Er ko’chishi – surilma.
Respublikamizning tog’li, tog’ oldi daryo bo’ylari zonalarida yashaydigan aholi va xalq xo’jalik ob’ektlariga katta xavf tug’diradigan tabiiy ofatlardan biri er ko’chishi – surilmadir.
Er ko’chishi – er yuzasi bo’lagining yonbag’ir bo’yicha gravitatsion kuch ta’sirida surilishi yoki siljishidir.
Er surilishi (ko’chki) – tog’ jinsi qatlamlarining qiya sath bo’ylab o’z og’irligi, gidrodinamik, gidrostatik, seysmik kuchlar, texnogen va tabiiy-texnogen jarayonlar ta’sirida pastlik tomon surilishidir.
Er ko’chkilarining asosiy sababi gidrometeriologik sharoit bilan bog’liqdir. Shuning uchun bu jarayon mavsumiy xususiyatga ega, ya’ni atmosfera yog’inlari qanchalik ko’p bo’lsa, shunchalik er ko’chishi xavfi yuqori bo’ladi.
Er surilishi ofati mineral resurslarni ochiq yoki yopiq usullarda qazib olish jarayonida sodir bo’ladigan turli xildagi texnogen va tabiiy-texnogen jarayonlar natijasida ham kuzatiladi. Qazilmani yopiq usulda qazib olish jarayonida esa er yuzasining cho’kishi, yoriqlar hosil bo’lishi va surilmalarning shakllanishi kuzatiladi.
Foydali qazilmalarning ochiq usulda hosil bo’ladigan surilmalari 2 xil bo’ladi:
1) Foydali qazilmani qazib olish jarayonida tog’ yonbag’irlarida hosil
bo’ladigan surilmalar. Bunday surilmalarga qazib olish jarayonining murakkablashishi, qiya sathning qiyaligi. suvli qatlamlar, tiktonik
yoriqlar va boshqa ko’rsatkichlar ta’sir qiladi.
Karer devorlaridagi surilmalar. Bunday surilmalarning ko’chishi
qazish jarayonining to’xtab qolishiga olib kelib, iqtisodiyotga katta zarar etkazadi.
Er ko’chishi yonbag’irning qiyaligiga, tog’ jinsi tarkibiga, atmosfera yog’inlari miqdoriga bog’liq holda rivojlanadi. Yonbag’ir qiyaligi qanchalik katta bo’lsa, ko’chkining tezligi shunchalik katta bo’ladi.
Er ko’chishi aholi turmush tarziga xavf solishi, ayniqsa qishloq xo’jalik iste’molida bo’lgan maydonlarga katta zarar etkazishi oqibatida ko’pgina iqtisodiy talofatlarni yuzaga keltiradi.
Er surilishi oqibatida inshootlar, yo’llar bir necha yuz metrga va hatto kilometrga surib tashlanadi. Katta-katta ekin maydonlari foydalanishga butunlay yaroqsiz holga keladi. Butun qishloqlar, shaharlar vayronaga aylanadi. Minglab kishilar boshpanasiz qoladi va halokatga uchraydi. Shuning uchun er surilishi ofatining vujudga kelish qonuniyatlarini, ularning dinamikasini o’rganish katta ahamiyatga ega. Chunki er surilish hududlarida, qurilish ishlarini olib borishda, iqtisodiyot ob’ektlarini va insonlar hayotini saqlab qolishda ular muhim omillar hisoblanadi.
Er surilishining yuzaga kelishiga quyidagi omillar sabab bo’ladi:
tog’ yonbag’ri etaklari tabiiy holatining oqar suvlar, suv omborlari ta’sirida buzilishi, hamda rejasiz olib borilgan qurilish ishlari;
qiya sathlarda tarqalgan tog’ jinslarining xossa va xususiyatlari, mustahkamlik darajasining o’zgarishi, sug’orish ishlari, qor-yomg’ir suvlari ta’sirida namligining oshishi;
tog’ jinslariga er osti suvlari (gidrodinamik) va er ustki suvlari (gidrostatik) bosimining ta’siri;
tog’ jinsining zichligini va mustahkamligining burg’ilash hamda kavlash ishlari natijasida buzilishi;
tiktonik seysmik kuchlar ta’siri.
Do'stlaringiz bilan baham: |