Yarim pansionda (ikki marta ovqatlanish) ertalabki nonushta va tushlik yoki kechki ovqat nazarda tutilgan bo‘ladi. Pansion – bu uch martalik ovqatlanishdir. Qimmatbaho xizmat ko‘rsatish variantlarida butun kun davomida va hattoki tunda istalgan vaqtda va istalgan miqdorda ovqatlanish hamda ichimliklar (spirtli ichimliklarni ham qo‘shib hisoblaganda) ichish imkoniyati nazarda tutilishi mumkin.
Shuningdek, taklif etilayotgan ovqatning zichlik gradatsiyasi (miqdori bo‘yicha) va ko‘pincha kaloriyaliligi hamda xizmat ko‘rsatishning turlari belgilangan bo‘ladi. Masalan, nonushta xillarining miqdori tashrif buyurilayotgan mamlakat yoki mintaqaning an’analariga bog‘liq bo‘ladi (yevropacha, kontinental, inglizcha, amerikacha,va hokazo). Mehmonlarga xizmat ko‘rsatishning turi ham muhimdir (shvedcha dasturxon).
Umuman olganda, turist ertalab yengil ovqat tanovvul qilishi, ya’ni yengil nonushta qilishi qabul qilingan. Shuning uchun, odatda, mehmonxonalarning ko‘p qismi ovqatlanish punktlariga yoki restoranlarga ega bo‘lib, mehmondo‘stlikning zaruriy tarkibiy qismi hisoblangan xizmat ko‘rsatishlarni taklif qiladi, bu esa ko‘p hollarda joylashtirishning qiymatiga kiritilgan bo‘ladi. Mehmonxona qoshidagi restoranda ovqatlantirish joylari mavjudligining ko‘rsatkichi juda muhim. Agar bu ko‘rsatkich mavjud nomerlar fondi miqdoriga mos bo‘lsa, yana ham yaxshi bo‘ladi.
Nonushta masalasida eng yaxshisi, turist mehmonxonadan tashqariga chiqmasligi kerak, garchi ovqatlanish punktlari nazarda tutilmagan, turistlarga esa yaqinroqda joylashgan restoranda ovqatlanishi mumkinligi tavsiya qilingan joylashtirish vositalari ham mavjud bo‘lsa-da. Bunday holda joylashtirish xizmatining qiymati keskin pasayib ketadi.
Ovqatlantirishni tashkil etish tibbiy sohani ham hisobga olgan bo‘lishi kerak. Noto‘g‘ri ovqatlanish, yomon (qoidalarga rioya qilinmagan holda) tayyorlangan ovqat zaharlanishga olib kelishi mumkin. Masalan, 40% gacha turistlar Misr va Hindistonga borganlarida diareyadan aziyat chekadilar. Ayniqsa, ko‘chadagi mayda sotuvchilar qo‘lidagi suv va ovqat, shuningdek, sifatsiz restoranlardagi taomlar xavflidir. Ayrim toifadagi turistlarning diniy e’tiqodidan kelib chiqqan cheklanishlarni (masalan, cho‘chqa go‘shtini iste’mol qilmaslik, ro‘za tutish), vegeterianlarning o‘ziga xos talablari, bolalar ovqati talablarini ham hisobga olish kerak. Ovqatlanishga bo‘lgan bunday talablarning o‘ziga xosligini turistlar tur sotib olayotganlarida ko‘rsatishlari kerak.
Turizm infratuzilmasiga turistlarning turistik zaxiralaridan bemalol foydalanishini ta’minlovchi binolar tizimi, muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, yo‘llar, turizmning turli xizmat ko‘rsatish korxonalari va ularni kerakli darajada ishlatish va ta’minlash tushuniladi.
Turizm infratuzilmasi bu avtomobil va temir yo‘llar, havo yo‘llari, dengiz va daryo yo‘llari, issiqlik, elektr va telefon aloqalari hamda boshqa kommunikatsiya tizimlari majmuyidir. Ma’lumki, turizm sohasida turistik zaxiralari, yani tabiiy iqlim, tarixiy-madaniy, ma’rifiy, ijtimoiy-maishiy turizm obyektlari bo‘lgan hududlarda kerakli infratuzilmani yaratish muhim masalalardan biri hisoblanadi. Yo‘l qurilishi sohasini olib ko‘raylik. Albatta, turistlar oddiy yo‘lovchilar emas. Yo‘llarning ravonligiga qarab ham turistlar oqimining oshishi yoki kamayishi mumkin. Yo‘llar, bozorlar mamlakatning iqtisodiy va madaniy ahvoli qay darajada rivojlanganidan dalolat beradi.
Mehmonxona va shunga tenglashtirilgan joylardagi kommunikatsiya va muhandislik tarmoqlarida ham muammolar bo‘lmasligi turizm sohasining yangi pog‘onalarga ko‘tarilishida o‘ziga xos o‘rinni egallaydi. Bir tasavvur qilib ko‘raylik: issiqlik tarmog‘i ishlamaydigan, elektr tarmog‘i nosoz, kanalizatsiya tarmog‘i bo‘lmagan yoki ichimlik suvi talab darajasida bo‘lmagan mehmonxonalar turist va boshqalar turizm sohasining rivojlanishidagi kechiktirib bulmas va tezda xal qilinishi zarur bo‘lgan muammolardir. Ayniqsa, olis, tog‘li joylarda bu muammolarni hal etish katta kapital mablag‘ talab qiladi. Shuningdek, avtomobillar qatnaydigan trassalarda shohbekatlarning ahvoli xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatadigan darajada bo‘lmasligi, turist tezda hojatini chiqarib oladigan yoki zarur tibbiy yordam beradigan obyektlarning yo‘qligi xorijiy turistlar oqimiga salbiy ta’sir qiladi.
Hozirgi paytda turizm infratuzilmasida bank va moliyaviy tashkilotlar – xizmatlarning o‘rni alohida. Axborot xizmati ham turizm infratuzilmasida turistlarga, uning tashkilotchilariga juda zarurdir. Turist sayohatga tayyorlanayotganda hamda sayohat vaqtida o‘zi boradigan joy haqida, o‘sha mamlakat yoki boradigan hududning qonun-qoidalari, odatlari, mehmondo‘stligi haqida qo‘shimcha ma’lumotlarga, shuningdek, o‘sha joyning xaritasiga, transport magistrallari chizmasiga muhtoj bo‘ladi.
Turizm infratuzilmasini zamonaviy komputer xizmatisiz tasavvur etish qiyin. Tezkor axborot va so‘zlashuv, yangiliklardan xabardor etish turizmning yana bir jihatidir. Internet, faks va boshqa zamonaviy texnika vositalari mavjudligi va ularning sifati turizm infratuzilmasini qay darajada ekanligidan yana bir nishonadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |