2.2 Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Keyingi yillarda mamlakatimizda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash, maʼnan yetuk va jismonan sogʻlom shaxsni kamol toptirish sohasida muayyan ishlar amalga oshirildi, sport, shu jumladan, uning texnik va amaliy turlari bilan shugʻullanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.
Shu bilan birga, Qurolli Kuchlarni jihozlash uchun keltirilayotgan zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar darajasi fan-texnika taraqqiyoti yutuqlariga tezkor va munosib ravishda eʼtibor qaratish zarurligini hamda chaqiruvgacha boʻlgan yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash tizimini takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, unda mamlakat suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish boʻyicha burch tuygʻusini shakllantirish borasidagi tadbirlar lozim darajada olib
borilmayapti. Sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan qator kamchiliklar mavjud, xususan: sportning mazkur turlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning puxta tizimi yoʻlga qoʻyilmagan; sport kadrlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning samarali tizimi joriy etilmagan; terma jamoalarni tayyorlash va musobaqalar oʻtkazish uchun sport infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasi yetarli darajada rivojlanmagan; aholi, ayniqsa, yosh avlod oʻrtasida sportning texnik va amaliy turlarini ommalashtirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilmayapti. Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha va fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga sifatli tayyorlashni tashkil etish, sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni maʼnaviy-axloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha faoliyatni takomillashtirish maqsadida:
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan 1-ilovaga muvofiq taʼlim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, oʻquv va moddiy-texnik bazasi bilan birgalikda mulk qilib davlatga begʻaraz berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi taʼlim muassasalari va avtodromlarni ularning asosiy vositalari, oʻquv va moddiy-texnika bazasi bilan birga operativ boshqarish huquqi asosida qabul qilib olsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda – mudofaa ishlari boshqarmalari) huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash markazlarini (keyingi oʻrinlarda – Markazlar) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Do'stlaringiz bilan baham: |