Temuriylar sulolasi davri. O‘zbek davlatchilik tarixida Temuriylar davri faqat o‘zbek xalqi madaniyatigagina emas ilm-fan va falsafiy fikr tarixida ham butun Markaziy Osiyo uyg‘onish davriga asos solgan taraqqiyot davri bo‘ldi. Temur va temuriylar davrida uyg‘onish davrining ikkinchi bosqichi boshlandi. Bu ilm-fan va madaniyatning gullab-yashnagan bosqichi bo‘ldi. Amir Temur 1336 yil 9 aprelda Kesh, hozirgi (Shahrisabz) viloyatining Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi amir Muhammad Tarag‘ay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamoyu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi bo‘lgan.
Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo‘lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o‘zlashtirganini ta’kidlaydi.
Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytda, Movarounnahr mo‘g‘ullar istibdodi ostida bo‘lib, Chingizxon va Botuxon bosib o‘tgan shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan, Chingizxon Movarounnahrni o‘zining ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoyxonga suyurg‘ol sifatida in’om qilgan edi.
Amir Temurning hayoti va faoliyatida ikki davr yaqqol ko‘zga tashlanadi. Birinchi davri (1360-1385) Movarounnahrni mo‘g‘ul xonligidan ozod qilib, yagona markazlashgan davlat tuzish, o‘zaro urushlarga barham berish. Ikkinchi davri (1386-1405) esa ikki yillik, uch yillik, besh yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan xarakterlanadi.
1360-yillardan boshlab Amir Temur Movarounnahrdagi ichki nizo, urushlarda ishtirok eta boshladi va Mo‘g‘uliston hukmdori Tug‘luq Temurxon, uning o‘g‘li Ilyosxo‘jaga qarshi kurashlardan so‘ng, Amir Husayn ustidan g‘alaba qozongach, 1370 yilda Movarounnahr taxtining haqiqiy sohibi bo‘ldi va Samarqandni hokimiyat poytaxti etib belgiladi.
Amir Temur taxtga o‘tirgach, Chig‘atoy ulusining barcha erlariga o‘zini voris deb bildi va Sirdaryoning quyi havzasidagi yerlarni, Toshkent viloyatini, Farg‘ona vodiysini, Xorazmni o‘z hukmronligi ostiga kiritdi. Natijada, Movarounnahr va Xurosonda yirik markazlashgan davlat vujudga keldi. Sohibqiron so‘nggi yillarda Eron, Iroq, Zakavkaze mamlakatlari, Hindiston, Oltin O‘rda va Turkiya bilan bo‘lgan janglarda g‘olib chiqib, saltanat hududini Sharqda Xitoy devoriga qadar, G‘arbda — O‘rta Yer dengiziga, janubda esa Hindiston chegaralariga qadar kengaytirdi.
Temur faoliyatida muayyan siyosiy yo‘l — mayda feodal hukmronligini tugatish, muhim xalqaro karvon yo‘llarida ustunlik qilib turgan Oltin O‘rda, Eron va boshqa mamlakatlarning raqobatini yengib, Movarounnahrning siyosiy-iqtisodiy quvvatini ta’minlay oladigan markazlashgan davlat tashkil yetish edi. Amir Temur avvalambor mamlakatda davlat tizimini mustahkamlash, boshqarishdagi tartib-intizom, qonunchilikni kuchaytirish, savdo-sotiq, hunarmandchilikni kengaytirishga imkoniyat yaratish, soliqlarni tartibga solish, mamlakat himoyasini ta’minlash yo‘lida qo‘shinning qudratini oshirish kabilarga katta e’tibor berdi.
Temur tarixchilar tasviricha, O‘rta asrning atoqli davlat va harbiy arboblaridan bo‘lib, Yevropa olimlari o‘z asarlarida uning salbiy tomonlari bilan birga muhim fazilatlarini ham ta’kidlab o‘tganlar. Nemis olimi F. Shlosser o‘zining «Jahon tarixi» (III-tom) asarida: «Baxtiyor jangchi, jahongir, uzoq Sharqda qonunshunos bo‘lish bilan birga o‘zida, Osiyoda kam uchraydigan taktik va strategik bilimlarni ifodaladi», deb yozsa, atoqli nemis olimi va tarixshunosi M.Veber: «Temur o‘z dushmanlariga nisbatan juda berahm edi, lekin sarkardalik, davlatni boshqarish va qonunchilik sohasida buyuk talantga ega edi», deb ta’riflaydi. Shuningdek, «Tuzuki Timur» — «Temur tuzuklari»da ham Temurning jamiyatga, ijtimoiy-siyosiy hayotga qarashi, birlashgan qudratli feodal davlatning siyosiy va axloqiy qoidalari haqida gap boradi.
«Temur tuzuklari»da davlat tizimi, davlatdagi turli lavozimlarning vazifasi, undagi turli toifalar va ularga munosabat, davlatni boshqarishga asos bo‘lgan qoidalar, qo‘shinlarning tuzilishi, tartibi, uni boshqarish, ta’minlash, rag‘batlantirish, qo‘shin turlarining tutgan o‘rni va o‘zaro munosabati kabi masalalar bayon etiladi. Davlat ishlarini har doim islom va shariat hukmlari asosida olib borilganligi bir necha bor ta’kidlanadi. Amir Temur «Temur Tuzuklari» eng noyob ma’naviy merosdir. U o‘rta asr Sharqining barcha qonun qoidalari bitilgan ma’naviy, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy asardir. Temur bu asarda o‘z merosxo‘rlariga bir butun saltanat bilan birga uni saqlab qolishning yo‘llarini ham yozib qoldirgan. Ushbu kitob mohiyatida qanday qilib adolatli, farovon davlat qurish yo‘llari, uning siyosiy, huquqiy, iqtisodiy asoslari bayon etilgan: «Adolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi etdim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm-shafqat bilan, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlarning ko‘nglidan joy oldim»1 - deyiladi «Tuzuk» larda.
«Temur tuzuklari» dan ma’lum bo‘ladiki Amir Temur markazlashgan davlatida qonun-qoidalar asosida o‘z-o‘zini boshqaruvchi tizim tashkil etishga harakat qilgan: «Saltanatim martabasini qonun-qoidalar asosida shunday saqladimki, saltanatim ishlariga aralashib, ziyon etkazishga hech bir kimsaning qurbi etmas edi»2.
Amir Temur davlatda adolat tamoyillarining ustun bo‘lishida har ishdan ogohlik va ichki tartibga hushyor munosabatda bo‘lish katta rol o‘ynashini yaxshi tushungan, uning yozishicha:-«Turli mamlakatlardagi sadrlar va qoziylarga shariatning asosiy talablari qanday bajarilayotganligi xususida menga xabar qilib turishni buyurdim. Shunga o‘xshash har el va har shaharda sipoh va raiyat orasida urf-odatlarga oid janjalli ishlar haqida menga ma’lumot berib tursin deb adolat amirini tayinladim»3.
«Qiziq, bu tasodifmi yoki qonuniymi – bilmadim, «Temur tuzuklari» ham, O‘rta Osiyo zaminida yaratilgan ko‘pgina ajoyib asarlar singari avval o‘zga yurtlarda, xususan Yevropada shuhrat topdi», - deb yozadi Bo‘rivoy Ahmedov4. Bunga sabab tabiiyki, asarda davlat tuzumi va boshqarilishiga oid ma’lumotlarning mukammalligida edi.
«Barcha ishlarda,— degan edi Amir Temur,— bu ishlar qaysi o‘lka xalqiga taalluqli bo‘lmasin, hokimlarning adolat tomonida qattiq turishlariga buyruq berilgan. qashshoqlikni tugatish maqsadida boshpanalar tashkil qildimki, kam-bag‘allar ulardan nafaqa olib turardilar». Bundan tashqari, Temurning soliqlar haqidagi qoidasi juda muhim ahamiyatga egadir. Temur yozadi: «Soliqdar yig‘ishda xalqni og‘ir ahvolga solishdan yoki o‘lkani qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lish zarur. Negaki, xalqni xonavayron kilish davlat xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi, xazinaning bequvvatligi harbiy kuchlarning tarqoqlanishiga, bu esa, o‘z navbatida hokimiyatning kuchsizlanishiga sabab bo‘ladi...»
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Movarounnahrda mo‘g‘ullarning qariyb 140 yillik hukmronlik davrida bironta ham ko‘zga ko‘rinarli qurilish yoki suv inshootlari vujudga kelmagan. Amir Temurning tashabbusi bilan 1365 yilda Qarshi, 1370 yilda Samarqand, 1380 yilda esa Keshning atrofi qaytadan mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Shuningdek, xalq farovonligiyu, mamlakat obodonchiligi yo‘lida suv omborlari, to‘g‘onlar qurishga, ariqlar qazishga, yangi yerlarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor berilgan. Mamlakatning iqtisodiy ahvolini ko‘tarishda savdoning ahamiyati beqiyos ekanligini tushungan hukmdor bozorlar, rastalar va timlar, turli-tuman ustaxonalar barpo etib, xalq hunarmandchilik san’atini taraqqiy ettirgan.Sobiq sovetlar mafkurasi, proletar dunyoqarashi hukmronlik qilgan sharoitda Temur faoliyatiga nisbatan salbiy munosabatda bo‘lindi, o‘sha davr adabiyotlarida har doim qoralanib kelindi. Lekin mafkuraviy to‘siq, taqiqlashlarga qaramay Temur haqida o‘zbek olimlari ob’ektiv fikrlarni bildirdilar. 1968 yili akademik I.M.Mo‘minovning «Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli» risolasining nashr etilishi muhim voqea bo‘ldi. Risola Temur shaxsiga biryoqlamali qarashlarga qarshi yozilgan ilmiy asar sifatidagi dastlabki urinish edi. O‘zbekistonning mustaqillikka erishuvi, eski mafkura siquvidan qutulish, tariximizga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish imkonini yaratdi. So‘nggi yillarda Amir Temur va uning davrini o‘rganishga bag‘ishlangan qator manbalar, kitoblar, jumladan, Bo‘riboy Axmedovning Amir Temur haqidagi katta roman-xronikasi nashr etildi. O‘zbekistan Prezidentining farmoni bilan 1996 yil — Amir Temur yili deb e’lon etilishi va bu sana jahon miqyosida nishonlanishi Amir Temur nomi oqlanib, o‘zbek xalqiga butunlay qaytganiga yorqin dalildir.
Do'stlaringiz bilan baham: |