Mas’ul muharrir: Falsafa fanlari doktori, professor Sh.O.Madaeva
Taqrizchilar: Falsafa fanlari doktori, professor I.S. Saifnazarov
Falsafa fanlari doktori, professor G.T. Mahmudova
KIRISH
Mamlakatimizning ijtimoiy - siyosiy, madaniy va iqtisodiy hayotida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar respublikamiz olimlari, faylasuflari va o‘qituvchi-ziyolilari oldiga Vatanimiz bunyodkorligi va taraqqiyoti yo‘lida hal qiluvchi hissa qo‘shishi lozim bo‘lgan yosh kadrlarni tarbiyalash, dunyoqarashini zamonaviy ilm-fan bilan qurollantirish, yurt istiqboli uchun o‘z sohasining malakali mutaxassisi bo‘lib etishishini ta’minlab berishdek mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda. Insoniyat tarixining ko‘hna qadriyati, ilm-fan tizimining uslubiy asosi, inson ruhiy-ma’naviy, intellektual borlig‘ining noyob sarchashmasi bo‘lgan falsafa fani ushbu murakkab tarixiy jarayonda yosh avlodning hayotiy maqsad va kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishda dastur ul-amal bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zining uch ming yillik tarixi bilan falsafa fani olam va odam, jamiyat va inson, borliq va bilish muammo hamda munosabatlari qonuniyatlarini talabalarimiz bilim, ko‘nikmalari orqali real hayotga yo‘naltiradi. Katta hayot yo‘lidagi murakkab vaziyatlarda falsafa fani bilim va ko‘nikmalari masalaning echimini izlash, hodisalardan mazmun va ma’no qidirish, kelajak uchun kuch va ichki quvvat topishga yo‘l ko‘rsatadi. Qolaversa falsafa demokratik jamiyatning ma’naviy hayotini, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy, axloqiy, huquqiy va boshqa sohalari taraqqiyotini belgilovchi muhim omil sifatida taraqqiyotning metodologik strategiyasi vazifasini bajaradi.
Sohaning rivoji uchun falsafiy dunyoqarash asoslarini puxta egallash, olam va inson mohiyatini falsafiy bilish, borliq va bilishning eng umumiy tamoyillarini o‘zlashtirish talab etiladi. Falsafiy tafakkur va dunyoqarash buyuk ilmiy kashfiyotlar uchun keng yo‘l ochar ekan, ilm-fan, san’at, siyosat tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk olim va daholarning barchasi falsafiy fikrlash malakasi va madaniyatiga ega bo‘lganliklari uchun katta yutuqlarga erishganlar. Ularning barchasi o‘zlarining ilmiy, axloqiy, siyosiy, huquqiy, badiiy-estetik g‘oyalari bilan falsafiy tafakkur rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar. Ilm-fan, tafakkur tarixi va falsafa hamisha bir-birini qo‘llab-quvvatlagan. Fan – hozirgi zamonda alohida kasb, ishlab chiqarish, soha mutaxasisligini o‘zida namoyon qilsa, falsafa fani bir vaqtning o‘zida dunyoqarash, metodologiya va mafkuraviy immunitet sifatida soha egasining shuuriy olamining o‘zagini tashkil etishi zarur.
Faylasuf olimlar muallifligi jamoasi tomonidan tayyorlangan ushbu o‘quv qo‘llanmani respublikamiz oliy o‘quv yurtlariga falsafa fanidan o‘quv qo‘llanma sifatida taqdim etar ekanmiz kelajakda yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, ishlab chiqarish va boshqa jabhalariga soha egalari sifatida boradigan yoshlarimizni kelajak uchun asqotadigan falsafiy bilim ko‘nikmalari bilan tarbiyalash, ularda kreativ fikrlash, keng dunyoqarash va ongu tafakkurning potensial imkoniyatlarini kashf etish xususiyatlarini shakllantirish asosiy maqsadimizdir. Zero, yurt istiqbolini belgilashga mas’ul bo‘lgan ziyolilar, turli kasb egalarining jamiyatga mas’uliyati, hayotiy prinsiplari falsafiy qadriyatlar-insonparvarlik, yaratuvchanlik, adolat, haqiqat ustunlariga bog‘liq bo‘lsagina, yangi tipdagi shaxsni shakllantirish va kamol toptirish masalasi hal etilishi mumkin. Kasbga sadoqat vatanparvarlik, gumanizm, yaratuvchanlik va demokratik tamoyillar bilan ongu shuurdagi tafakkur tarzida uyg‘unlashsagina o‘zining kutilgan natijasini bera oladi.
Ushbu qo‘llanmani tayyorlashda ilmiy guruh masalaga ijodiy yondoshishga, falsafiy fan tarmog‘i va har bir mavzuga mutaxassis tajribasidan kelib yachiqqan holda jiddiy yondoshishga harakat qildi. Jumladan, qo‘llanmaning “Kirish” qismi va SHarq falsafasiga tegishli 2-mavzu f.f.d., prof. SH.O.Madaeva tomonidan yaratildi, G‘arb falsafasiga tegishli 3-mavzu f.f.d., prof. SH.O.Madaeva va yosh tadqiqotchi olim X.I.Toshov tomonidan hammuallifdikda yozilgan. 1- va 4-, 8- mavzular f.f.d., prof. N.A SHermuxamedova tomonidan tayyorlangan. 6-mavzu f.f.d., prof. SH.O.Madaeva va f.f.n., dots Qodirqul Ro‘zmatzoda hammuallifligida yaratilgan. Bilish nazariyasiga tegishli 5-mavzu f.f.n., dots. X.P.To‘xtaev tomonidan yozilgan. 7-mavzu f.f.n., dots D.A.Po‘latova muallifligida yozilgan. Global muammolarning falsafiy masalalari f.f.n., dotsentlar M.I.YOqubova va D.M.Bozorov ilmiy hamkorligida tayyorlangan. Mantiq sohasiga tegishli paragraflar mantiqshunos olimlar f.f.n, dotsentlar M.SH.SHaripov, D.E.Fayzixo‘jaevalar tomonidan yozilgan. Falsafaning etikaga tegishli qismi f.f.n., dots. L.A.Muxamadjonovna muallifligida yaratildi. Estetika qismi esa f.f.d., prof. M.A.Nurmatova, f.f.n., dots. B.E.Xusanov hammuallifligida taqdim etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |