Tug‘ilgan kun. Bolalarning tug‘ilgan kunini oilada nishonlash kichkintoylarning o‘zi uchun ham katta bayram hisoblanadi. Bunday tantanaga bolaga uning yoshiga mos keladigan sovg‘alar, shirinliklar, o‘yinchoqlar berilishi sabab bo‘ladi. Tug‘ilgan kunga bolaning o‘rtoqlari taklif etiladi. Bolalar uchun alohida dasturxon yozilib, ular mehmon qilinadi. Shu asosda bolalarning mehmon kutish va mezbonlik malakalari shakllana boradi. Bolalarning tug‘ilgan kunlarini nishonlashda turli qiziqarli o‘yinlar tashkil qilish muhim tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Bu o‘yinlarning asosiy mazmuni bolalarda ziyraklik, nutq madaniyati kabi ijodiy fazilatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilishi lozim.
Qadimda kishilarning tug‘ilgan kunlarini nishonlash odati keng tarqalmagan. Ilgari ko‘p sharq xalqlarida, o‘zbeklarda ham “yil boshi” (navro‘z)da kishining umriga yosh qo‘shiladi deb hisoblangan. Shu sababli “Navro‘z” tabiatning yangilanish bayrami bo‘libgina qolmay, u barcha uchun “yosh oshdi” tantanasi hisoblangan. Hozirgi paytda tug‘ilgan kun bilan tabriklash oilada, do‘stlar davrasida, ish joylarida ham odat tusiga kirdi. Ko‘pgina muassasalarda yubileylarni nishonlash yaxshi an’ana bo‘lib qolmoqda. Tug‘ilgan kunni nishonlash o‘zbeklar uchun yangi odat. Ammo 12 yosh – muchal to‘yini, 63 yosh – “payg‘ambar yoshi”ni nishonlash an’anasi qadimdan mavjud.
Beshik to‘yi. Qadim zamonlardan har bir oilada o‘tkazib kelingani tufayli, bu marosim xalq madaniy hayotining ajralmas qismiga aylanib qolgan. Beshik to‘yi haqida ma’lumot berishdan oldin beshikni o‘ziga ta’rif bersak o‘rinli bo‘lardi. Beshik insoniyat tarixida yaratilgan buyuk kashfiyotlardan biridir. Beshik bolaning 2-3 yoshgacha ulg‘ayishi uchun juda foydalidir. U kichik, ixcham bo‘lgani uchun istalgan joyga ko‘chirib olib brish mumkin. Beshik go‘dakni ovutish, erkalash, uxlatish uchun o‘taqulay tuzilishga ega.
Beshik bolani tashqi ta’sirlardan himoya qiladi (sovuqdan, issiqdan, zaxdan). Beshik bolaning qo‘l-oyoq harakatlaridan bexos cho‘chimay, biror narsaga urilmay, yotgan joyida ag‘darilib ketmay, quruq, osoyishta uxlashiga imkon beradi.
Chaqaloq tug‘ilgandan keyingi muhim tadbirlardan biri – bolani beshikka solish marosimi va beshik to‘yidir. Toshkentda farzand tug‘ilganiga 7 yoki 9 kun to‘lganda bolani beshikka solish marosimi o‘tkaziladi. Go‘dakning chillasi chiqgach, qudalarning kelishuvi asosida beshik to‘yini o‘tkazish odat tusiga kirgan. Beshik to‘yidan oldin kelinning onasi o‘z nabirasi uchun sarpolar tayyorlaydi. Qarindosh-urug‘lar ham beshik to‘yida chaqaloqqa atab sovg‘alar keltirishadi.
Bolaning ilk tishi chiqishi ham oilada quvonchli voqeaga aylanadi. Bolaning ota-onasi, qarindoshlari buni katta xursandchilik bilan nishonlaganlar: bug‘doy qovurmoch tayyorlab, bolalarga tarqatishgan, kampirlarni chaqirishib guruchli taomlar bilan siylashgan.
O‘zbeklarda soch to‘yi bolanig sochini ilk bor olish ham ma’lum tartib asosida amalga oshirilgan. Bolaning sochini ilk bor buvisi yoki bobosi yaxshi niyatlar bildirib olganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |