir o‘quv fani bo‘yicha darslar mazmunini hisobga olib, kasbga yo‘naltirishni sinfdan sinfga rejalashtirish masalalari eng murakkab ishdir.
Ommaviy maktablarda kasbga yo‘naltirishning amaliy vazifalarini hal qilishga tizimli yondashish usuli qo‘llaniladi. Kasbga yo‘naltirishning sinflar bo‘yicha asosiy mazmuni quyidagicha bo‘lishi mumkin:
Boshlang‘ich sinflarda: atrof-tevarakdagi mahalliy ishlab chiqarish korxonalari va tabiatdan foydalangan holda mehnat faoliyati turlari bilan tanishtirish.
O‘rta sinflarda: umumiy ta’lim turkum o‘quv fanlari darslarida og‘zaki metodlar yordami bilan hamma ishlarni o‘z ichiga oladigan va birga qo‘shilgan kasblarning asosiy guruhlari bilan, mehnat ta’limi darslarida esa metallga ishlov berish, elektrotexnika, yog‘ochga ishlov berish kasblari mehnat usullari bilan ko‘rgazmali tanishtirish.
Yuqori sinflarda: aniq ishchi kasblari asoslarini egallagan xolda ishlab chiqarishning muayyan sohalari negizida kasbga yo‘naltirish.Shunday qilib, ko‘rib chiqilgan tarzdagi kasbga yo‘naltirish maktab tizimi mazkur muammoning hamma jihatlarini qamrab olish imkonini yaratadi, hozirgi sharoitda tuman, shahar, viloyat va respublika doirasida yangi iqtisodiy tafakkur asoslarini hal qilishni hisobga olib, uni takomillashtirish yo‘llarini belgilashga yordam beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |