Bog'liq O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi iskandar tuxliyev bahod
Guruhli turizm. Nisbatan arzon, ko‘p sonli turistlar uchun hamyonbop, ammo guruhli turizmda guruhning barcha a’zolari o‘rnatilgan tartibga bo‘ysunishlari lozim bo‘ladi.
Jozibador turistik mahsulot yaratish turoperatorlarning eng muhim va birinchi vazifasidir. Turistik tashkilotlar faoliyatining ushbu sohasi ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita bog‘liq. «Turistik mahsulot yaratishda turist nima sotib oladi?» degan savolga aniq javob berish lozim. Axir, turist mehmonxonaga joylashtirish uchun emas, yangi hissiyotlar va notanish narsalar bilan tanishish uchun, restorandagi bifshteks yoki go‘shtli qiyma uchun emas, balki e’tibor, qulaylik, xizmatlar uchun pul to‘laydi. Shuning uchun turistik mahsulot yaratish turistning iste’molchilik xususiyati va sifatlarini o‘rganishdan, turistlar uchun eng jozibali tomonlarni ochishdan boshlanadi. Aynan shu ko‘rsatkichlar turistik mahsulotni ishlab chiqish va sotishdagi eng muhim yo‘naltiruvchilar hisoblanadi.
Yuqorida ta’kidlangan tamoyillarning barchasi xizmat ko‘rsatish texnolgiyasiga kiritilishi lozim. Turni tashkillashtirish texnologiyasida turistlar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimning o‘zaro ta’sir muhiti ham, turistlar tomonidan xizmatlar qabul qilinishining psixologik jihatlari ham birdek muhimdir. Bu shuni anglatadiki, turistning shaxsiy qiziqishlari, unga bo‘lgan samimiy munosabat doimo birinchi o‘ringa qo‘yilishi lozim.
Xizmat ko‘rsatishni tashkil qilishda ozodlik tamoyilini inobatga olish juda muhimdir, ya’ni sayohat chog‘ida barcha ko‘ngilsiz narsalardan ozod bo‘lishi lozim. Masalan, turistlarni transportga biletlar buyurtma qilishdan, konsert va teatrlarga biletlar buyurtma qilishdan, har qanday turdagi xizmatlarni kutishidan butunlay xalos qilish lozim.
Xizmat ko‘rsatishning optimalligi – mehmondo‘stlikka aloqador bo‘lgan iste’molchi xususiyatlaridan biri. Xizmat ko‘rsatishning optimallashuvi quyidagilarni nazarda tutadi:
– barcha xizmat turlarining yagona klassga mos kelishi;
– barcha xizmatlarning tur mazmuniga mos kelishi;
– tur iste’molchilarining ma’lum maqsadli guruhiga yo‘naltirilganligi;
– xizmat ko‘rsatish dasturini oldindan kelishish;
– dasturlarning o‘zgaruvchanligi u yoki bu xizmatlarni almashtirish imkonining mavjudligi;
– taqdim etiladigan xizmatlar soni bo‘yicha xizmatlarning maqsadga muvofiq tarkibi;
– xizmat ko‘rsatishda majburiylik alomatlarining yo‘qligi.
Ushbu tamoyillarning barchasini turistik mahsulotni tayyorlash bosqichidayoq inobatga olish muhim. Bunda noto‘g‘ri tayyorlangan mahsulotga nafaqat talab mavjud bo‘lmasligi, balki bunday mahsulot tashkilotdan bo‘lajak potensial mijozlarning ixlosini ham qaytarishi mumkinligini unutmaslik lozim. Bugungi kunda turist bozorda hukm surayotgan raqobat sharoitida yuqoridagilar kuchli omillar bo‘lib hisoblanadi.
Xizmat ko‘rsatish klasslari taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini belgilash uchun ishlatiladi. Turistik mahsulot turli-tuman xizmatlar yig‘indisidan iborat bo‘lganligi uchun ularni turistga sotishda darajasini belgilash bilan bog‘liq muammolar kelib chiqadi. Turlar va xizmatlarning darajasini belgilash bo‘yicha bizning mamlakatimiz bozorlarida ham, xalqaro bozorda ham me’yoriy standartlar mavjud emas. Shuning uchun turoperator va turagentlar turni siljitish va sotishda shartli ravishda tur bo‘yicha xizmatlarni luks, birinchi klass, turist klass, ekonom (iqtisod) klass kabi turlarga bo‘linadi.