Ixtiyor erkinligi va axloqiy tanlov. Olamdagi barcha jonzotlardan faqat insongagina ixtiyor erkinligi berilgan, “nima uchun?” degan savol tug‘iladi, chunki, inson barcha jonzotlar ichidagi eng aqlli maxluqot hisoblanadi. Ixtiyor erkinligi oliy axloqiy qadriyat hisoblanadi. Erkinliksiz axloqiy harakatlar amalga oshirilmaydi, chunki, ular tanlash orqali u yoki bu harakatni amalga oshiradilar. Biroq, insonga berilgan erkinlik orqali u tanlash huquqiga ega bo‘lib, hohlasa ezgulik yoki yovuzlikni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Axloqiy fikrlashda ixtiyor erkinligi muammosiga nisbatan ikki xil fikr mavjud ular: 1. Fatalizm (lotincha fatalis so‘zidan olingan bo‘lib) unga ko‘ra dunyodagi hamma narsa aniq sabablar va oqibatlarga ega, shuning uchun, barcha harakatlarimiz oldindan xudo tomonidan belgilangan, YAni inson taqdiri oldindan belgilangan, degan fikrni ilgari surishadi. 2. Volyuntarizm (lotincha voluntas so‘zidan olingan bo‘lib) inson axloqiy qarorlar qabul qilishda mutlaqo erkin tarzda namoyon qilishi mumkinligi xaqida fikr bildiriladi. Falsafa qomusiy lug‘atida ham Fatalizm (lotincha fatalis so‘zidan olingan bo‘lib taqdirga oid, mashum) har bir hodisa va insonning barcha hatti harakatlarini taqdirga bog‘liq, deb qarovchi dunyoqarash. “Volyuntarizm esa (lotincha voluntas - iroda) olingan bo‘lib, falsafiy va psixologik oqim. Volyuntarizm irodani birlamchi, deb etirof qiladi.Uni mavjudotning bosh asosi, deb uqtiradi. Volyuntarizm atamasi – tarixiy jarayonlarning o‘ektiv qonuni bilan xisoblashmaydigan va amalga oshiruvchi shaxslarning subektiv hohishlari va erkin qarorlariga moslashuvchi ijtimoiy-siyosiy amaliyotni tavsiflash uchun ham ishlatiladi.”1 – deb tarif berilgan.
Ustoz Abdulla SHer ixtiyor erkinligiga shunday tarif beradilar: “Ixtiyor erkinligi eng avvalo ixtiyorning uch bosqichda voqe bo‘lishi bilan bog‘liq. Birinchi bosqich, ichidan faqat bittasini tanlab olish va harakatga aylantirish mumkin bo‘lgan alohida xohish-istaklarning tug‘ilishidan iborat. Ikkinchi bosqichda, mazkur hohishlarning o‘zaro bir-birini tutib turishi, teng holatga keltirishi yuz beradi va bu tanlov orqali bir qarorda to‘xtash imkonini yaratadi. Uchinchi bosqich, tanlangan hohishning o‘ziga mos jismoniy harakatga o‘tishi bilan belgilanadi.
Erkinlikka kelsak, shuni aytish kerakki, muayyan ixtiyorga berilgan erkinlik faqat tanlovning boshlanishida va tanlov jarayonidagina mavjud bo‘ladi. Tanlov jarayoni tugashi bilan, YAni ikki narsadan birini tanlaganingiz zahoti ixtiyoringiz uchun berilgan erkinlikning vakolati tugaydi: siz ixtiyor qilib bo‘ldingiz, bundan buyog‘iga erkin emassiz, endi tanlagan narsangizga mos harakatni boshlashingiz kerak. Demak, ixtiyor erkinligi tanlanayotgan ikki narsa oralig‘idagi fikrlash mobaynidagina voqe bo‘ladigan hodisadir.”1 Demak, inson hayoti davomida doimiy ravishda axloqiy tanlov muammosiga duch keladi va undagi axloqiy tarbiyagina to‘g‘ri tanlash imkoniyatini beradi.
Insonni halollikka, poklikka, vatanparvarlik va insonparvarlikka, to‘g‘rilikka, ezgulikka, qisqa qilib aytganda, yuksak axloqlilikka yo‘llash hozirgi kunda birinchi darajali ahamiyat kasb etadigan masalalardan biri bo‘lib qoldi. CHunki, mamlakatimizning mustaqil va barqaror rivojlanishi iymonli, e’tiqodli, manaviyati kuchli, yuksak axloqiy fazilatlarga ega, qalbida milliy masuliyat tuyg‘usi chuqur ildiz otgan zamonaviy manaviy barkamol insonlar qo‘lidadir. Sharqona odob-axloq va umumbashariy g‘oyalarni ongiga singdirib olgan kishi yuksak manaviyatli, YAni manaviy barkamol, komil inson hisoblanadi. Manaviy barkamollik insonning dunyoqarashi, e’tiqodi, ruhiyati, xulq-atvori normalari, axloq odobi bilan bevosita aloqadorligi bilan ajralib turadi. Manaviy barkamol kishilar xalq taqdiri va farovonligi, vatan taqdiri va uning ravnaqini o‘ylaydilar.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, shaxsning axloqiy sifatlari, Vatan va xalqqa sadoqati, mehnatga, insonlarga bo‘lgan munosabati, aql-zakovati va qadr-qimmati bilan o‘lchanadi. Manaviyat-axloqiy qadriyatlar, xususan umuminsoniy va milliy qadriyatlar tasirida o‘zgarib, rivojlanib, kamol topib boradi. O‘z navbatida yuksak manaviyat shaxsning axloqiy jihatdan kamol topishida muhim rol o‘ynaydi. Ijtimoiy hayotning bu ikki negizi doimo bir-biriga tasir etib, bir-birini to‘ldirib, taqozo etib boradi. Bu uzluksiz davom etadigan jarayondir.
Do'stlaringiz bilan baham: |