Yoritgichlarning ko`rinma holatlari. Yulduz turkumlari
Kuzatuvchi Yer sirtining qaysi nuqtasidan turib qaramasin, yoritkichlar go`yo (Quyosh, Oy, sayyoralar va yulduzlar) undan bir xil masofada, ma’lum sferaning ichki qismidan joy olgandek tuyuladi. Odatda bunday sfera osmon deb yuritiladi. Bulutsiz tunda osmonda yulduzlar bilan birga biz Oyni, planetalarni, ayrim tumanliklarni va ba’zan kometalarni ko`ramiz.
Garchi bir qarashda, yulduzlarning son-sanog`i yo`qdek tuyulsada, aslida "qurollanmagan" ko`z bilan qaralganda, ularning soni, osmonning ma’lum yarim sferasida uch mingdan ortmaydi.
Yulduzlarning o`zaro joylashishi juda sekinlik bilan o`zgarib, maxsus o`lchashlarsiz, oddiy kuzatishlar asosida bunday o`zgarishlarni bir necha o`n, hatto yuz yillardan keyin ham sezib bo`lmaydi. Bunday hol Yer sirtida yulduzlarga qarab oriyentir olish uchun juda qo`l keladi va shu boisdan, juda qadim zamonlardayoq sayyohlar "yulduz kompas"lardan keng foydalanganlar.
Qadimgi Sharqda oriyentir olish uchun osmonning yorug` yulduzlari alohida to`dalarga ajratilib, ularga yulduz turkumlari deb nom berilgan. Yulduz turkumlari, hayvonlar (Katta Ayiq, Oqqush, Arslon, Ajdaho, Kit va hokazo), grek afsonalarining qahramonlari (Kassiopeya, Andromeda, Pegas va boshqalar) va ba’zan, ularning yorug` yulduzlari birgalikda qaralganda eslatadigan geometrik shakl yoki predmetlarning (Uchburchak, Tarozi) nomlari bilan yuritiladi.
XVII asrda, har bir yulduz turkumiga kiruvchi bir necha yorug` yulduzlar grek alfavitining xarflari (, , , , va hokazo) bilan belgilandi. Shuningdek 130 ga yaqin yorug` yulduzga xususiy nom berildi. Jumladan Katta Itning si – Sirius, Aravakashning si – Kapella, Liraning -si –Vega, Orionning i – Betelgeyze, Perseyning si – Algol va hokazo nomlar bilan yuritila boshladilar. Keyinchalik xiraroq yulduzlarni tartib nomeri bilan belgilash qabul qilindi va u, hozirgi paytda, asosan xira yulduzlar uchungina ishlatiladi.
1922 yilda yulduz turkumlarini chegaralovchi egri chiziqlar, to`g`ri chiziqlar bilan almashtirilib, ayrim katta maydonli yulduz turkumlari bir necha yulduz turkumlariga ajratildi. Hozirgi kunda osmon sferasi 88 uchastkaga, ya’ni yulduz turkumiga bo`lingan.
Ma’lum yulduz turkumiga kiruvchi bir necha yorug` yulduzlar shu turkumiga (yoki ba’zan, qo`shni yulduz turkumiga) kiruvchi xira yulduzlarni topishda yaxshi oriyentir bo`lib xizmat qiladi.
Osmonda ma’lum yulduz turkumini yoki yulduzni topish uchun, dastlab, yulduz xaritalari va atlaslari bilan yaxshi tanishmoq va so`ngra ko`p marta mashq qilmoq zarur bo`ladi. Ayniqsa osmonning surilma xaritasidan foydalanishni o`rgangan kishi uchun, osmonda ma’lum yulduz yoki yulduz turkumini topish ortiqcha qiyinchilik tug`dirmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |